Shogirdimiz bilan faxrlanamiz!
Shogirdimiz bilan faxrlanamiz!
Ustoz uchun shogirdining biror yutuqqa erishishi — juda katta baxt. “Bu mening o‘quvchim!” deya faxirlanib yurish hamma muallimning orzusi bo‘lsa ajab emas. Maktabingda sen bilan birga faoliyat yuritayotgan yelkadoshingning yutuqlari ham ko‘ksingni osmon qadar faxrga to‘ldiradi. Endi zafar quchgan inson bir paytlar sen ta’lim bergan o‘quvchi, hozir oliy o‘quv yurtini bitirib kelib sening qatoringda millat kelajagini tarbiyalayotgan hamkasbinga aylangan bo‘lsa, bu quvonchni ta’riflashga ojiz bo‘lib qolarkansan.
Yaqinda maktabimizning yosh va tirishqoq o‘qituvchilaridan biri, direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha (boshlang‘ich sinfalar) o‘rinbosari Jo‘rabek Jovliyev ulug‘ bir yutuqni qo‘lga kiritib, barchamizni xursand qildi.
Jo‘rabek maktabga kelishi bilan qisqa fursat ichida o‘quvchilarning va jamoamizning mehrini qozondi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan ba’zi jihatlarda bizga o‘rnak bo‘ldi ham deya olaman. U o‘quv yili boshidayoq Buxoroda o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining respublika bosqichida Surxondaryo viloyati sharafini himoya qildi. Bu yutuqning shirin nash’asi hali qalblarimizni tark etmagan edi hamki, Jo‘rabek MDH miqyosida ilk bor o‘tkazilgan “Eng yaxshi ilmiy maqola — 2021” xalqaro tanlovida faxrli 1-o‘rinni egalladi.
Biz shunday hamkasbimiz, yelkadoshimiz, shogirdimiz borligidan faxrlanamiz! Jo‘rabek Jovliyevning kelgusidagi faoliyatida ham zafarlar yor bo‘lishini tilaymiz!
Bo‘ri QO‘LTO‘RAYEV,
Qiziriq tumanidagi 11-maktab o‘qituvchisi