TARAQQIYOT VA TANAZZUL CHEGARASI yoxud Kundalik.com haqida

Insoniyat tamadduni boshlangandan buyon taraqqiyot g‘ildiragi doimo oldinga qarab harakat qilib kelmoqda. Bu jarayon odatda odamlar tomonidan jo‘ngina taraqqiyot deb, taraqqiyotdagi to‘xtalish va orqaga ketishlar esa, tanazzul deb nomlangan. Tanazzulning ma’lum bir bosqichidan so‘ng taraqqiyot boshlansa, taraqqiyotning ham muayyan bir davrida ma’lum bir sabablar tufayli tanazzul boshlanishi mumkin. Ya’ni zamon chizig‘ining muayyan bir nuqtasi taraqqiyot va tanazzul chegarasi bo‘ladi. Odatda ulardan birining tugashi, ikkinchisining boshlanishiga olib keladi. Bugun fikr yuritmoqchi bo‘lgan mavzumiz, ta’lim tizimidagi ana shu nuqta, taraqqiyot va tanazzul chegarasi haqida.
O‘quvchilar yomon ko‘radigan o‘qituvchi...
O‘quvchilik davrimiz. Sovet ta’lim tizimi. Yagana, pilla, paxta terimi... Bulardan tashqari qishloq maktablarida, o‘qituvchilar tomorqasidagi yumushlar, g‘o‘zapoya to‘dalash, g‘o‘zapoya chiqarish kabi mavsumiy ishlar ham yuqori sinf o‘quvchilari zimmasida bo‘lardi. Ammo darslarning sifati, o‘qituvchilarning saviyasi yomon emasdi. Ommaviy axborot vositalari radio-televideniye, gazeta-jurnallardan iborat bo‘lib, har bir o‘quvchi 2-3 ta, o‘qituvchilar esa kamida 5-6 ta gazeta-jurnallarga obuna bo‘lishardi. Maktabda jamoa xo‘jaligining kutubxonasi bo‘lib, o‘quvchilar ham, o‘qituvchilar ham eng noyob badiiy kitoblarni bemalol olib o‘qirdik. Bir so‘z bilan aytganda o‘qituvchilarning ham, o‘quvchilarning ham dunyoqarashi keng edi. O‘qituvchilarning kiyinishi, muomalasiga barchamizning havasimiz kelardi..
Ammo ba’zi o‘qituvchilar, sinfxonaga kirib kelishi bilan o‘quvchilardan tanaffusga qadar uyga vazifani so‘rab, o‘zi esa tinmay yozuv bilan band bo‘lishardi. Dars tugagach, tanaffusda o‘quvchilarga pala-partish darsni tushuntirardi. Bunday o‘qituvchilarning kiyinishi boshqalardan farq qilar, “Peshtaxta osti” mahsulotlari bo‘lgan, xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan kiyimlar kiyishardi, ba’zilarining mashinasi bo‘lardi. Bunday o‘qituvchilar ko‘p bo‘lmasa-da, har holda bor edi. Ularni ko‘pchilik o‘quvchilar unchalik yoqtirishmasdi. Keyin, o‘qituvchilik faoliyatim boshlangach, bildimki ular maktab hujjatlarini, konspekt, ish reja, sinf rahbarligi hujjatlarini dars payti yozishar, darsdan bo‘sh vaqti esa boshqa, qo‘shimcha daromad topish mumkin bo‘lgan ishlar bilan band bo‘lishar ekan.
Bu o‘qituvchilar uchun ko‘proq pul topish asosiy o‘rinda turardi, maktab esa “Boshpana, ish joyi, staj ketadigan joy” maqomida bo‘lardi. Bunday o‘qituvchilarning paydo bo‘lishi sovet ta’lim tizimida tanazzulning boshlanishi alomatlari edi...
Kundalik.com
Ta’lim tizimimizda, go‘yoki taraqqiyot cho‘qqisi, raqamlashtirish ramzi sifatida Kundalik.com platformasining joriy etilishi, yuqoridagi kabi, dars vaqtida boshqa yumushlar bilan band bo‘ladigan o‘qituvchilarning keskin ko‘payishiga olib keldi, ayniqsa qishloq hududlarida, internet tezligi past bo‘lgan olis va chekka joylarda. Masalan, mening o‘zim ham ikkinchi chorak boshlanishi bilan, ana shunday o‘qituvchiga, dars vaqtining katta qismini telefon titkilash bilan o‘tkazadigan o‘qituvchiga aylandim.
Maktabimiz Kundalik.com tizimiga shu o‘quv yilida o‘tdi. Birinchi ikki oyda o‘rganish bosqichi deya darslarni kechasi qayd qilib baholashimiz uchun ham imkon berildi. Har bir o‘qituvchi qo‘lbola xomaki jurnal tutib o‘quvchilarning dars jarayonida olgan baholarini qayd qilib, keyin uyga borib, bemalol Kundalik.com tizimiga kiritardik. Ammo bu holat uzoqqa cho‘zilmadi. Ikkinchi chorak boshlanishi bilan dars soatiga belgilangan vaqtning tugashi bilanoq tizimda dars o‘tilmaganligi, baholar qo‘yilmaganligi, uyga vazifa berilmaganligi haqidagi ogohlantiruvchi qizil yozuv chiqadigan bo‘ldi. Bu esa o‘qituvchilarning dars vaqtida telefon titkilashiga olib keldi.
Internet tezligi va serverga tushadigan yuklamaning hajmiga bog‘liq ravishda bu o‘qituvchining 5 daqiqadan, 20–25 daqiqagacha bo‘lgan vaqtini o‘g‘irlayapti. Wi-Fi tarmog‘iga ulangan maktablarda internet tezligi maromida bo‘lib, dars jarayoniga kirib, baholab boshladim deganingizda, yuklamalar oshib ketganligi sababli server ishlamay qoladi. Chunki platforma yaratilayotgan vaqtda birdaniga qancha kishi kirishi mumkinligining hisobini olishmagan bo‘lsa kerak. Aks holda platforma har besh daqiqada qotib qolavermasdi.
Kutish, qayta-qayta urinish, yoki yana boshidan kirib kelishingizga to‘g‘ri keladi. Bu esa darsga ajratilgan qirq besh daqiqaning anchaginasini o‘g‘irlab qo‘yadi. Xullas, fidoyi, astoydil dars o‘tadigan o‘qituvchilar ham, vaqtining katta qismini telefon titkilash bilan o‘tkazishga majbur bo‘lib qolmoqda. Ya’ni yuqorida ta’kidlaganim o‘quvchilar yoqtirmaydigan o‘qituvchilarga aylanib bormoqda. Men bu holatni ta’lim tizimida taraqqiyot va tanazzulning bir nuqtada to‘qnashishi sifatida qabul qildim. Ya’ni kundalik.com ta’lim taraqqiyotiga emas tanazzuliga sabab bo‘lmoqda.
Dasturdagi kamchiliklar
Kundalik.com ning joriy etilishi, ta’lim tizimida yangilik, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish, inson omilining salbiy oqibatlarini yo‘qotish sifatida talqin etilgan edi.
Ammo, to‘rachilik(byurokratlik), hujjatbozlik (elektron shaklda) ko‘paysa ko‘paydiki kamaymadi. So‘zlarimning isboti uchun bir necha faktlarni keltirib o‘tsam. Dasturchilar, mutasaddilar, kompyuterlar emas, hatto aqli noraso insonning ham aqli yetadigan oddiy bir jarayonni tahlil qilsak. Ma’lumki, o‘quv rejasida haftasiga yarim yoki bir soatdan o‘tiladigan darslar uchun choraklik baho chiqarilmaydi. Qog‘oz jurnalda buning uchun hech narsa qilish talab etilmasdi. Fan uchun ajratilgan dars soati bir soatdan oshiq bo‘lsa baho chiqarilar, aksincha bo‘lsa baho chiqarilmasdi. Kundalik.comda esa bir soat va undan oz darslar uchun, har bir o‘quvchining to‘g‘risiga choraklik baho o‘rniga OZ deb yozib chiqish kerakligi belgilangan. Tasavvur qiling, bir o‘qituvchi 300–400 o‘quvchining grafasiga umuman keraksiz bo‘lgan OZ so‘zini yozib chiqishi kerak. Bu dasturni yaratuvchilarning yo ruhiy xastaligi yoki kompyuter va o‘qituvchilar ustidan masxaralab kulishining isboti. Har holda ruhan sog‘lom inson bu ishni qilmasa kerak. 9-sinfda O‘zbekiston tarixi fanidan bir o‘quvchining ro‘parasiga OZ deb yozilmay qolgan ekan. Chunki choraklik baho chiqarilayotgan kunlari server rosa qotgan, bitta OZ degan so‘zni yozish uchun o‘n daqiqalab vaqtimiz ketgan edi. Xullas bir o‘quvchi uchun OZ oz bo‘lib qolgan ekan. Oqibat nima bo‘ldi? Oqibat ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarimiz tumanda o‘tgan yig‘ilishda XTB mas’ullaridan gap eshitdi. Telegram guruhimizda bor alamini to‘kib soldi. Keyinroq kim xato qilganligi aniq bo‘lgach esa men ham o‘z “haq”imni oldim.
Yana bir misol. Darsda o‘quvchiga baho qo‘yishingiz bilan choraklik grafasidan oldinda, o‘quvchi olgan baholarning o‘rtacha qiymati avtomatik ravishda chiqadi. Boshida buni ko‘rib rosa xursand bo‘ldim. Demak, choraklik baho tizimning o‘zi tomonidan, avtomatik ravishda chiqarilsa
kerak deb o‘yladim. Ammo chuchvarani xom sanagan ekanman. Choraklik baho o‘qituvchi tomonidan, oldingi grafadagi qiymatiga mos ravishda chiqarilar ekan. Ochig‘i bu ham o‘qituvchi ustidan kulishdan boshqa narsa emas. Chunki o‘qituvchining bahoni oshirish yoki tushirishga haqqi yo‘q. Qaysidir maktabdan bir o‘qituvchi o‘rtacha balga amal qilmay o‘zi bilganidek choraklik baho chiqargan ekan, rosa shov-shuv bo‘ldi. Shu zormanda bahoni dasturning o‘zi chiqarib qo‘yishi uchun, uzoq borsa soniyaning qanchadir ulushi kifoya qiladi. Buning uchun yuz minglab o‘qituvchi telefonga termulib ko‘zining nurini, asabini yo‘q qilishi shartmikan? Xullas, mana shu yuqoridagi holatlarning o‘ziyoq dasturning bahosini chiqarish uchun yetarli. Ya’ni dastur ta’lim taraqqiyoti uchun emas tanazzuli uchun yaratilgandek tasavvur uyg‘otadi.
Yolg‘onga asoslangan tizim
Yolg‘on barcha davrlarda ham eng salbiy va yomon illatlardan biri hisoblangan va deyarli hamisha yomon, salbiy oqibatlar keltirib chiqargan. Kundalik.com dasturi esa boshdan-oyoq yolg‘on asosga qurilgan. Ta’lim tizimi xodimlari ijtimoiy tarmoqlarda bildirgan ayrim fikrlardan iqtiboslar keltirsam: “Kundalik.com ajoyib tizim ekan. Jurnalni ko‘cha-ko‘yda, bozor yoki to‘yda ham to‘ldirib, bahosini qo‘yib ketaversa bo‘larkan”, “Kundalik.comga ota-onalarning o‘rniga o‘zimiz to‘lov qilib, obuna bo‘lishga majbur bo‘lyapmiz”, “Obuna bo‘lmagani, to‘lov qilmaganiga yarasha, loaqal farzandlarining o‘qishini nazorat qilishsa ekan. Ularning o‘rniga ham o‘zimiz kirishga majbur bo‘lyapmiz. Qirqta o‘quvchining o‘rniga kirish ko‘zni toldirib tashlarkan. O‘qituvchilikni tashlab boshqa kasbning etagini tutsammikan?”.
Xullas bunday, ya’ni tizimning yolg‘on asosga qurilganligi haqidagi iqtiboslarni yuzlab, minglab keltirish mumkin.
Manfaatlar to‘qnashuvi
Yana o‘qituvchilar noroziligiga sabab bo‘layotgan jihatlardan biri bu Kundalik.comda amalga oshirilayotgan ishlarning o‘qituvchilarning o‘z shaxsiy qurilmalarida, o‘z shaxsiy trafiklari hisobidan amalga oshirilayotganligidir. Barcha o‘qituvchilar zamonaviy noutbuk, planshet yoki smartfonlarga ega emas. Bu esa o‘z-o‘zidan yana bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarishi tushunarli. Bundan tashqari internet tezligining pastligi esa yanada kattaroq muammo.
Ana shu nuqtayi nazardan kelib chiqib fikrlaydigan bo‘lsak, yana bir qator savollar tug‘iladi. Masalan, kamroq trafik sarflanadigan va kamroq internet tezligida ham ishlashi mumkin bo‘lgan tarmoqlarda emas, aynan YouTube tarmog‘ida tashkil etilganligi ham turli shubhalarga sabab bo‘lmoqda.
Boshqa qiyinchiliklar
Yuqorida keltirilgan kamchiliklardan tashqari tizimning bemalol ishlashi uchun yana bir qator to‘siqlar bor. Bulardan biri elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar bo‘lsa, yana biri internet tezligining pastligidir. Ayniqsa qishloq hududlarda.
Eng asosiy muammolardan biri esa ko‘plab ota-onalarning zamonaviy smartfonlar, planshet, noutbuklarga yoki yetarlicha internet savodxonligiga ega emasligidir. Natijada qog‘oz kundalik tutilgan paytda bolalarining o‘qishini uzluksiz nazorat qilib boradigan ota-onalar ham hozirgi vaqtda bu imkoniyatdan mahrum bo‘lib qolmoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan o‘qituvchilarning “soxta” ota-onalarga aylanishiga sabab bo‘lmoqda.
Yana bir muammo esa dasturning anchagina murakkab tuzilganligidir. Bu esa ayrim AKT savodxonligi yuqori bo‘lmagan o‘qituvchilar uchun qiyinchilik tug‘dirayotgani sir emas. Bu esa turli tushunmovchiliklar, mazkur tizimdan norozilik tug‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi 63-maktabning tarix fani o‘qituvchisi