TA’TIL QISHDA BO‘LSA- 2... yoxud avlodlar haqiga xiyonat qilmaylik
Kambag‘alga yoz yaxshi.
(Xalq maqoli)
AVLODLAR HAQI
Dunyoda o‘zbek xalqi kabi bolam-chaqam, farzandlarim deb yashaydigan, barcha orzu-havasi, umidlarini farzandlari bilan bog‘laydigan, dang‘illama to‘ylar qiladigan, uylar quradigan boshqa xalq bo‘lmasa kerak. O‘zi och qolsa ham, so‘nggi burda nonini farzandlariga beradigan xalq bizning o‘zbeklar. Farzandlari, nevaralari haqiga chang solishni hatto xayoliga ham keltira olmasa kerak. Ammo....
Garchand xitoy, yapon, koreys kabi xalqlar ham rejali, tejamkorlik bilan xo‘jalik yuritishsa-da, ammo dunyodagi eng tejamkor xalq sifatida nemislar mashhur. Hatto ularning bu tejamkorligini ko‘pincha ziqnalik va xasislikka tenglashtirishadi. Bu haqida ko‘plab qiziqarli latifalar yaratilgan. Umuman aytganda, tejamkorlik nemis xalqining milliy qadriyatiga aylanib ulgurgan. Olis va yaqin tarixda, dunyoning ayrim davlatlarida tejamkorlik davlat siyosatiga aylangan holatlar ham ko‘plab uchraydi.
Uzoqqa bormaylik, XX asr oxirlarida Ruminiyada mamlakat tashqi qarzlaridan qutulishi uchun resurslarini nihoyatda tejashgani ma’lum. XX–XXI asrlarga kelib esa, hatto dunyodagi eng boy va qudratli davlat hisoblanadigan Amerika Qo‘shma Shtatlari, yoqilg‘i-energetika resurslariga nisbatan, nemislarga nisbatan ham tejamkorroq siyosat yuritmoqda. Ya’ni o‘z mamlakatidagi resurslarni kelajak avlodlarga asrab, o‘z ehtiyojining katta qismini chetdan olinadigan resurslar hisobiga qondirib kelmoqda...
Zukko mushtariylarning xayolidan bu iqtisodiy-siyosiy safsatalarning ta’til, ta’limga nima aloqasi bor ekan, degan fikr o‘tganini sezib turibman. Endi shu fikrga javob berishga urinib ko‘raman.
Resurslardan palapartish, rejasiz, shafqatsizlarcha va ayovsiz foydalanishning eng yorqin misoli sifatida sobiq ittifoqni eslasak bo‘ladi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degan maqol bejiz yaratilmagan bo‘lsa kerakki, sobiq ittifoq hududida vujudga kelgan davlatlarning ko‘pida bu an’ana hanuzgacha davom etmoqda, desak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Xomashyo va tabiiy boyliklardan nooqilona foydalanish, chetga sotish, bu kelajak avlodlarga, ularning haqi, rizqiga chang solish, xiyonat qilish ekanligi esa hech kimning xayolidan ham o‘tmasa kerak. Aks holda, tabiatga, tabiiy boyliklarga nisbatan bu qadar shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lishmas edi. Avlodlar haqi haqida olis tarximizda bir ibratli rivoyat mavjud...
Turkiy xalqlar, turk davlatchiligining boshi, o‘qildizi hisoblangan Mode xoqon (miloddan avvalgi 209–174-yillarda hukmronlik qilgan) o‘ziga qarshi uyushtirilgan fitnalarni barbod qilib, otasi, o‘gay ukasi va o‘gay onasini o‘ldirib hokimiyatni egallaydi.
Davlatdagi ichki vaziyatdan xabar topgan qo‘shni Dunxu xalqi urush chiqarish maqsadida elchi yuborib, Modedan arg‘umoq otini va sevimli xotinini berishni talab qiladi. A’yonlari norozilik bildirsa-da Mode xoqon “Bir ayol va bir otni deb qo‘shni xalq bilan urushmaymiz” deya oti va xotinini berdirib yuboradi. Ammo urush chiqarish fikridan qaytmagan dunxular yana elchi yuborib, davlatning Dunxular davlati bilan chegarasidagi kimsasiz, toshloq, o‘t-o‘lan ham o‘smaydigan bir parcha yerni berishni so‘rashadi. Bu safar a’yonlar befoyda bu yer uchun qo‘shni xalq bilan urishib o‘tirmaslikni, berib yuborishni taklif qilishadi. Mode esa “Yer bu avlodlar haqi. Yerni berib bo‘lmaydi. Yerni berish avlodlar haqiga xiyonatdir” deb, yerni berishni taklif qilgan a’yonlarni qatl etadi. Dunxularga qarshi urush boshlab, g‘alaba qozonadi. Qissadan hissa shuki, ajdodlarimiz avlodlar haqiga xiyonat qilishmagan.
O‘TMISHDA HAM TA’TIL YOZDA BO‘LGAN...
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda maktab ta’tili nega yozda bo‘lishi, ta’tilning qishda berilishi imkoniyatlari, ta’til qishda bo‘lsa, qanday ijobiy yoki salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligi haqida fikrlar tarqaldi.
Ko‘pgina mamlakatlarda ta’til odatda yoz fasliga to‘g‘ri keladi. Shu jumladan, mamlakatimiz tarixida ham o‘quv ta’tillari an’anaviy ravishda yoz faslida va ramazon oylarida berilgan.
Yaqin tariximiz – so‘nggi xonliklar davriga nazar tashlasak, madrasalarda o‘qish muddati sentabr oyining ikkinchi yarmida boshlanib, mart oyining oxirlariga qadar davom etgan. Ta’til esa bahor faslining oxirlari, butun yoz fasli va kuz faslining boshlarini o‘z ichiga olgan.
Ta’tilning bu muddatda bo‘lishiga xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti sabab bo‘lgan. Xonliklar xo‘jaligi an’anaviy qishloq xo‘jaligi, asosan dehqonchilikdan iborat bo‘lib, madrasa talabalari bu muddatda ota-onalariga yordam berishgan yoki dalalarda mehnat qilib, o‘qish davri uchun mablag‘ jamg‘arishgan.
Xulosa qiladigan bo‘lsak, o‘tmishda ta’tilning yozgi davrda bo‘lishi, iqtisodiy imkoniyatlardan kelib chiqib, majburlikdan joriy etilgan.
G‘OYANING TUG‘ILISHI
Qishki ta’til haqidagi, ya’ni maktablarda o‘quvchilar uchun qishki ta’tilning uzoqroq bo‘lishi, o‘qituvchilar uchun esa mehnat ta’tilining bir oylik qismining qishki mavsumga o‘tkazilishi haqidagi fikr 2021-yanvarida paydo bo‘lgan edi. O‘shanda Surxondaryo viloyatining katta hududida havo qattiq sovib, bulduruq hodisasi kuzatilgan. Maktablarda ish to‘xtatilgan, bunday ob-havoni kutmagan ko‘pchillik qiynalib qolgan edi. “Kambag‘alga yoz yaxshi” degan maqolni o‘tin-cho‘pdan qiynalib qolgan qo‘shnilardan ko‘p bora eshitgandim.
Ana o‘sha kunlari fan olimpiadasining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Fan olimpiadasi o‘tkazilgan maktab oldidagi ko‘chada viloyatning olis hududlaridan kelgan yuzga yaqin fan o‘qituvchilari ikki kun davomida, kun bo‘yi oyoqda tik turganmiz. Sovuq suyak-suyagimizdan o‘tib ketgan. Turishimizdan o‘quvchilarimizga biror naf bo‘lmasligini bilsak-da, hatto choy ichishga bormasdan ikki kun tik turganmiz. To‘g‘ri, o‘shanda o‘quvchim 93 ball bilan viloyatda ikkinchi o‘rinni oldi, ammo men qattiq shamollab surunkali xastalik orttirib oldim. Hanuzgacha azobini tortib kelyapman. O‘shanda “Uzoq muddatli qishki ta’til” haqidagi fikr paydo bo‘lgan va “Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 3-mart sonida “Ta’til qishda bo‘lsa...” nomli maqolam e’lon qilingan edi. Mazkur maqolada o‘quv choraklari orasidagi ta’tillarni qisqartirish, o‘quv choraklari o‘rniga yarimyilliklarga o‘tish, shuningdek, o‘quv yilini sal ertaroq boshlab, sal kechroq tugatish hisobiga, qishki va yozgi ta’tillarni joriy etish haqidagi fikrlarimni asoslab bergan edim. Bu fikrimga qo‘shilganlar ham, qarshi chiqqanlar ham bo‘ldi... Ammo kunlar isidi, vaqt o‘tdi va barchasi unutildi.
Bu yilgi kuz-qish mavsumida yuz bergan energiya inqirozi, gaz quyish shoxobchalaridagi kilometrlab cho‘zilgan navbatlar, elektr energiyasining bir sutkada o‘n soatdan ham kam muddatga berilishi, “blekaut” xavfining e’lon qilinishi, qishki ta’tilning nafaqat o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun foyda balki mamlakat iqtisodiyoti uchun ham katta samara berishi, eng muhimi esa ayovsizlik bilan avlodlar haqiga chang solishning oldini olish uchun ham xizmat qilishi haqidagi fikrlar paydo bo‘ldi.
KUTILAJAK SAMARA
Uzoq muddatli qishki ta’tilning joriy etilishi, mamlakat iqtisodiyoti uchun anchagina foydali bo‘lishini, kattagina miqdorda tabiiy resurslarning tejalishiga xizmat qilishini tushunish uchun judayam aqlli bo‘lish shart emas. Tasavvur qilaylik, mamlakatimizda 10 mingta maktab bor. Yana xayolotni jinday ishga solib, har bir maktabda o‘rtacha yigirmatadan sinfxona bo‘lsin (Aslida aniq statistik ma’lumotlarni keltirsak bundan anchagina ko‘proq). 200 mingta sinfxona mavjud deb hisoblaylik-da, sinfxonalar sonini 50 kunlik qishki ta’til kunlariga ko‘paytiraylik. Anchagina salmoqli 10 million soni hosil bo‘ladi. Endi yana tasavvurimizga erk beraylik-da, barcha xonalar ko‘mir bilan isitiladi va bir kunda o‘rtacha 10 kilogramdan (Aslida isitish tizimlaridagi suv muzlab qolmasligi uchun yoqilg‘i ancha ko‘p miqdorda sarflanadi) sarflanadi deb hisoblaydigan bo‘lsak, qishki ta’tilni isloh qilish hisobiga bir yilda 100 ming tonna ko‘mir iqtisod qilinar ekan. Bu hali ham eng minimal hisob-kitob.
Endi do‘ppini boshdan olib qo‘yib, jiddiyroq o‘ylab ko‘rsak, qishki ta’tilni isloh qilishning bir qator afzalliklari va foydali jihatlari ko‘z o‘ngimizdan o‘tadi:
1. Katta miqdordagi resurslar iqtisod qilinadi.
2. Islohot mutlaqo xarajatsiz, Vazirlar Mahkamasining qarori yoxud Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining buyrug‘i bilan amalga oshadi.
3. Millionlab o‘quvchilar va yuz minglab o‘qituvchilarning qish sovug‘ida qiynalishiga barham berilib, ularning shamollab qolib turli-tuman kasallik orttirishlarining oldi olinadi.
4. Ta’lim sifatiga xizmat qiladi. Chunki ahyon-ahyonda yuz berib turadigan anomal sovuq sharoitida maktablarga bir necha kun, hafta, hatto oylab davom etadigan qo‘shimcha ta’tillar beriliadi. Masalan, 2008-yilning boshida bir oylik qo‘shimcha ta’til berilgan edi. Bunday qo‘shimcha ta’tillar ta’lim sifatiga keltiradigan “foyda”ning oldini olish esa ta’lim sifatiga xizmat qilishi tabiiy.
5. Shu o‘rinda yana bir narsani eslatib o‘tishni joiz deb bildim. Ma’lumki, mamlakatimiz ko‘p millatli, ko‘plab diniy konfessiyalar faoliyat yuritadigan mamlakat. Agar qishki ta’tilga o‘tilsa xristian diniga e’tiqod qiluvchi hamyurtlarimiz uchun ham ko‘plab qulayliklar yaratilgan bo‘lardi...
6. Eng muhimi, resurslar kelajak avlodlar uchun tejaladi.
Ya’ni avlodlar haqiga xiyonat qilinmaydi.
QARSHILAR.....
Afsuski, mazkur g‘oya tarafdorlaridan ko‘ra unga qarshilar ko‘pchilikni tashkil etadi, hatto o‘qituvchilar o‘rtasida ham. Buning sabablari esa sof iqtisodiy sabablar. Agar ta’til yozda uzoqroq davom etsa, o‘qituvchilarning, ayniqsa qishloq o‘qituvchilarining ta’tildan foydalanib qo‘shimcha daromad keltiradigan mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanishi imkoniyati oshadi. Shuning uchun ham ularga ta’til yozda bo‘lgani ma’qulroq.
Yaqinda tumanimizdagi bilimdon, ilg‘or, yosh o‘qituchilardan biri bilan mazkur masalada suhbatlashib qoldim:
– Ey ustoz, bu masalaning umuman amalga oshmagani yaxshi.
– Nega?
– Axir ta’tilning bir qismi yozdan qishga olinsa, yozgi ekin-tikinning tagiga suv quygan bo‘lasiz. Tirikchilik nima bo‘ladi?
Ha, bu yerda yana bir muammo o‘zini eslatib qo‘ydi, ya’ni o‘qituvchilarning oylik maoshlarining kamligi. Chunki suhbatdoshim oliy toifali, bir yarim stavka dars o‘tadigan ingliz tili fani o‘qituvchisi edi. Ungaki qo‘shimcha daromad zarur ekan, qolganlarni tushunsa bo‘ladi.
Bu bilan men uning fikrini ma’qullamoqchi emasman. Chunki bu fikr o‘rta asrlar madrasa talabasining fikri. O‘rta asrlar darajasidan yuqori bo‘lishimiz uchun esa hech qo‘rqmasdan ta’til islohotini amalga oshirish zarur.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi 63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi