Taʼlim muassasalarida PIRLS, PISA va TIMSS xalqaro baholash jarayonlariga qanday tayyorgarlik koʻrilmoqda?
Taʼlim muassasalarida PIRLS, PISA va TIMSS xalqaro baholash jarayonlariga qanday tayyorgarlik koʻrilmoqda?
Mamlakatimizda davlat hamda jamiyat ahamiyatiga molik dolzarb masalalar bilan bir qatorda, taʼlim sifatini oshirish va xalqaro baholash jarayonlariga munosib tayyorgarlik koʻrish masalasiga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.
Taʼkidlash joizki, davlatimiz rahbarining Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan boʻlib, unda Oʻzbekiston Respublikasining 2030-yilga kelib PISA xalqaro baholash dasturining reytingi boʻyicha jahonning birinchi 30 ta ilgʻor mamlakati qatoriga kirishiga erishish ustuvor vazifa etib belgilangan edi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida dunyoda taʼlim sifatini baholash boʻyicha yetakchilik qilib kelayotgan xalqaro baholash dasturlari, jumladan, TIMSS, PISA va PIRLS dasturlarida ishtirok etishga kirishildi.
Xalqaro baholash dasturlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, bevosita taʼlim sifatini oshirish bilan bogʻliqdir. Unda ishtirok etish, nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon hamjamiyatida oʻquvchilarning oʻquv dasturlarini yodda saqlab qolganligini baholashdan ularning kompetensiyalarini baholash, yaʼni maktabda egallagan bilimlarini real hayotiy vaziyatlarda qoʻllay olishi, ijodiy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish va uni baholashga oʻtishda muhim vosita boʻlib hisoblanadi.
Qolaversa, oʻqituvchilar va oʻquvchilarning TIMSS, PISA va PIRLS tadqiqotlari haqidagi tasavvurlarini boyitish, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik darajasini oshirish, oʻquvchilarning ijodiy va mantiqiy fikrlash koʻnikmalarini rivojlantirish, shu orqali taʼlim sifatini oshirishga hissa qoʻshish maqsadida Taʼlim inspeksiyasi, uning huzuridagi Milliy markaz hamda xalq taʼlimi tizimidagi mutaxassislar bilan hamkorlikda qator ishlar amalga oshirilyapti.
Xalqaro tadqiqotlar boʻyicha koʻplab maktablarda PISA savollari negizida dastlabki tajriba-sinovlar oʻtkazilib, minglab oʻquvchilar qamrab olindi. TIMSS dasturi savollari negizida Jahon banki bilan hamkorlikda respublikamiz maktablarda tadqiqot oʻtkazilib, oʻquvchilarning matematik savodxonligi baholandi.
Yuqorida qayd etilgan muhim chora-tadbirlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yilning 2-aprel kuni poytaxtimizning Sergeli tumanidagi 269-maktabida ham seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirga tumanidagi barcha umumtaʼlim maktablarining boshlangʻich sinf oʻqituvchilari qamrab olingani ayni muddao boʻldi. Zero, boshlangʻich sinf oʻqituvchilarining TIMSS, PISA va PIRLS tadqiqotlari haqidagi tasavvurlarini boyitish xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik darajasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yana bir jihat, bunday seminar xalq taʼlimi tizimida taʼlim sifatini baholash sohasidagi Xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik koʻrishga yoʻnaltirilgan tayanch maktablarida 2021-2022-oʻquv yilida boshlangʻich taʼlim yoʻnalishi yuzasidan Toshkent shahar Xalq taʼlimi bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan jadval asosida oʻtkazilmoqda.
Mazkur seminarda Sergeli tumanidagi 300-tayanch maktabi trenerlari M.Asadova, M.Xolboyeva, F.Afleyeva, G. Rahimova, M. Xolmuhamedova, Sh. Gʻulomovalar ishtirok etib, xalqaro tadqiqotlarga tayyorgarlik darajasini oshirish va shu orqali taʼlim sifatini oshirishga hissa qoʻshish borasida oʻz mashgʻulotlarini olib borishdi.
Shu bilan birga, seminar-treningda Sergeli tumani xalq taʼlimi boʻlimi boshlangʻich taʼlim fanlari metodisti Nargiza Umirova qatnashdi.
Tadbirda oʻqituvchilar PIRLS va TIMSS xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorgarlik koʻrish davrida nimalarga eʼtibor berish kerakligi haqidagi oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Umuman, seminar mashgʻulotlari yuqori kayfiyatda, savol-javoblarga boy tarzda oʻtdi.
Muqaddas NIYAZMETOVA,
Sergeli tumanidagi 269- maktabining
boshlangʻich sinf uslub birlashmasi raisi