Seni kuylagayman qoʻllarim bilan…
Poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi maxsus 101-sonli maktab internatida 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni va 8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Unda maktab jamoasi, oʻquvchi-yoshlarning ota-onalari, tuman xalq taʼlimi boʻlimi vakillari, tuman prokuraturasi xodimlari ishtirok etdi.
Mehmonlar dastlab maktab oʻquvchilari tomonidan yaratilgan badiiy koʻrgazma bilan yaqindan tanishdi. Yuksak mahorat, nozik did bilan ishlangan bu asarlar internatdagi taʼlim tizimiga tutilgan koʻzgu kabidir.
Shundan soʻng oʻquvchilar tomonidan tayyorlangan bayram dasturi boshlandi. Dastur mamlakatimizda boʻladigan barcha rasmiy tadbirlar kabi davlat madhiyasini kuylash bilan boshlandi. Ammo… ammo na sahnada, na tomoshabin oʻquvchilar orasida eng chiroyli qoʻshiq – madhiyamizni ovoz chiqarib aytadigani yoʻq. Chunki bu maxsus maktab internatida tahsil olayotgan oʻquvchilar gapirish va eshitish qobiliyatiga ega emas. Shu bois sahnaga chiqqan oʻquvchilar qoʻl harakatlari bilan davlatimiz madhiyasini shunday kuylashdiki, ishonavering, siz ham umringiz bino boʻlib bunday ijroni tinglamagansiz. Ibratli sahna koʻrinishlari, bir-biridan goʻzal raqslarda ham oʻzgachalik yaqqol sezilib turdi.
– Oʻquvchilarimizning imkoniyati cheklangan boʻlsa ham ular judayam isteʼdodli, harakatchan, – deydi maktab internat direktori Dinara Sadikova. – Bolajonlarim bu kabi bayramlarga katta qiziqish bilan tayyorgarlik koʻradi. Hammasi oʻz qobiliyatini koʻrsatsam, deydi. Albatta, ularni yuzaga chiqarish, yetarli shart-sharoitlar yaratib berish borasida tinimsiz izlanishdamiz.
Tadbir soʻnggida tuman prokurori boshchiligidagi xodimlar bolajonlar uchun kitoblar va sport anjomlarini taqdim etdi.
Islomjon QOʻCHQOROV,
maktab targʻibotchisi