Sayil ko‘ngillarga ko‘chganda...
Sayil ko‘ngillarga ko‘chganda...
Navro‘z – xalqimizning tarixi, madaniyati, ilmiy tafakkur tarzini o‘zida mujassam etgan qomusiy bir ayyomdir. Barchaga quvonch va unutilmas taassurotlar hadya etib, davom etayotgan Navro‘z shukuhi bahorni sog‘ingan dillarga taskin bo‘layotgandek, go‘yo.
Zangiota tumanidagi 16-umumta’lim maktabida ham bu ayyom ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Maktab hovlisida tashkil etilgan bayram “ayvonchasi”da sinflar alohida-alohida joylashib, har biri bittadan viloyatning milliy taomlari, urf-odatlari va alyorlarini namoyish etishdi.
Bayram munosabati bilan yozilgan to‘kin dasturxondagi milliy taomlarimiz har biri o‘z nomi bilan yurtimizning qaysi go‘shasiga tegishli ekanligini aytib turibdi. Shuningdek, milliy qadriyatlarimizdan kelin salom, yor-yor kabilarning ijro etilishi yana bir bor o‘lmas qadriyatlarimizning nechog‘li go‘zal ekanligini ko‘rsatdi.
O‘quvchilarning chiqishlari, milliy urf-odatlarimizga munosabatlari va dasturxonning tanlangan hudud milliy taomlaridan kelib chiqib tayyorlanganligi hakamlar hay’ati tomonidan baholanib, “Eng tashabbuskor sinf rahbari”, “Eng faol sinf”, “Eng go‘zal raqs” kabi nominatsiyalarda g‘olib deb topildi.
Tantana davomida o‘quvchilarning o‘yin-kulgisi-yu, ko‘zlaridagi quvonch, milliy qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqish, qalblaridagi shijoatda bu kabi madaniy tadbirlarning nechog‘li ahamiyatli ekanligini ko‘rish mumkin bo‘ldi.
Mahbuba KARIMOVA,
maktabning ijodiy-madaniy
masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi