“Qo‘ng‘izcha”ga qanot, rasmga “So‘z tuzish” kerak
“Qo‘ng‘izcha”ga qanot, rasmga “So‘z tuzish” kerak
Har qaysi inson ilk bor yozish, chizish, o‘qishni o‘qituvchidan o‘rganadi. Sergeli tumanidagi 301-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Muyassar Matyoqubovaning o‘quvchilari o‘quv yilining ilk kunlaridanoq savod chiqarish bilan birga qiziqarli didaktik o‘yinlardan bahra olishadi. Pedagog har bir darsga jiddiy tayyorgarlik ko‘radi, murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan mavzularni o‘tishda didaktik va qo‘shimcha tarqatma materiallardan, AKT va multimedia ilovalaridan unumli foydalanadi.
O‘qituvchi bu yil 1-sinfga kelgan jajji o‘g‘il-qizlarning qo‘lidan tutib, “Alifbe”ni o‘rgatyapti. O‘quvchilarga harflarni qo‘shib o‘qish, bo‘g‘in ajratish, unli va undoshlarni anglatish uchun bir necha tarqatma kartochkalar tayyorlagan. Bu sa’y-harakatlar natijasida “So‘z tuzish” usuli yaratilib, kichik yoshdagi bolajonlarning bilimi oshiriladi. Masalan, mavzuga oid bo‘g‘inlar tarqatmasini sinfdagi doskaga yopishtirib, bolalardan o‘z o‘rniga qo‘yishlari talab etiladi. Gohida doskaga o‘tilayotgan harflar bilan nomi talaffuz etiladigan buyum va hayvonlar rasmi yopishtirib qo‘yiladi. Bu nomlarning “Alifbe”da berilishi ham kartochka sifatida ilib qo‘yilib, o‘quvchilar so‘zlarda nechta harf va bo‘g‘in borligini aniqlashadi. Yoki bolalar o‘rgangan so‘zning rasm shakli ko‘rsatilib, uni to‘g‘ri yozish va o‘qish talab etiladi. Olaylik, “daraxt” suratini ko‘rgan bola darsda o‘tilayotgan “Dd” harfini yozadi va so‘zni davom ettiradi. Bu usullar bolajonlarning nutqini rivojlantirib, o‘qish tezligini oshiradi. Qolaversa, pedagogning fasllar ketma-ketligini aks ettirishga qaratilgan tarqatma materiallari ham 1-sinf o‘quvilari uchun juda qiziqarli bo‘ladi.
“Qo‘ng‘izcha” usulida esa o‘qituvchi tomonidan maxsus yasalgan qo‘ng‘iz shaklidagi kartonning bir qismida qanot olib tashlangan bo‘ladi. Ikkinchi qanotda bo‘sh katak shakli bor. Bunda bir qanotda yozilgan songa nechani qo‘shsa, darsda o‘tilayotgan raqam kelib chiqadi. Ya’ni, bir qanotda 5 soni yozilgan bo‘lsa, 10 hosil qilish uchun qaysi sonni qo‘shish kerak?
Mehnat inson qadrini belgilaydi, degan hayotiy iborani o‘z shioriga aylantirgan pedagog o‘ttiz yildirki ta’lim sohasida faoliyat yuritadi. Mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida Muyassar Matyoqubova tashakkurnoma hamda O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shoira BOYMURODOVA,
“Ma’rifat” muxbiri