Tadbirdan tarbiyalangan ota
Dars boshlandi. Birma-bir vazifalarni so‘ray boshladim. O‘quvchilar faol edi, faqatgina Akmaljon jim o‘tirardi. Uning xavotir bilan menga jovdirab qarashi yana vazifani bajarmay kelganini anglatardi. Lekin tanbeh bermadim, xuddi xavotirini sezmagandek daftarlarni yig‘a boshladim.
Dars tugadi. Turli o‘ylar bilan uyga yo‘l oldim. Bu o‘quvchimning oilaviy ahvoli menga ma’lum. Chunki bu oilaning uchinchi farzandini o‘qitishim. Opasi sinfimdagi eng faol o‘quvchilardan edi. Akasi ham juda mas’uliyatli, odobli bola bo‘lgan. Akmaljonning ham odobi, xulqi uchun onasiga bir necha marta rahmat aytganman. Muammo esa uning uyda yolg‘iz qolishi, vazifalarni bajarishiga hech kim yordam bermasligi va sharoitining nochorligi, kun bo‘yi uyda bekor yotgan otasining buyuradigan yumushlaridan ortib dars qila olmasligidir.
Akmaljonning otasi hech qayerda ishlamaydi. Onasi bozorda sabzavot sotadi. Opasi ham unga yordam beradi. Uyiga bir necha marta borganman. Biroq onaizorning hayot qiyinchiliklaridan nolib farzandining darslariga qarasha olmayotgani, uning ehtiyojlarini qondira olmayotganidan kuyunib gapirganini eshitib qaytganman. Endi esa boshqacha yo‘l tutishim kerak. Nima qilsam ekan?
Shu orada 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni yaqinlashib qoldi. Xayolimga kelgan fikrdan darhol daftar-ruchkamni oldim-da, yoza boshladim. Birpasda tadbir senariysini tuzdim va uni tashkillashtirish uchun onalarni maktabga chaqirdim. Ularga bayramga otalarni jalb etishimiz kerak, chunki u “Balli yigitlar!”, deya nomlanadi, deb tushuntirdim. Tayyorgarlik boshlanib ketdi. Bolajonlar shu darajada kirishib ketdiki, harbiy kiyimlargacha tiktirishdi. Akmaljonga ham harbiy kiyim topdik.
Bayram kuni. Tadbir boshlanishiga o‘n daqiqa qolganida Akmalning dadasi qo‘ng‘iroq qildi. Salomlashgach, men maktabga borishim shartmi, deya so‘radi. O‘zingiz bilasiz, lekin birinchi shartimizda otalar davraga chiqib o‘tirishadi va bolalar ular qarshisida dil izhorlarini aytadi. O‘g‘lingiz shunchalik tayyorlanganki, quvonchi ichiga sig‘may, ikki ko‘zi eshikda, sizni kutib o‘tiribdi, dedim-da, go‘shakni qo‘ydim.
Nihoyat uzoq kutilgan bayram kechasi boshlandi. Sinfimda o‘n ikki o‘g‘il bola bo‘lsa, o‘n bittasining otasi kelgan. Tadbirni qizlar boshlab berdi. Birinchi shartga ko‘ra, qaysi o‘quvchining ismi e’lon qilinsa, uning otasi davraga chiqib stulga o‘tiradi, farzandi tomonidan tayyorlangan tabrik so‘zlari va tabriknomani qabul qiladi. Dil izhorlari qanday ta’sir qilayotgan ekan deb otalarning ko‘zlariga qarayman. Akmaljonning esa hamon ikki ko‘zi eshikda.
Shu payt Akmaljonning dadasi kirib keldi. Bolaning ko‘zlari quvonchdan porlardi. Qizlar uni otasi bilan davraga taklif qildi. Akmaljon:
“Aziz dadajonim! Mening eng mehribonim, g‘amxo‘r insonim! Sizni qanchalik yaxshi ko‘rishimni hech qachon o‘zingizga aytmaganman. Men sizni juda-juda yaxshi ko‘raman. Sizdek dadam borligidan faxrlanaman. Axir dunyoda otasiz o‘sayotgan bolalar, otasi tashlab ketgan tengdoshlarim qancha. Kelajakda siz va onajonimning ushalmagan orzularingizni amalga oshirish uchun bor kuchim bilan halol mehnat qilaman. Bugun sizning bayramingiz. Farzand bo‘lib hech qachon sizni tabriklamagan ekanman. Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklayman va sizga munosib farzand bo‘laman. Qolgan so‘zlarim mana shu tabriknomada yozilgan. Tabrigimni qabul qiling, dadajon”, dedi-da, ko‘zlarida yosh bilan dadasini quchoqlab oldi. Dadasining qay ahvolga tushganini bir ko‘rsangiz edi.
Keyingi shartda har bir o‘quvchi turli oilalarda voyaga yetayotgan farzandlarning ko‘ngil kechinmalari yozilgan monologni obrazga kirib ifodali o‘qib berishi kerak edi. Akmaljonga aynan “Bolalar uyida voyaga yetayotgan bolaning ko‘ngil kechinmasi” tushdi. U buni ham qoyil qilib bajardi. Xullas, bayramdan otalar o‘zgacha kayfiyat bilan chiqishdi.
Kech bo‘lishini kuta boshladim. Akmaljonning onasiga qo‘ng‘iroq qildim. Dadasidan tadbir taassurotlarini so‘radingizmi, dedim. “Voy, ustoz, sizga ming rahmat! Dadamiz biram xursand bo‘lib keldilar. Onasi, o‘g‘ling hammani yig‘latdi. Shu bolang aktyor bo‘lib ketadi-yov, ustozi bolalarni zo‘r tayyorlabdi. Bu bolaning o‘qishiga yaxshilab e‘tibor berish kerak, to‘garaklarga ham qatnashsin, deb tadbir taassurotlarini aytib ado qilolmayapti. Rahmat, sizga. Baraka toping, dunyo turguncha turing”. Shundan keyin ichimda bir yengillik his qildim. Umrida maktab ostonasini ko‘rmagan ota birinchi marta maktabga kelib shuncha yaxshi taassurot bilan ketishi, farzandiga e’tibor berishi mening maqsadimga yetganimdan dalolat edi.
Malohat QODIROVA,
Jizzax shahridagi 18-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi