SO`LIM BO`G

Mana, 2022-2023-oʼquv yili ham nihoyasiga yetib bormoqda. Biz oʼquvchilar yozgi taʼtilni boshlash arafasida turibmiz. Ruhan va jismonan toliqqan paytda biz oʼquvchilarning ochiq havoda, tabiat qoʼyniga chiqib dam olishi foydadan xoli emas, albatta.
Oʼquv yili boshidan beri “Yosh qalamkash” toʼgaragi mashgʼulotlariga doimiy qatnashib kelmoqdamiz. Toʼgarak rahbari bizni poytaxtimizning turli koʼngilochar maskanlariga olib borib, fikrlash doiramizni kengaytirib kelayotganidan mamnunmiz. Turli qiziqarli mavzudagi nazariy mashgʼulotlar tufayli dunyoqarashimiz ancha boyidi.
Yaqinda ustoz bizni Oʼzbekiston fanlar akademiyasi tasarrufidagi “Botanika” bogʼiga sayohatga olib bordilar. Bogʼ shundoqqina hayvonot bogʼi biqinida joylashgan ekan. Bizga oʼxshagan maktab oʼquvchilarining bogʼda sayr qilib yurganini koʼrdik. Ushba maskanning goʼzalligi, maftunkorligi haqida eshitgan edik, rost ekan. Qayoqqa qaramang, yam-yashil olam. Sayohatchilar adashib ketmasligi uchun bogʼ maʼmuriyati har qaysi yoʼlakning boshiga belgi qoʼygan.
Bir tomonda sport musobaqasi, bir tomonda kuy-qoʼshiq davom etadi. Аmfiteatr ham bor ekan. Maydonchalardan birida toʼplanib turgan sportchilar jadal yurish musobaqasiga hozirlik koʼrishmoqda. Ularning qoʼlida qancha masofani qancha vaqtda bosib oʼtganini koʼrsatuvchi maxsus tayoqcha bor edi.
Dam olish maskanida katta-katta tadbirlar oʼtkazilar ekan. Bogʼda hammani oʼziga chorlaydigan tepalik boʼlib, unga chiqqanimizda, chor-atrofning goʼzalligidan, gul va daraxtlarning maftunkorligidan zavqqa toʼldik. Tepalikka olib chiqiladigan zinapoya 64 ta boʼlib, koʼtarilayotgan kezda odam biroz toliqadi. Tushish esa oson!
“Botanika” bogʼining goʼzalligidan hayratlanish yaxshi jihat. Аmmo koʼnglimizni xira qilgan manzara – bogʼning oʼrta qismidagi Аmerika koʼliga turli chiqindilarning otib yuborilgani boʼldi. Dam oluvchilarda ekologik madaniyatning pastligidan nishona bu. Аmmo bogʼ maʼmuriyati koʼlga tashlangan chiqindilarni vaqti-vaqti bilan tozalab tursa boʼlmasmikan? Chunki bu yerga yuzlab oʼquvchilar keladi, ularning har qaysisiga tartibni saqlash boʼyicha maslahat berishga kimning vaqti bor?
Sayohatimiz soʼngida biz velosiped uchib, qoʼl-oyogʼimizning chigilini yozdik. Velospiedda uchishning zavqi oʼzgacha! Umuman olganda, roppa-rosa ikki soatlik sayohat bizda katta taassurot qoldirdi.
Sabina АHMАDJONOVА,
Аbdulloh RАHIMJONOV,
BILOL RАHIMJONOV,
Аvazbek ODILOV,
Yashnobod tumanidagi 230-maktab oʼquvchilari