Rag‘bat bo‘lmasa ta’lim sifati oshadimi?
2023-yil — Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili
O‘qituvchiga rag‘bat bo‘lmasa ta’lim sifati oshadimi?
Ayrim paytlarda hozirgi zamon bolalari bilimsiz bo‘lib qolayotganida, ta’lim-tarbiya sifati sustligida maktabdagi o‘qituvchini osongina aybdorga chiqarib qo‘yamiz. Aslida minbarlarda takror va takror ta’kidlanayotgan muallim obro‘sini yuksaltirish uchun uning qadr-qimmatini joyiga qo‘yish haqidagi so‘zlar amalda o‘z aksini topayaptimi? Tinimsiz zahmat va ko‘z nuri ila o‘quvchilarga qalb-qo‘rini ochgan fidoyi ta’lim xodimlari hamma vaqt ham o‘z mehnatiga yarasha rag‘batga loyiq ko‘rilayaptimi? Yoxud yosh qiziqchilar jamoasi kulgiga olganidek “unga moshina, bunga uy, o‘qituvchiga faxriy yorliq” beriladimi?
Bundan ikki yil muqaddam yurtboshimizning Buxoroga tashrifi chog‘ida joylarda ta’lim sifatini oshirishga e’tibor qaratish hamda lokomotiv maktablarni ko‘paytirish haqida so‘z borgandi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning buxorolik bir guruh mutasaddilar va xalq ta’limi xodimlari bilan uchrashuvi chog‘ida Buxorodagi mashhur Qorako‘l xalqaro matematika maktabining filiallarini boshqa hududlarda ham ochish taklifi ilgari surilgandi. Eng asosiysi, o‘z uy-joyi va ona qishlog‘idan voz kechib yashash joyini o‘zgartirib ishlaydigan o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlash haqida vazifalar belgilangan. Shundan so‘ng ko‘pgina o‘qituvchilar qatori buxorolik o‘qituvchi Shohruh Karimov ham Ohangarondagi yangi tashkil etilgan maktabda faoliyat yuritish uchun manzilini o‘zgartirdi. Uning maqsadi o‘z bilimini mamlakatimizdagi yoshlarga ulashish orqali Vatanimiz sha’nini jahon ilm-fan sahnalarida yuksakka ko‘tarish bo‘ldi. Unga fizika-matematika hamda kimyo fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning bilim-saviyasi oshirish vazifasi yuklandi.
Yutuqlar bisyor, ammo...
Pedagog Karimov ish boshlashi bilanoq o‘quvchilarni aniq fanlarga qiziqtirishga erishdi va qator yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Jumladan, 2022-yildagi eng katta yutug‘i uning sinf rahbarligidagi o‘quvchilarning 99 foizi oliy ta’limga qamrab olindi. Ya’ni 19 nafardan 18 nafari oliy ta’lim muassasalariga qabul qilindi, ulardan 4 nafari IYeLTS sertifikatini qo‘lga kiritishdi, 4 nafari esa xalqaro universitetlarga o‘qishga kirdi. Shohruh Karimovning Ohangaron-Qorako‘l maktabida kimyo va biologiya fanlaridan o‘quvchilari katta yutuqlarga erishdi. O‘tgan yilning dekabr oyida o‘tkazilgan al-Xarozmiy xalqaro olimpiadasida biologiya fanidan 7-sinf o‘quvchisi Abbosov Sardor 1-o‘rinni, 8-sinf o‘quvchim Rustamova Mushtariy 2-o‘rinni, 8-sinf o‘quvchim Sanginov Abdurahmon 3-o‘rinni egalladi, kimyo fanidan 7-sinf o‘quvchim Sulaymonova Ominaxon 3-o‘rinni egallashdi. 2022-yil fan olimpiadasida 10-sinf o‘quvchilari Hoshimqulov Doston, Ergashova Sadoqat kimyo fanidan Ohangaron shahar olimpiadasida g‘olib bo‘lib, viloyat bosqichida ham faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi.
Ushbu muvaffaqiyatlar haqida yana uzoq gapirish mumkin. Boisi o‘qituvchi Shohruh Karimov sahar soat 5-00 da maktabga kelib, kechki 23-00 gacha qolib ishlagan paytlari bo‘ldi. Biz uning necha soat maktabda bo‘lganini emas, chekkan zahmati haqida ta’kidlamoqchimiz. Sir emas, Ohangaron tumani ta’lim reytingi bo‘yicha eng oxirgi o‘rinlarda joy olib kelgan. Mana shu ikki yil mobaynida Ohangaron-Qorako‘l maktabi o‘quvchilari nafaqat tumanni, balki viloyatni ham mamlakat miqyosida tanitib ulgurmoqda. Barchasi o‘qituvchining salohiyat va tajriba bilan boladagi iqtidorni yuzaga chiqarib berayotganida deyish mumkin, albatta. Shunga qaramay, o‘qituvchi mehnati rag‘bat topmasa, uni tuman yoki viloyat xalq ta’limi mutasaddilari tinglamasa nachora?!
“O‘quvchim yig‘lagach, shahardan yana qaytdim”
— Aslida bilimsiz o‘quvchi bo‘lmaydi. O‘quvchilarim xalqaro olimpiadalarga ham chiqib ulgurdi. Men ular bilan ishlab birma-bir g‘oliblik sari ketayotgani hamda oliy o‘quv yurtlariga o‘z ilmi bilan o‘qishga kirayotganini ko‘rib quvonaman. Mana shuning o‘zi rag‘batdir, biroq... Katta va’dalar berilganiga qaramay, mahalliychilik munosabatlariga duch kelganim ko‘nglimni cho‘ktiradi. Qorako‘l xalqaro maktabi Navoiy viloyatida ham ochilgandi va ishga taklif qilishgandi. U yerda pedagoglar uchun uy-joy va boshqa yashash sharoitlarida imtiyozlar mavjud. Ohangarondayam bu borada amaliy yordam bo‘lishi aytilgandi, lekin bajarilmadi. Yashash joyni ham o‘zimiz topib, keyinchalik mashinamni sotib uyli bo‘ldik. Yana bir masalada xalq ta’limi mas’ullaridan yordam so‘radim, lekin hech kim yordam bermadi. Ya’ni universitetni “qizil” diplom bilan tamomlagan ayolim ham o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Uning o‘z sohasida bilimi va intilishi yaxshi bo‘lishiga qaramay, ishga joylash muammo bo‘ldi. Va u o‘zini band qilish maqsadida ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘qishga kirdi.
Pedagog iki yil davomida o‘z halovatidan kechgani evaziga barcha xalq ta’limi xodimlari qatori 1-oktyabr sanasida 460 ming so‘m olganini aytdi. Ochig‘ini aytish kerak, mehnati evaziga haq yoki rag‘bat olmagan o‘qituvchi faqat Karimov emas. Bu yerdagi boshqa fan o‘qituvchilari, eng asosiysi, ingliz tili fani o‘qituvchisi ham mana shunday muhit sabab shaharga ketib ishlamoqda. Afsuslanarlisi, ingliz tili fanidan olimpiadalarga chiqayotgan o‘quvchilar soni keskin kamaydi. Maktabning o‘zi ko‘rimsiz besh qavatli binoda joylashgan va unda gigiyena-sanitar talablarga javob beradigan shart-sharoitning o‘zi yo‘q. Demak, bu maskanda birgina o‘qituvchi emas, o‘quvchi ham qadrlanmayotgan ko‘rinadi. Shu alfozda ta’lim sifati oshadimi, degan haqli savol qiynaydi kishini. Sh.Karimovning aytishicha, bu savollar bilan Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azamat Kamolovga ham necha martalab murojat qilganiga qaramy vaqt ajratilmagan. Bunday e’tiborsizlikdan qochib shaharga ishlagani ketgan muallim o‘quvchisining yig‘lagan ko‘zlariga qarab yana maktabga qaytdi. “Shularni ko‘zim qiymaydi, mehnatim singgan o‘g‘il-qizlar maktabni bitirib, oliy o‘quv yurtlariga kirib olsa, bu yerlardan ketish niyatim bor” deydi pedagog. Bunga sabalardan yana biri maktabda o‘qituvchiga turli bosimlar mavjud: o‘quvchilarga darsdan keyin qo‘shimcha to‘garak o‘tma, bu fandan tayyorlama...
“2023-yilda Farmasevtika universiteti tomonidan o‘tkazilayotgan “Yosh kimyogarlar” olimpiadasida ishtirok etmoqchimiz. Agar bizga shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilsa, xalqaro olimpiadalar, jumladan, Mendeleyev olimpiadasiga ham o‘quvchilarimizni bemalol olib chiqa olamiz”. O‘qituvchining bunday shijoatini yanada ko‘ratish, uni qo‘llab-quvvatlash lozim. Zero, avvallari o‘qituvchilarga suv, gaz, elektr, mol-mulk solig‘i kabi kommunal to‘lovlarning 50 foizi hamda yo‘l haqi uchun oylik chipta imtiyoz sifatida berilganini ko‘p eshitamiz. Motivasiya beruvchi imtiyozlar pedagoglarni ruhlantiradi, ularga havasi uyg‘ongan yoshlar ham ilmli muallim bo‘lishni orzu qilishadi. Ular uchun bepul tushlik yoki imtiyozli kredit evaziga mol-mulk ajratilsa, farzandlari uchun imkoniyatlar belgilansa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Шоира БОЙМУРОДОВА,
журналист