Sinfni shunday bezataylikki…
Sinfni shunday bezataylikki…
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari qiziquvchanligi, quvnoq va e’tibortalabligi bilan yuqori sinf o‘quvchilaridan farq qiladi. Shu bois ular uchun yaratilgan darsliklar, sinfxonalar qiziqarli bezatilgan, diqqatni tortuvchi bo‘lishi kerak. Chunki jajji bolajonlar uchun tashqi ko‘rinish, shinamlik, rang-baranglik juda muhim. Agar bola zeriksa, miyasiga yangi axborotlar kirib bormasligi tayin. Shu bois ba’zan 45 daqiqalik dars mobaynida ayrim o‘g‘il-qizlarning uyqusirab o‘tirganiga ko‘zingiz tushadi.
Jajji bolajonlarning maktabga qiziqishi va ishtiyoqini oshirishda sinfxonaning bezatilishi ham katta rol o‘ynaydi. O‘qituvchi har bir fasl yoki fanlardan o‘tiladigan mavzuga ko‘ra sinf burchaklari tashkil qilishi va aynan bu jarayonga o‘quvchilarning o‘zlarini jalb etishi, qo‘l mehnati bilan ko‘rgazmali vositalar yasattirishi mumkin.
Masalan, kuz va qish mavsumida bolalar kayfiyatini ko‘tarish, ularni darsdan tashqari izlanishga, ijodkorlikka jalb qilish uchun sinf burchaklari yaratamiz.
Kuz, qish, bahor va yozgi ta’tillardan o‘quvchilar maktabga orziqib qaytishadi. Ularni sinfda qandaydir yangilik bilan kutib olsak, o‘qishga bo‘lgan ishtiyoqlari yanada oshadi. Buning uchun xona dizaynini ozroq o‘zgartirish, devorlarga obrazli rasmlar yopishtirib chiqish mumkin.
Shuningdek, o‘qish fanida o‘tilgan ertak va hikoyalar yoki mustaqil mashg‘ulotlarda o‘qilgan badiiy asarlar nihoyasiga yetgach, ular asosida sinfni bezatish yaxshi samara beradi. Bunda o‘quvchining asar haqidagi tasavvurini yanada boyitishga erishasiz. Buning natijasida sinfda asarni o‘qimagan, tushunmagan o‘quvchi qolmaydi.
Bolalarni tabiatsevar qilib tarbiyalash muhim. Ular har bir daraxt, o‘simlik, gul va barcha tabiiy ne’matlarning qadriga yetishi uchun nima qilishimiz kerak? Qachonki, bola o‘z qo‘li bilan bir ko‘chat o‘tqazsa yoki gul eksa, uning o‘sishi, gullashi, barq urishiga e’tibor bera boshlaydi. Shu bois bu ishni boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining jismoniy quvvatidan kelib chiqib tuvaklarga gul ektirish, ularni parvarishlashga o‘rgatishdan boshlash maqsadga muvofiq. Sinf yoki sinfdan tashqaridagi yo‘lakda tabiat burchagini tashkil etish lozim. Yopiq joyga qo‘yilgan o‘simliklar sinf atmosferasini yaxshilaydi. Bunday burchakni yanada did bilan bezatib, o‘quvchilarning dam olishi uchun stullar qo‘yib, sinfda qulaylik yaratish mumkin.
Aminmanki, bunday sinfda o‘qiydigan o‘quvchilar bir-biri bilan ahil, g‘ayratli bo‘lishadi. Ular o‘zlarining tashabbuskor o‘qituvchilari va o‘zgacha atmosferadagi sinfxonalaridan faxrlanishadi.
Dilafro‘z SULTONOVA,
Kosonsoy tumanidagi
24-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi