Til bor ekan, millat barhayot
Til — millat ko‘zgusi
— Til — millat ko‘zgusi, — deydi Yakkabog‘ tumanidagi 75-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Mahbuba Xudoyberdiyeva, — o‘quvchilarga bolalikdan ravon nutqni o‘rgatish hamda savodxonligini oshirish muhim ahamiyat kasb etadi. Til bor ekan, millat barhayotdir. Tilni Onaga qiyoslanishi bejiz emas, inson o‘z onasini ko‘rmasdan, uning sof muhabbatini, mehrini tuymasdan yashay olishi mumkin emas. Bu fikrimizning isboti sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligi munosabati bilan so‘zlagan nutqini keltirishimiz mumkin: «Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin».
Ta’kidlash joiz, «Davlat tili haqida»gi qonunning 10-moddasiga ko‘ra, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va jamoat birlashmalarida ish yuritish davlat tilida, lekin ishlovchilarining ko‘pchiligi o‘zbek tilini bilmaydigan jamoalarda davlat tili bilan bir qatorda boshqa tillarda ham amalga oshirilishi mumkin. Ammo, ayrim davlat tashkilotlarida, organlarida va muassasalarida ish yuritish davlat tilida emas, balki boshqa tillarda, jumladan rus tilida olib borilishi holati kuzatiladi. Bu, o‘z navbatida davlat tiliga bo‘lgan hurmat va e’tiborning pasayishiga sabab bo‘lishi barchamizga birdek ayondir.