SHOIRANING SAFDOSHI – MAKTABDA
Kecha mamlakatimizda hassos shoira, vafodor yor, mehribon ustoz shoira Zulfiya Isroilova tavallud topgan kun munosabati bilan ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Yashnobod tumanidagi 230-umumta'lim maktabida o‘tkazilgan tadbirga shoiraning zamondoshi va safdoshi, taniqli jurnalist, faxriy ustoz Dilbar Saidova taklif qilindi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining badiiy chiqishlari – she'r, raqs va qo‘shiqlari ijro etilgach, mehmon so‘z olib, o‘z xotiralarini so‘zlab berdi:
–Zulfiya opa nihoyatda kamtar, xokisor, hyech kimning diliga ozor bermaydigan ayol edi. “Saodat” jurnali tahririyatida ishlaydigan hamkasblarimiz Qutlibeka Rahimboeva, Muhtarama Ulug‘ova, San'at Mahmudova kabi ayollar Zulfiya opaning salobatidan jinday cho‘chib turardik. Ammo hyech qachon dilimizga ozor yetkazmasdi. Jurnal katta adadda chiqar, har bir soniga ketadigan maqola, she'r, hikoya va rasmlarni obdon chig‘iriqdan o‘tkazishda, tahrir qilishda bizga Zulfiya opa ustozlik qilardi. Bu ayoldan o‘rgangan saboqlarni keyinchalik “Oila va jamiyat” gazetasi gazetasida bosh muharrir bo‘lib ishlagan kezlarimda qo‘lladim.
Tadbir so‘ngida maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Shahnoza Yusupova mehmonga tashrifi uchun minnatdorlik bildirdi.
Dilbar Saidova “Tungi qo‘ng‘iroq” deb nomlangan qissalar va hi koyalar to‘plamini maktab kutubxonasiga sovg‘a qildi.
Gulsora RUSTAMOVA,
Yashnobod tumanidagi 230-umumta'lim maktabi “Yosh qalamkash” to‘garagi a'zosi