“Quruq yod olish o‘quvchiga hech narsa bermaydi!”
Siz nima deysiz?
“Quruq yod olish o‘quvchiga hech narsa bermaydi!”
Pedagogika tarixiga nazar tashlasak, o‘tmishda o‘qitishning bir necha didaktik tizimlari ishlab chiqilib, amaliyotga tadbiq etilgan. Bu tizimlar o‘z davrlarida jamiyat uchun ma‘lum vaqt xizmat qilgan va samarasini bergan, lekin jamiyatning rivojlanib borishi, ijtimoiy faoliyat turlarining kengayishi bilan talablar ortib borgan sari didaktik tizimlarga o‘zgartirishlar kiritibgina qolmasdan, yangi didaktik tizimlar ishlab chiqilgan. Bulardan eng asosiy va mashhur 3 ta didaktik tizimni ko‘rib chiqishimiz mumkin.
Chex pedagog va faylasufi Yan Amos Komenskiy ning didaktik tizimi o‘ta gumanistik bo‘lib, bilim berish va bilim olish jarayonini boshqarish o‘qituvchilar tomonidan amalga oshiriladi deyilgani bilan, bilim olish to‘la talabalar ixtiyorida bo‘lishi kerak deb hisoblangan, ya’ni talaba bilim olishni istasagina unga bilim berish lozim deb hisoblangan. Shuning uchun Kamenskiy didaktik tizimida o‘qituvchi bilimni berib, o‘quvchi uni eslab qolishining o‘zi kifoya deyilgan.
Nemis psixolog va pedagogi Iogann Fridrix Gerbartning fikri bo‘yicha maktabning asosiy vazifasi, o‘quvchilarni aqliy rivojlantirish, ya‘ni ularga bilim berishdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Ahloqiy tarbiyaning barcha masalalarini oilada hal qilish kerak deb hisoblaydi, shu bois ta‘lim berishning asosiy maqsadi o‘quvchilarga tayyor bilimlarni berish, o‘quvchilar esa bu bilimlarni yod olishlari bilan belgilangan.
I.Gerbart didaktik tizimining yana bir tomoni – ta‘lim berish nisbatan qattiqqo‘llik (avtokrat)ka asoslanganligi uchun AQSH va Yevropa mamlakatlarida bu didaktik tizim keng qo‘llanilgan.
Amerikalik faylasuf, psixolog va pedagog Jon Dyui XX asr boshlarida Iogann Gerbartning didaktik tizimiga qarshi bo‘lgan. U o‘zning didaktik tizimini taklif qilib chiqdi. Bu didaktik tizimda darsda o‘qituvchi emas, o‘quvchi faol bo‘lmog‘i lozim deyiladi. Unda darsda beriladigan bilimlar talabalar ehtiyojiga mos va ularning xohishidan kelib chiqishi kerak deb hisoblanadi. Jon Dyui kitobdagi bilimlarni quruq yod olish o‘quvchiga hech narsa bermaydi, aksincha ularni o‘qishdan sovutib, taffakurini zanglatadi deydi. Jon Dyui ta‘lim-tarbiya jarayoniga aql yuritish va tafakkurni rivojlantirish usullarini olib kirgan.
Bu didaktik tizimlarning ijobiy tomonlari bilan birga, salbiy tomonlari ham mavjud, shuning uchun amerikalik bir qator pedagog olimlar tomonidan, avval ishlab chiqilgan didaktik tizimlarning ijobiy tomonlarini birlashtiruvchi didaktik tizim yaratildi va uni yangi didaktik tizim deb nomlashdi.
Zamon bilan hamnafaslikda didaktik tizimlar va o‘qitish metodlari har doim takomillashib borgan va yangi uslublarni taqozo qilgan. Bular natijasida pedagogik texnologiyalar ishlab chiqiladi va ta‘limda joriy qilinadi. Ammo aslini olganda yuqorida ko‘rib chiqqanimiz har uchala pedagogning nazariyasi ham bizning ta’lim jarayonlarimizga o‘z o‘rnida kerak. Ayniqsa, hozirgi davr o‘quvchi-talabasiga har bir fandan bir xilda “a’lochi” bo‘lish unchalik foyda bermayapti. Demak, Komenskiy ta’kidlaganidek, o‘quvchi oladigan bilimiga nisbatan istak bildirayotganiga e’tibor qaratishimiz zarur. Maktab davridanoq o‘quvchilarning iste’dodini aniqlab, shu yo‘nalishdagi fanlarga ixtisoslashtirish bugungi kun talabidir. Ana shunda o‘quvchi o‘zi istagan narsasini qiziqish bilan o‘rganadi.
Maktablarimizda Milliy o‘quv dasturi asosida yangi darsliklar kirib kelayotgani ham kishini quvontiradi. Bu asosida ta’lim tizimi zamonga mos tarzda yangilanmoqda. Jumladan, maktablarda shu vaqtga qadar boshlang‘ich sinf o‘quvchilaridan tez o‘qish ko‘nikmasi talab qilinardi. Bu o‘qituvchining vaqtini, o‘quvchining quvvatini oladi, tan olish kerakki, aksariyat o‘quvchilar tez o‘qishga harakat qilishi ortida so‘zlarning to‘g‘ri talaffuziga, o‘qiyotgan matninig mazmun-mohiyatiga e’tibor qaratmas, daqiqaga qarab eng ko‘p so‘z o‘qishga oshiqardi. Yangi Milliy o‘quv dasturida bu narsa olib tashlandi. Endi o‘quvchining tez o‘qishi emas, tushunib o‘qishi, o‘qigan matni asosida fikr yurita olishi muhim deb topildi va bu juda oqilona qaror bo‘ldi deb o‘ylayman.
Bu yo‘nalishda hali qilinajak ishlar ko‘p. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, didaktik usullar jamiyat, zamon talablariga qarab o‘zgarib, takomillashtirib borilar ekan ta’limdagi har bir yangilikka jiddiy e’tibor va mas’liyat bilan qarash biz pedagoglar zimmasidadir.
Dilso‘z ZOYIROVA,
Toshkent davlat yuridik universitetining
“Xorijiy tillar” kafedrasi katta o‘qituvchisi