Rahbar jonkuyar bo‘lsa, yutuqlar ummonga aylanadi
“Ey o‘g‘il, qaysi fan bo‘lmasin, uni mukammal egallamaguningcha harakatni to‘xtatma, bir ilm ikkinchi ilmni egallashga yordam beradi”. Sheroziyning ushbu o‘giti 38 yillik pedagog Gulnora Jumaniyozovaning ish stolida turadi. Ustoz Navoiy shahridagi 11-maktabga rahbar bo‘lib kelganida jamoadagi o‘qituvchilarda tushkun kayfiyat borligini sezgan. Bundan tashqari, ko‘plab o‘qituvchilar darslikdan tashqari badiiy adabiyot o‘qishni deyarli to‘xtatib qo‘ygani ma’lum bo‘lgan.
— O‘qituvchini ruhlantirishning yo‘li ularni chinakamiga kitobga oshno
qilish, — deydi Gulnora Jumaniyozova. — Qo‘shimcha kitob o‘qib, ma’naviy olami boyigach, ular menga rahmat aytishdi. Pedagogik kengashda har hafta darslikdan tashqari ikkita roman, uchta qissa yoki hikoyalar to‘plamini o‘qib, ma’no-mazmunini yozib kelish topshirig‘ini berdim. Darsdan so‘ng o‘qituvchilar bitta sinfxonaga o‘qigan kitobi bilan kirib, imtihonimdan o‘ta boshladi. Shundan so‘ng maktabimizda yangi hayot boshlandi. Hamma yeng shimarib o‘qishga kirishdi. Bora-bora har birining uyida shaxsiy kutubxona paydo bo‘ldi. Endi o‘qituvchilar bir-biri bilan kitob almashadigan, yangi kitoblarni kutubxonachimizga buyurtma beradigan bo‘lishdi. Kitob o‘qigan ustoz dunyoqarashi, ruhiyatida ko‘tarinkilik yaqqol sezilib turadi. Maktabimizda yil boshida hamma o‘z ixtiyori bilan gazeta, jurnallarga obuna bo‘ldi. Maktabga keladigan bosma nashrlar uyga berilmaydi. O‘z uyingga ma’naviyat nuri kelib turganiga ne yetsin. Menga natija kerak. Natija esa oraliq sinovlarda, fan olimpiadalari, bilimlar bellashuvida, respublika miqyosidagi tanlovlarda, bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtiga kirishida bilinadi.
Qat’iyatlilik qon-qoniga singgan ustoz 2005-yili o‘quvchilarning eng saralarini tanlab, ularga chuqurlashtirilgan bilim berish bobida o‘ziga xos “Maktab ichra maktab” tajriba maktabini yo‘lga qo‘ydi. Yildan yilga 11-maktab yutuqlari ko‘paya bordi. 2011–2020-yillarda mamlakatimizdagi 9695 ta maktablar orasida kompleks reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha eng yuqori o‘rinni egalladi. Maktab 2014-yilda Xalq ta’limi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Eng obod ta’lim muassasam” hamda “Yilning eng yaxshi veb-sayti” ko‘rik-tanlovlari respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
Bugungi kunda maktabdagi 195 o‘qituvchidan 35 nafari oliy, 50 nafari
birinchi, 54 nafari ikkinchi toifali pedagog. Fan-texnika yutuqlarini pedagogik faoliyatga tatbiq etib, kasbiy jarayonga ijodiy yondashuvda talabchanlik o‘z mevasini berdi. 2015–2017-yillarda Xalq ta’limi vazirligi va Buyuk Britaniya konsulligi hamkorligida tashkil etilgan “Yilning eng yaxshi ingliz tili o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovi g‘olibi Vazira Azimova, Ahad Ahmedov, Dilbar Jumayeva kabi o‘qituvchilar Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy o‘quv yurtida malaka oshirib kelishdi. Eng quvonchlisi, texnologiya fani o‘qituvchisi Murodbek Turniyozov “Mehnat shuhrati” ordeni bilan, geografiya o‘qituvchisi Rustam Abdiyev, yoshlar yetakchisi Muhayyo Mamurodova, direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Zebo Bo‘tayeva ketma-ket davlatimizning yuksak mukofoti “Shuhrat” medali bilan taqdirlanishdi. 57 nafar o‘qituvchi esa “O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi.
Ha, rahbar qattiqqo‘llik bilan ish olib borishi, ko‘pchilikni ortidan ergashtirishi, odamlarda ertangi kunga ishonch uyg‘ota olishi zarur. Ayniqsa, pedagogik jamoaga rahbarlik qilish — g‘oyat nozik va sharafli vazifa.
Gulnora Jumaniyozovaning maktabida o‘qituvchilarning deyarli barchasi ijodkor. Iste’dodning qirrasi bittagina bo‘lmaydi. U she’r va ashula ayta bilishi, raqsga tushishi, biror musiqa asbobini chala olishi, rasm chizishi yoki sportning biror turini egallagan bo‘lishi kerak.
2018-yilda maktabning iste’dodli o‘quvchilaridan “Iqtidorli o‘quvchilar innovatsion olimpiadasi”ning respublika bosqichida 6 nafar o‘quvchi 1-o‘rinni egalladi. 9-sinf o‘quvchisi Davron Ro‘zimurodov an’anaviy karatedo sport turi bo‘yicha Osiyo chempionatida 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 10-sinf o‘quvchisi Charos Soyibova “Korrupsiyaga qarshi kurashamiz” insholar tanlovining respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. Bu yutuqlar tagida juda katta pedagogik mas’uliyat yotibdi.
2019-yilda 11-sinf bitiruvchilarining 107 nafari respublika va xorijiy oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga qabul qilinib, rekord natijani qo‘lga kiritdi. Jumaniyozovaning o‘quvchilari xalqaro bilim bellashuvlarida ham O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilmoqda. 9-sinf o‘quvchisi R.Rashidov Nijniy Novgorodda o‘tkazilgan “Robofest — 2020” xalqaro IT va DIV olimpiadasida muhandislik toifasida 70 dan ortiq davlatdan kelgan o‘quvchilar bilim bellashuvida 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 9-sinf o‘quvchisi Abduqodir Ismoilov hamda 11-sinf o‘quvchisi Iroda Narziyeva Kaliningrad shahrida o‘tkazilgan GS GROUP deb nomlangan VI xalqaro matematika olimpiadasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Maktab jamoasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “5 tashabbus amalda” ko‘rik-tanlovida 2 ta yo‘nalish bo‘yicha 1-o‘rinni, 3 ta yo‘nalish bo‘yicha 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
2-sinf o‘quvchisi Ulug‘bek Anvarov Turkiyada o‘tgan 10 ta davlatdan 500 nafar o‘quvchi ishtirokida 8 yoshlilar orasida mental arifmetika bo‘yicha ko‘rik-tanlovda 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Anqarada 24 kg vaznlilar o‘rtasida erkin kurash xalqaro sport musobaqasida faxrli 1-o‘rinni egallab qaytdi. 10-sinf o‘quvchisi Lobarxon Jalolova esa “Yil hikoyasi” respublika tanlovining respublika bosqichida 1-o‘ringa loyiq ko‘rildi. Bunday muvaffaqiyatga erishish uchun, avvalo, har bir bolani yoshligidan kashf etish lozim. Har bir o‘quvchi — ochilmagan qo‘riq, kashf etilmagan qit’a, ko‘zi bekilib yotgan buloq, qumga aralashib qolgan oltin. Uni kashf etguvchi o‘qituvchi esa cho‘l, qo‘riqning qaysar fe’l-atvorini o‘ziga bo‘ysundirishi, Kolumbdek shamol, to‘fon, dovullarni yengishiga ishonib, qiyinchiliklarni bo‘yniga olib, kashfiyotga tashna holda yo‘lga chiqishi zarur bo‘ladi. Borligini hech kim bilmagan buloqni topmoq uchun tovonlari yorilib izlanishi, buloqni topgach, tirnoqlari bilan tirnab bo‘lsa-da, unga yo‘l ochishi, qumlar orasidan bir hovuch oltin olish uchun oftob tig‘ida-yu ayoz qahrida tinimsiz uyum-uyum barxanlarni unni elakdan elagandek mehnat qilishi kerak bo‘ladi.
O‘qituvchining vazifasi undan-da og‘ir, ustozning mehnati oltin topishdan-da sharafli. Bitta fandan iqtidori bor maktabning bitta o‘qituvchisi kuchli bo‘ladi, o‘nta fandan iqtidorli o‘quvchisi bor maktabning o‘nta o‘qituvchisi kuchli bo‘ladi. Barcha fandan o‘quvchilar kuchli bo‘lishi uchun maktabda boshqaruv kuchli bo‘lishi kerak. Bu borada Gulnora Jumaniyozova o‘rinbosarlaridan ko‘ngli to‘q. O‘rinbosari vazifasini puxta bajaradi. Maqsadga erishmaguncha o‘quvchining yonidan ketmaydi. Hozir nima ko‘p, bolani chalg‘ituvchi unsurlar ko‘p. Eng iste’dodli o‘quvchi ham bir haftada tanib bo‘lmas darajada aynishi mumkin. Unga bee’tiborlik davom etaversa, o‘n kun ichida qumga singgandek g‘oyib bo‘lishi mumkin. 11-maktabda iste’dodli bolani boy berib qo‘ymaslik uchun barcha kuchlar safarbar etiladi.
Joriy yilda “Eng kitobxon maktab” respublika tanlovida 11-maktab g‘olib bo‘lib, “Spark” avtomashinasini qo‘lga kiritdi. 11-sinf o‘quvchisi Yorqinbek Turdiboyev А KF А universiteti tomonidan tashkil etilgan 3 bosqichli olimpiadada ishtirok etib, biologiyadan 1-o‘rinni egallab, 25 million, ingliz tilidan 5-o‘rinni egallab, 15 million, matematika bo‘yicha 6-o‘rinni egallab, 9 million so‘m mukofot bilan taqdirlandi. Mukofotlarning umumiy miqdori 49 million so‘mga teng. Shuningdek, Yorqinbek shu universitetning tibbiyot fakultetida kontrakt asosida o‘qish huquqini qo‘lga kiritdi. Shartnoma asosida ta’lim olishning 58 million so‘mga tengligini va shundan 49 millioni chegirib qolinishi ham uning oilasi uchun katta yutuq. Shu kunga qadar Yorqinbek yer sharining 2 ta nufuzli universiteti talabasi bo‘lib ulgurdi. Bundan oldin ham u А QSHning IOWA universiteti biologiya-meditsina yo‘nalishi grant sohibi edi. Yana 10 nafar o‘quvchi hali maktab partalaridayoq talaba nomini oldi. Maktab jamoasi 3-4 kun ichida yana 13 nafar o‘quvchining ham talaba bo‘lganligini tasdiqlovchi qarorini kutmoqda.
Rahbarimizning maqsadi oliy: Uchinchi renessans egalari — o‘zbekning iste’dodli farzandlari aql-idroki ila olamni zabt etish. 2020-yilda Gulnora Jumaniyozova boshchiligida 320 o‘rinli Beruniy nomidagi davlat-xususiy sherikchilik maktabi tashkil etilib, 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi hamda iqtidorli o‘quvchilar
qamrab olindi.
Umrini ma’rifat yo‘liga baxsh etgan ustoz 2017-yili “Yil ayoli” milliy tanlovining respublika bosqichida “Eng kuchli ma’naviy va ma’rifiy ishlar targ‘ibotchisi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, “Sog‘lom turmush” medali, “Mo‘tabar ayol” ko‘krak nishoni sohibasi, Respublika ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari Direktorlar kengashi raisi Gulnora Jumaniyozovani g‘unchalari o‘zidan ko‘p atirgullar gulzoriga, qilgan mehnati natijasini o‘n yillab ishonch bilan kuta oladigan sabr qal’asiga o‘xshataman. “Maxzan al-ulum” kitobida qanoatli kishini — saodat egasi, deya ta’rif beriladi. Aynan Gulnora opadek saodat egalari ko‘payaversin. Ming turli chalg‘ituvchi qutqulardan yoshlarni asrab, ma’nan sog‘lom, vatanparvar, toza iymon-u e’tiqodli qilib tarbiyalayotgan ustozlar, shubhasiz, zamonamiz qahramonlaridir. Ular inson qiyofasidagi qashqirlar galasidan odamiylik, or-nomus, insof-u diyonat, mehr-u shafqat kabi muqaddas tuyg‘ularini asrab qolayotgan ma’rifatimiz sarvarlari.
Bahori kuzidan ko‘p,
Savobi izidan ko‘p,
G‘unchasi o‘zidan ko‘p,
Muallim deganimda
Bo‘ston kelar yodimga.
Jonda, yurak ichinda,
Duo — tilak ichinda,
O‘rni yurak ichinda,
Muallim deganimda
Vatan kelar yodimga.
Zulfiya MO‘MINOVA,
shoira,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi