Tаbiiy fanlar oyligi boshlandi
Tabiiy fanlar oyligi boshlandi
Bugun ilm-fan, texnika va ishlab chiqarish sohalarining, axborot kommunikatsiya texnologiyalarining tez sur’atlarda jadallik bilan rivojlanishi ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini mazmun jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarishni talab etadi.
Umumta’lim maktablarida bir necha yillardan buyon o‘tkazib kelinayotgan fan oyliklari ana shu maqsadlarga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, joriy yilning ilk oyida umumta’lim maktablarida kimyo, biologiya, fizika fanlari oyligi o‘tkazilmoqda.
Chilonzor tumanidagi 195-sonli IDUMda Xalq ta’limi vazirligining 2020-yil 13-avgustdagi “Xalq ta’limi tizimida uzluksiz metodik xizmat ko‘rsatish ishlarini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga asosan “Yanvar-tabiiy fanlar (kimyo, biologiya, fizika) oyligi”ni umumta’lim maktablarda yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida “Interaktiv ta’lim –davr talabi” mavzusida mahorat darslari tashkil etildi.
Tadbirda “Mantiqiy sinov” intellektual o‘yini, fizika fanidan “Interaktiv fizika”, “Kimyo fanidan qo‘llaniladigan eng faol interaktiv metodlar”, “Biologiya fanini o‘qitishda qo‘llaniladigan interaktiv metodlar” mavzularida yangi o‘qitish metodlari taqdimot qilindi.Yosh mutaxassislarga metodik yordam ko‘rsatildi.
Shuningdek, mahorat darslarida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi, kimyo fanlari nomzodi K.Qultoyev, R.Amanov, R.Quchqarova va Fizika darsligi muallifi S.Burxonovlar ishtirok etdi. Oylikni o‘tkazishda o‘quvchilarni intellektual salohiyatini o‘stirish, fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, nazariy bilimlarini amaliyotda qo‘llay olishga o‘rgatishga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlash joizki, fanlar doirasida o‘rganiladigan hodisa va jarayonlar tabiatda sodir bo‘lsa-da, aksariyatini ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmasligi, shuning uchun o‘quvchilarning bilim samaradorligini oshirish, dars sifatini yanada yuqori ko‘rsatkichlarga ko‘tarishda fanlar aro bog‘liqlik va axborot kommunikatsion texnologiyalariga tayanish masalalari yuzasidan Nizomiy nomidagi TDPUning katta o‘qituvchilari bilan tajriba almashildi. Kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ta’lim sifatini tubdan oshirish, umumta’lim maktablarida ushbu fanlarni o‘qitishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish, ta’lim muassasalarini zamonaviy laboratoriyalar, darsliklar va boshqa o‘quv jihozlari bilan ta’minlash to‘g‘risida fikrlar bildirildi.
S.Rashidova,
Chilonzor tuman XTB tabiiy fanlar metodisti