“TA’LIMDAGI ISLOHOTLAR MAZMUNI ENG QUYI TIZIMGACHA YETIB BORMAYAPTI”
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasida Qashqadaryo viloyati hokimiga maslahatchi sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan finlandiyalik ekspert Petri Lounaskorpi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Qashqadaryo viloyatidan tanlab olingan 48 maktabda Finlandiya tajribasi asosida ta’lim berishni yo‘lga qo‘yishga mo‘ljallangan loyihaning dastlabki takliflari muhokama qilindi. – O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi islohotlarni yuksak qadrlaymiz, – deydi Petri Lounaskorpi. – Har qanday islohotlarni amalga oshirish uch ustunga asoslanadi, deb hisoblasak, O‘zbekistondagi ta’lim sohasida bu zamonaviy AKT texnologiyalari, o‘quv dasturlari hamda pedagoglarni tayyorlash va malakasini oshirish jarayonlarida ko‘zga tashlanadi. Ushbu ustunlarning biri boshqasidan farqli bo‘lsa, butun tizim orqaga ketishi mumkin. Shu o‘rinda e’tirof etishim lozimki, mamlakatingizda qabul qilingan yangi tahrirdagi “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun hamda yangilangan o‘quv dasturlari sohani rivojlantirishda muhim dastak vazifasini o‘tab beradi.
Ammo Qashqadaryo viloyati misolida aytishim lozimki, bu jarayonda o‘zim duch kelgan eng asosiy muammo mamlakatingizda pedagoglar malakasini oshirishda 3 ta parallel tizim bir vaqtda ishlamoqda. Ular maktablardagi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari, tumanlardagi metodistlar hamda bevosita xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazidir. Ammo o‘rganishlarim shuni ko‘rsatdiki, pedagoglar malakasini
oshirishda mazkur tizimlar o‘rtasidagi hamkorlik juda zaif.
Shuningdek, bevosita ta’lim tashkilotidagi ma’lumotlarni yig‘ish bilan shug‘ullanuvchi ichki metodistlar(direktorning o‘quv ishlari bo‘yicha o‘rinbosari va metodkabinet rahbarlari)ga qo‘yilgan yuklamalar ularning sohadagi yangiliklarni o‘rganishlari hamda o‘zlari ustida ishlashlariga to‘siq bo‘lmoqda.
Shundan kelib chiqib, biz hududlardagi metodistlarga o‘zlari kabi boshqa hamkasblarini o‘qitishlari uchun qator treninglar tashkil etdik. Afsuski, maktablardagi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari ushbu treninglarga qatnashishda vaqt bilan bog‘liq muammolarga duch kelishdi.
Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish hududiy markazida pedagoglar uchun 5 kunlik treninglar muntazam ravishda tashkil etib kelinmoqda. Bunda pedagoglar uchun “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri hamda yangi o‘quv dasturlari muhim yangilik sifatida qabul qilinmoqda.
Bu kabi markazlar sohadagi yangiliklar eng quyi bo‘g‘inga qadar yetib borishida asosiy dastak vazifasini o‘tashi lozim. Chunki unda har yili barcha o‘qituvchilar o‘z bilim va malakalarini oshirishadi. Shunday ekan, mamlakatingizda ta’lim islohotlarini yo‘lga qo‘yishda, avvalo, bu kabi markazlarning mas’uliyatini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Chunki pedagogning bilim va salohiyati qanchalik kuchli bo‘lmasin, u o‘n yillab o‘zgarmagan o‘quv dasturlari va dars rejalari bilan qurollantirilsa, kutilgan samaraga erishib bo‘lmaydi.
Bu jarayonda esa o‘qituvchilarning oldida turgan asosiy muammolardan biri ularning haligacha nazariy metodlarga asoslanib dars o‘tishlaridir. Mamlakatingiz ta’lim tizimidagi muammolar ham ayni shu nuqtada ko‘zga tashlanmoqda. Chunki o‘quvchi darsda beriladigan nazariy bilimlarni o‘zlashtirmoqda. Ammo uni hayotda qo‘llash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lmayapti.
Yana bir jihat. Bugungi kunda barcha sohalarga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jadal kirib kelmoqda. Bundan 20 yil avval ushbu texnologiyalar faqatgina ma’lum doira vakillarida mavjud bo‘lgan bo‘lsa, bugun deyarli barchamiz eng kamida mobil telefondan foydalanamiz. Yana 10 yoki 20 yildan keyin bu jarayonlar qaysi tomonga o‘zgarishini bilmaymiz. Ammo bolalarimizni zamonaviy tendensiyalarga moslashuvchan qilib tarbiyalashimiz lozim.
Ta’lim maqsadlari muntazam o‘zgarib boradi. Bugungi kunda oldimizda turgan eng muhim masalalardan biri XXI asr talablariga mos kadrlar tayyorlashdir. Biroq mavjud
yondashuvlarni o‘zgartirmay turib, bunga erishish qiyin.
Buning uchun esa o‘quvchilarga kelajakda haqiqatda kerak bo‘ladigan malaka va ko‘nikmalarni singdirish lozim. Ya’ni o‘quvchilar mavjud bilim va ko‘nikmalar orasidan o‘zlari uchun kerakli bo‘lganlarini tanlab olish imkoniyatiga ega bo‘lishlari kerak.
Bu borada xaos yuzaga kelishining oldini olish uchun esa o‘quv dasturlarini takomillashtirish hamda o‘quvchilar fanlarning hayotdagi o‘rnini tushunishlariga erishish lozim.
Ayni paytda O‘zbekiston ajoyib boshlang‘ich nuqtada turibdi. “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi, o‘quv dasturlari yangilanmoqda. Hattoki, o‘qituvchilar o‘z ishlariga 15 foiz o‘zgartirish kiritish huquqiga ega bo‘lmoqda. Ammo bu jarayonda kichik jihat e’tiborga olinishi lozim. Bu kabi o‘zgartirishlarga o‘qituvchilarning tayyorgarlik darajasi yetarli emas. Chunki ular maktablar bilan amalga
oshirilayotgan jarayonlarga mas’ul
emas. Ular shunchaki, maktab direktori yoki direktor o‘rinbosarlari tomonidan berilgan topshiriqlarni bajarishadi.
Men Qashqadaryodagi malaka
oshirish markazida 200 nafarga yaqin direktor o‘rinbosarlariga dars berdim. Har safar ularga 3 savol bilan murojaat qildim: “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunni o‘qiganmisiz?”, “Yangi o‘quv dasturlari bilan tanishib chiqdingizmi?”, “15 foizlik o‘zgartirish deganda nimani tushundingiz?”.
Dastlabki 2 ta savolga hech qanday javob ololmadim. Bu eng katta muammo emas. Bu shunchaki, kerakli ma’lumotlarning o‘qituvchilarga yetib bormaganligi, tushuntirish ishlari yetarli darajada emasligini anglatadi.
Ish jarayonlarini 15 foizga o‘zgartirish bilan bog‘liq savolga esa juda o‘ziga xos javoblar oldim. Javoblardan biri 45 daqiqalik dars vaqtining 6 daqiqasini boshqa ishlar uchun sarflash mumkinligi bilan bog‘liq bo‘ldi. Boshqa hamkasblari esa bu javobning maoshga ta’siri haqida gapirishdi.
Yana boshqa biri esa ushbu 15 foiz faqat alohida e’tiborga muhtoj o‘quvchilar uchun qo‘llanilishini aytdi.
Aslida bu 15 foizlik o‘zgartirish ta’limning mazmuniga borib taqaladi. Misol uchun bir o‘qituvchi haftasiga 20 soat dars bersa, shundan 3 soatini o‘ziga mos tarzda tashkil etishi mumkin,
degani. Bu o‘ziga xos dars rejasi yoki yangicha metodlardan foydalanishda ko‘zga tashlanadi.
Pedagoglarga bu kabi o‘zgarishlar mohiyati yetib bormasligi sohada yirik muammolarni keltirib chiqaradi.
Bundan tashqari, o‘qituvchilar dars jarayonlarida faqatgina darsliklar bilan cheklanib qolmasliklari lozim. Bunda mavzuni o‘quvchilarga yetkazib berishda qo‘shimcha adabiyotlardan foydalanish darslarning samaradorligini oshiradi.
Biz Finlandiyada o‘qituvchilarga 3 ta savol beramiz: birinchisi, “Nima?”. Ya’ni “U beradigan ta’limning mazmuni nimalardan iborat?”, “Qanday faktlar asosiga qurilgan?”, “Ta’lim mazmuni o‘zaro qaysi nuqtalarda kesishadi?”. Ikkinchisi, “Nima uchun?”. Ya’ni “Ushbu dasturdan o‘quvchi qanday foyda ko‘radi?”, “Ta’lim jarayonlari imtihonlar uchunmi?”, “Real hayot uchunmi?”, “Kelajak uchunmi?”, “Kasb uchunmi?”. Uchinchisi esa, “Qanday qilib?”. Ya’ni “O‘quvchilarga ta’lim berish uchun eng yaxshi metod nima?”.
O‘ylaymanki, O‘zbekistonda ham mana shu jihatlar e’tiborga olinsa, ta’lim jarayonlarini takomillashtirish osonroq kechadi – dedi finlandiyalik mutaxassis.
Uchrashuv davomida finlandiyalik maslahatchi taqdimot qilib Qashqadaryo maktablarida amalga oshirish rejalashtirayotgan loyiha haqida batafsil ma’lumot berdi.
Xususan, o‘qituvchilar tayyorlash, ularning malakasini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish, yangicha dars o‘tish metodlari bo‘yicha rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va inspeksiya vakillaridan o‘zini qiziqtirgan bir qator savollarga javob oldi.
Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev janob Petri Lounaskorpiga berilgan batafsil ma’lumotlar uchun minnatdorlik bildirar ekan, loyihani amalga oshirishda e’tibor qaratish lozim bo‘lgan jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.
– Prezidentimiz tomonidan ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda, – dedi Ulug‘bek Toshkenboyev. – Xususan, kuni kecha davlatimiz rahbari tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi 48 ta maktabda kelgusi o‘quv yilidan Finlandiya ta’lim tizimini joriy etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi. O‘zim ham yaqinda ushbu viloyatda bo‘lib, maktablar faoliyati, hududdagi pedagoglar malakasini oshirish tizimi bilan tanishdim. Shundan kelib chiqqan holda, aytishim lozimki, sohadagi islohotlarni amalga oshirishda, avvalo, maktablarimizdagi ta’lim jarayonlarini mazmunan boyitish, pedagoglarni tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini qayta ko‘rib chiqish kerak.
Taqdimotingizdan ko‘rinib turibdiki, bevosita joylarga chiqib mavjud muammolarni o‘rganib, loyiha ishlab chiqilgan. Bugun uchrashuvda muhokama qilingan mavzular va takliflar ham ushbu loyihani yanada takomillashtirishga xizmat
qilishiga umid qilaman.
Ushbu loyiha Qashqadaryo maktablarida muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgach, bu tajribani barcha hududlarga yoyish imkoniyati bo‘ladi deb hisoblayman.
Uchrashuv yakunida loyihani amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Zilola MADATOVA,
“Ma’rifat” muxbiri