Taklif - “Ommalashtirish”
“Ommalashtirish”
“ rasmiylashtirish”ga o‘zgartirilsa, haqiqatga yaqin bo‘lardi
“Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 2-iyun sonida bosilgan “Maqola chiqargan o‘qituvchining ish-tajribasi ommalashgan hisoblanadimi?” maqolasi e’tiborimni tortdi va bu borada o‘z mulohazalarimni bildirishni lozim topdim.
Muallif Respublika ta ’ lim markazi tomonidan ishlab chiqilgan “ Ilg ‘ or ish - tajribalarni o ‘ rganish va ommalash tirish ” tartibi haqida o ‘ qituvchilarga mufassal tushuncha berishga harakat qilgan . Unda Vazirlar Mahkamasining 823-qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasini tashkil etish va uning mablag‘laridan foydalanish tartiblari to‘g‘risida”gi nizomga Vazirlar Mahkamasining 831-qarori bilan kiritilgan o‘zgarishlardan biri sifatida maqola yozish bandining olib tashlangani aytiladi. “Maqola yozib kimlardandir jimjimador sertifikat kutish, buning uchun maktab ma’muriyatidan ustama talab qilish mutlaqo noto‘g‘ri”, deb yozadi muallif.
Albatta, maqola yozish bandining olib tashlanishi ustama uchun pulga maqola yozdirgan, qanaqadir tijorat kanallari egalarining cho‘ntagini to‘ldirib, jimjimador sertifikat egasi bo‘lgan “ijod ahli”ning g‘olibona yurishini to‘xtatgandir. Bu borada muallif haq. Haqiqatan, ikki jumlani eplab tuza olmaydigan ayrim “ijodkor”larning kiprik qoqmay maqola yozganman deganlarini ko‘rib lol qolgan paytlarim ham bo‘ldi. Ammo ijodga moyil, tabiatan ijodkor ustozlar-chi? Chin ko‘ngil amri bilan yozilgan maqolalar-chi? Umuman, maqola deganda maqolaning sifati, saviyasi, ko‘tarilgan muammoning dolzarbligi, zalvori e’tiborga olinadimi yoki mittigina fikr ham maqola bo‘la oladimi? “O‘rmonga o‘t ketsa…” deb qarab turaverilsa, respublikada sanoqli ijodkor o‘qituvchilarni ham yo‘qotib qo‘ymaymizmi?! Umuman ta’limdagi muammolarni ko‘tarib chiqish bilan ularni bartaraf qilish uchun jon kuydirayotgan ustozlarni qo‘llab-quvvatlaydigan ta’lim fidoyilari bormi?! Yoki yurtimizga ijodkor ustozlar kerak emasmi?!
Maqola muallifi ommalashtirish jarayonini dona-dona bayon etgan, unda sanalgan yig‘iladigan qog‘ozlar-u ajratilgan muddatlar bu hujjatlarni yig‘ish uchun kiriladigan sanoqsiz eshiklar mufassal bayon etilganki, beixtiyor buyuk Navoiyning mashhur qahramoni Farhodning Yunon eliga safari yodimga tushdi. Adashmasam, “yo‘lda 3 ta mudhish balo bor”, deyiladi dostonda. Agar Farhodning oldiga shunday talablar qo‘yilsa, balki Yunonistonga borish fikridan voz kecharmidi?!
Filolog sifatida biroz mubolag‘a qilgan bo‘lsam uzr. Albatta, bu o‘rinda muallifning aybi yo‘q.
U amaldagi ommalashtirish tartibini yoritib bergan xolos. Yozayotganlarimni rasmiyatchilikka asoslangan tartibga isyon sifatida qabul qiling.
“Ommalashish”aslida nima?
O‘zbek tilining izohli lug‘atida bu so‘zga shunday ta’rif beriladi: Ommalashish ― omma, ko‘pchilik, xalq orasida yoyilmoq, keng tarqalmoq. Gazeta, jurnal, radio va televideniyening ommaviy axborot vositasi deyilishi shundan, albatta. Endi masalaga mantiqan qaraylik. O‘qituvchining respublika nashrida e’lon qilingan ishini ommalashmadi, deyishda qanchalik mantiq bor? Yoki xalq bu ustoz hali ommalashdi degan hujjatini olgani yo‘q, olsagina maqolasini o‘qiymiz, tajribasidan foydalanamiz, deb gazetani bir chetga uloqtirmaydi-ku.
Taklifim: Respublika gazetasida chiqqan maqola muammoning mazmuniga, dolzarbligiga ko‘ra tahlil qilinib, arzisa ommalashish sifatida tan olinsin. Agar, hech qanaqa maqola ommalashish uchun tan olinmaydi, deyilsa, “O‘qituvchining ilg‘or ish-tajribasini ommalashtirish” jumlasini “o‘qituvchining ilg‘or ish-tajribasini rasmiylashtirish” deb o‘zgartiraylik. Bizda ta’lim emas, rasmiyatchilik muhimroq, shunday ekan hamma narsani o‘z nomi bilan atagan ma’qul.
Ommalashish jarayonining tuman, viloyat, respublika deb bosqichlab qo‘yilishidan kim manfaatdor? Ommalashish tartibiga ko‘ra, ommalashish uchun o‘qituvchining ishi tayanch maktablarda tumanda
3 oy, viloyat miqyosida 2 oy, respublika miqyosida
1 chorak davomida o‘rganilishi, maqola muallifi ta’biri bilan aytganda, aprobatsiyadan o‘tkazilishi
kerak ekan. O‘qituvchi o‘z ishida bir afzallik ko‘rgandirki, uni boshqalarga ilinyapti. Kimga ma’qul bo‘lsa, dars jarayonida qo‘llaydi yoki qo‘llamaydi. Respublikada ommalashdi degani ― tuman va viloyatda ham ommalashdi, degani emasmi? Bu tajriba foyda keltirsa keltiradiki, ziyoni yo‘q. O‘qituvchi uch bosqich uchun kerak bo‘ladigan o‘nlab qog‘ozlarga ega bo‘lish uchun necha eshiklarga sarg‘ayishi, kimni “opa”, kimni “uka” deyishi lozim. Mana, bizda ta’lim nima uchun depsinib turaveradi, manfaat yo‘lida xushomad, korrupsiya gullab-yashnayveradi. Eng yomoni, izzat-nafsi butun, qadrli vaqtini foydasiz yugur-yugurlardan qizg‘anadigan ustoz ishini ommalashtirmay qo‘ya oladi.
Taklifim: Kimki o‘z ishini mukammal hisoblasa, respublikada ommalashtirishga tavsiya qilsin. Tuman, viloyat degan to‘siqlardan allaqachon voz kechishpayti yetgan. Bunday bosqichlash ustozlar uchun ham, ta’lim uchun ham manfaatli emas.
“Maqola yozishingiz uchun siz shunchaki ijod qilishingiz kerak”, deb yozadi muallif. Ijodga shunchaki qarash mumkinmi?!
Hurmatli maqola muallifi, “O‘zbekiston ovozi” gazetasining 2019-yil 30-aprel sonida bosilgan “Ona tili darsliklaridagi xatoliklar, chalkashliklar va murakkabliklar haqida” maqolasiga, “Ma’rifat” gazetasining 2021-yil 14-iyul sonida chop etilgan “Tekinga kafan bo‘lsa o‘lmoq kerakmi?”, 2021-yil 20-iyul sonidagi “Qachon savodxonlikka erishamiz?” maqolalarini erinmay o‘qing, tahlil qiling. “Aprobatsiya” degan talab bilan yuqoridagi maqolalarga bir nigoh tashlab ko‘ring.
Keltirilgan birinchi maqolada yillar davomida butun respublika miqyosida amalda qo‘llanib kelayotgan 5-, 6-, 7-, 8-, 9-sinf “Ona tili” darsliklari hijjalab ilmiy tahlil qilingan, murakkab, ilmiy jihatdan chigal va noqulay o‘rinlarga tanqidiy munosabat bildirilgan. Bugun maqolada sanab o‘tilgan kamchiliklar darsliklardan olib tashlandi, chigalliklar bartaraf etildi. Butun respublikada “Ona tili” darsliklarining o‘zgarishiga ozmi-ko‘pmi sabab bo‘lgan, demakki, ona tili ta’limining samarali bo‘lishiga hissa qo‘sha olgan ustoz bu xulosalarga kelish uchun darsliklarni necha yil aprobatsiyadan o‘tkazgan, deb o‘ylaysiz? Nahotki, ustozning 20-30 yillik tajribasi evaziga chiqargan ilmiy xulosalari-yu maktab o‘qituvchisi sifatidagi zahmati bitta ommalashtirishga, to‘g‘rirog‘i, ommalashtirildi, degan bir parcha qog‘ozga (amalda u allaqachon ommalashib bo‘ldi, darslik mualliflari bo‘lgan tajribali tilshunos
olimlar tomonidan o‘rganilib darsliklar o‘zgartirildi) arzimaydi?
2-maqola mualliflari ― el tanigan olimlar, ilm kishilari. Bunday tahlil uchun, fikrni shunchalik aniq ifodalash uchun qanchalik chuqur ilmiy tafakkur zarur. Bu fikr bilan maqolani shunchaki yozib bo‘lmaydi, demoqchiman.
3-maqolada respublika aholisining savodxonligiga mas’ul bo‘lgan “O‘zbek tilining imlo qoidalari” ilmiy jihatdan tahlil qilib berilgan. Ilmiy tahlilning naqadar nozikligi, ilmiy xulosalar yillar davomida chiqarilishini va bu uchun javobgarlik mas’uliyatini ilm kishisi tushunadi, xolos.
Ilm bilan shug‘ullangan inson olim sanaladi, ulug‘lanadi. Maktabda o‘qituvchilik faoliyatidan ortib ilmiy salohiyatini namoyon etayotgan, fani doirasida ilmiy mukammallikka intilayotgan ustoz uchun qanday rag‘bat bor?
“Ish-tajribaning ommalashishi bitta maqola yozib hal qilinadigan jarayon emas. Buning uchun bir
qancha hujjatlarni rasmiylashtirishga to‘g‘ri keladi” , deyiladi maqolada. Bu jumlaning o‘ziyoq ommalashtirish tartibi rasmiyatchilikdan iborat chigal jarayon ekanini, yangiliklarning ta’limga tezroq kirib borishi yo‘lida to‘siqdan boshqa narsa emasligini isbotlab turibdi. Demak, bizda nimadir yaratishdan ko‘ra uni yuzaga chiqarish mushkulroq.
Ommalashtirish tartibida: “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisini aniqlash yo‘nalishida o‘tkaziladigan respublika miqyosidagi tanlov g‘oliblari, final ishtirokchilarining ish-tajribalari respublikada to‘g‘ridan to‘g‘ri ommalashtiriladi”, deyiladi. Mana, qog‘ozbozliksiz ham bo‘larkan-ku. 20 dona test ishlab yoki bitta esse yozib, 45 daqiqa dars o‘tib ommalashish mumkin ekan-ku.
“Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” tanlovi haqida
Sportda yosh toifasi, vazn toifasi degan mezonlar bor. “Yosh kitobxon” tanlovida ham yosh e’tiborga olingan. Ustozlar tanlovida-chi? Na yosh, na tajriba, na erishgan yutuqlari e’tiborga olinadi? Xuddi 20–30 yashar navqiron yoshlar bilan 50–60 yoshli bobo yoki buvilar poygaga chiqarilgandek. Iltimos, tanlovlarda yosh masalasini ham e’tiborga olinsin. Toki yoshi ulug‘ ustozlar “shu yoshingda senga tanlovda nima bor” degan qarashlarni sezib, o‘zlarini ortiqchadek his qilmasin. Moddiy rag‘batlantirish borasida muammo bo‘lsa, xijolat bo‘lmang, o‘qituvchi xalqi hech qachon hech kimdan million-million rag‘bat kutmagan. Garchi ta’lim fidoyilari bundan ko‘prog‘iga munosib bo‘lsa-da, ular bir dasta gul bilan ham xursand bo‘lib ketadigan kamtarin zotlardir. Xo‘sh, ushbu tanlov til va adabiyot o‘qituvchisining qaysi sifatlarini ocha oldi:
1. Badiiy matnni tushunishi, his qilishinimi?
2. Mumtoz yoki zamonaviy she’riyatdan necha bayt yod bilishinimi?
3. Mumtoz adabiyot, aruz vazni borasidagi bilimlarinimi?
4. Ijodkorliginimi?
5. Lug‘at boyliginimi, mustaqil fikrlash yoki voqelikka munosabat bildira olishinimi?
6. Ona tili grammatikasini qay darajada bilishinimi? …
Tanlov shartida ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi uchun dars jarayonida suv va havodek zarur bu sifatlarning birontasi ham yo‘q. Ijodkorligi esse yozish orqali tekshirildi, deyishingiz mumkin. Respublika bosqichiga chiqqanlar tuman va viloyat bosqichida esse yozganlari yo‘q. Xo‘sh, ular ijodkorlik bobida kimlarni ortda qoldirib respublika bosqichiga chiqishdi?
Tanlovda ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisida zarur bo‘lgan sifatlar deyarli ochilmadi. “Yosh kitobxon” respublika tanlovi qanday o‘tyapti? “Eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” deya e’tirof etilgan ustoz metodika bilan bir qatorda darsliklar doirasida
kamida shunday talablarga javob bera oladigan bo‘lishi kerak.
823-qaror haqida
Qarordagi o‘qituvchi mehnatini baholash mezonlariga nazar tashlaylik. Unda baholashning 2-ko‘rsatkichi sifatida o‘quvchilarining olimpiada, tanlovlar, musobaqalar va boshqa tadbirlardagi ishtiroki nazarda tutilgan bo‘lib, yuqori ball sifatida 30 ball qo‘yilgan. Ya’ni 30 ball o‘quvchilari tuman miqyosidagi olimpiada, tanlovlarlardan birida 1-, 2-, 3-o‘rinni egallagan ustozlarga qo‘yiladi. Endi savol: o‘qituvchining bir nafar o‘quvchisi bitta tanlovda emas, 2 yoki 3 nafar o‘quvchisi 3 ta tanlovda g‘olib chiqdi, deylik. O‘qituvchining bali 30 balligicha qolaveradi. Ustozning yana ikki mehnati nomukammal qaror va maktab rahbarlari tomonidan “yeb” qo‘yilaveradi. Qani adolat?! Bir o‘quvchiga fan qonun-qoidalarini o‘rgatish uchun o‘qituvchi necha yil zahmat chekadi?! O‘quvchida ijodkorlik, insho yozish ko‘nikmasini shakllantirish ustozdan qancha mehnat, sabr, qancha izlanish
talab qiladi? Mehnatni ko‘ra oladigan oqko‘ngil maktab rahbarlari bo‘lsa-ku xo‘p-xo‘p, ikki bora qilingan mehnatni rag‘batlantirishi mumkin. Ammo rahbar
umrida o‘quvchi tayyorlash zahmatini chekmagan, davlat attestatsiyasida hatto toifasini yangilab kelishga yaramagan, rahbarlik o‘qituvchini itoatda tutishdan
iborat deb hisoblaydigan muzyurak “inson” bo‘lsa-chi? O‘qituvchining yillab qilgan mehnati qumga tushgan suvdek singib ketaveradimi?
O‘qituvchining har bir mehnati rag‘bat topa oladigan tartib qachon joriy qilinarkan? Ustozlar orasida davlat mukofotlari yoki ko‘krak nishonlariga munosib ko‘rilganlari bor. Ular soni ko‘p emas. Bunday e’tirof o‘qituvchining butun umri davomida qilgan mehnat faoliyati, zahmati evaziga berilgan. Bu rag‘batlarni
ustoz faqat ayrim bayram kunlarigina iymanib ko‘ksiga taqadi. 823-qarorda bu jihat nazarda tutilganmi? Yo‘q. Nega? Bu rag‘bat uzoq yillik mehnat samarasi ekan, iltimos, nomiga bo‘lsa-da, 10 foiz ustama bilan rag‘batlantirib qo‘ying. Davlat aynan rag‘bat uchun ajratgan mablag‘ning o‘z joyiga tushishiga hissa qo‘shing.
Joriy yilda respublika miqyosida tanlovlar bo‘ldi, ustozlar qatnashdi, yutuqlarga erishdi. Amaldagi 823-qarorda “O‘qituvchining tanlovlarda ishtiroki” degan bandning o‘zi yo‘q. Demak, yana ularga hech qanaqa rag‘bat berilmaydi.
Inson har doim ruhiy madadga ehtiyoj sezadi. Masalan, yozganlarim ortidan hech qanday rag‘bat topmagach, “bo‘ldi, endi hech qachon, hech narsa yozmayman, darsimni o‘tib yuraveraman, deya
uzil-kesil xulosa qilgandim. Yaqinda “Ma’rifat” gazetasi tahririyatining “Faslning eng yaxshi ijodkori” degan e’tirofi meni yana yozishga undadi.
O‘qituvchi faqat yuqoridan keladigan buyruqlar-u topshiriqlarni itoat bilan bajarishga majbur robot yoki soldat emas. U amaliyotchi mutaxassis
sifatida, ziyoli shaxs sifatida jamiyatdagi voqealarga, o‘z sohasi bilan bog‘liq muammolarga munosabat bildira oladigan, islohotlarga hissa qo‘sha oladigan erkin shaxs bo‘lmog‘i lozim. Ayniqsa, adabiyot o‘qituvchisi ijodkor bo‘lmas ekan, ijodkor o‘quvchini tarbiyalay olmaydi. Shunday ekan, ijodkor ustozlarni qo‘llab-quvvatlaylik, ularga qanot beraylik. Ijodkor o‘qituvchilarning respublika anjumanlari tashkil etilib, taniqli jurnalistlar, ijodkorlar bilan fikrlar
almashilsin. Bu maktabda faoliyat olib borgani holda ijodga befarq bo‘lmagan barcha ustozlar uchun katta tajriba maktabi bo‘ladi.
Gavhar USMONOVA,
Narpay tumanidagi
64-maktab o‘qituvchisi