Sariq qutining siri
T ajriba
“Sariq quti”ning siri
O ‘ qituvchi sinfga kirib kelarkan, uning qo‘lida sariq qutini ko‘rgan bolalar hayratlanishi tabiiy. Biroq o‘qituvchi matematika darsida o‘quvchilarni hayratlantirishni, ya’ni ularni fanga qiziqtirib diqqatini jalb etishni maqsad qilgan. 3-sinf o‘quvchilari uchun “To‘rt xonali sonlar bilan ishlash” mavzusi o‘tilmoqda. O‘qituvchi avval ikki va uch xonali sonlarni o‘quvchilar bilan birgalikda takrorlab olgach, to‘rt xonali sonlar haqida ma’lumot beradi. Keyin sonlarni tartib bilan o‘qishga o‘rgatadi. Masalan, 1 232; 1 047; 2 705; 3 008; 2 000 – bir ming ikki yuz o‘ttiz ikki va hokazo. Keyingi bosqich esa eng kichik va eng katta bir xonali, ikki xonali, uch xonali va to‘rt xonali sonlarni o‘rganish bo‘lib, 1–9, 10–99, 100–999, 1000 va 9999 sonlari takrorlab olinadi.
Darsning mana shu qismida “Sariq quti” usuli qo‘llanilib, mavzu mustahkamlanadi. Ushbu metod vositasida quyidagi harakatlar tashkil etiladi: o‘quvchilar o‘z do‘sti bilan birgalikda, ya’ni ikki nafar bola mavzuga oid sonlarni kartochkalarga qayd etadi. Sinfxonadagi barcha bolalar tomonidan yozilgan kartochkalar yig‘ib olinib sariq quti ichiga solinadi. Shundan keyin o‘quvchilar ikki guruhga ajratilib, har bir guruh a’zosi o‘qituvchi qo‘lidagi qutidan kartochka tanlaydi. Unda yozilgan to‘rt xonali sonning yozuv shaklini sinf taxtasiga yozadi. Va shu tarzda o‘yin davom etadi. Ushb u jarayonda kartochka olayotgan o‘quvchining tengdoshlari “Qutida nima bor?” deya jo‘r bo‘lib qo‘llab turishadi. Garchi qutida kartochka borligi ma’lum bo‘lsa-da, qanday son yashiringani noma’lum. Misollar quyidagicha yozilsa to‘g‘ri hisoblanadi:
- 8*1000+10*9+1*3 =8093 = sakkiz ming to‘qson uch
- 7*1000=7000 = yetti ming
- 4*1000+3*100+10*0+5*1= 4305 = to‘rt ming uch yuz besh
Barcha o‘quvchi ishtirok etgach, javoblar tekshiriladi, xatolar uchun ball olib tashlanadi. G‘olib guruh o‘quvchilari a’lo va yaxshi baholar bilan rag‘batlantiriladi. O‘yin yakunida sonlarni o‘qish bo‘yicha di a gramma taqdim etiladi. O‘qitishning bunday usullari o‘quvchilarning diqqatini jamlab, faollikka undaydi.
Ibodulla XO‘JAMQULOV,
Yakkabog‘ tumani dagi 14 -maktab o‘qituvchisi