Til — ko‘ngil kaliti
Til — ko‘ngil kaliti
“Har bir millatning dunyoda borlig‘ini
ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va
adabiyotidur. Milliy ruhni yo‘qotmak,
millatning ruhini yo‘qotmakdur”.
Abdulla Avloniy
O‘zbek tili – tarixiy, qadimiy turkiy tillar oilasiga mansub tildir. Dunyoda mavjud tillar uch mingdan ziyod bo‘lsa, shudan faqat 200 nafari o‘z tili va yozuviga ega.Ularning orasida o‘zbek tilining ham borligi inson qalbini faxrga to‘ldiradi. Muntazam tarzda dunyoda qaysidir bir xalq, elat gaplashadigan til tanazzulga uchraydi. Shu bilan bir vaqtda abazin, bask, tabasaran tillari kabi yo‘qolib borayotganlari ham, afsuski, yo‘q emas.
Millatning shakllanishi, jahon miqyosida e’tirof etilishi, qolaversa, tobora taraqqiy etishida uning negizi, qadim tarixi, o‘z tiliga ega ekanligi muhim omillar sanaladi. Vaqt hamda tarixiy vaziyat taqozosi o‘laroq, muayyan bir hududda bir necha o‘n yoki undan ortiq millat vaqillari birga istiqomat qilsalar-da, shu hudud mahalliy aholisi o‘zining ona tiliga ega bo‘ladi. Suvsiz daryo bo‘lmaganidek, tilsiz millat ham vujudga kelmaydi. Biror millatga mansub bo‘lgan til, o‘sha millat bilan yashaydi va bardavom bo‘ladi. Avlodlar onasi o‘rgatgan til bilan o‘zligini taniydi.
Biz saodatli asrda yashayapmiz. Osuda, tinch hayot, ona vatanimizning osoyishtaligi, boy tariximiz, butun dunyoga ma’lum va mashhur ajdodlarimiz, o‘z ona tilimizning borligi, shu tilda emin-erkin so‘zlasha olishimiz qalblarni farahga to‘ldiradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda katta o‘zgarishlar, yangi yo‘nalishdagi islohotlar amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ko‘plab sohalardagi kabi davlat tili, ya’ni o‘zbek tiliga alohida e’tibor berib kelinmoqda.
Ona tilimizning davlat tili sifatiga nufuzini, obro‘sini ko‘tarish, uni amalda joriy etish bo‘yicha qilinayotgan ezgu ishlar ana shu islohotlardan biridir. Hukumatimiz tomonidan keyingi ikki yil ichida o‘zbek tilini rivojlantirishga qaratilgan yigirmadan ortiq qonun, Prezident farmonlari, hukumat qarorlari qabul qilindi.
Muhtaram Prezidentimiz “ Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak, ”- deb ta’kidlagan edilar.
Ajdodlarimiz meros qoldirganaziz ne’mat – ona tilimizni himoya qilish, e’zozlash, uni kelajak avlodga sof holda yetkazishimiz, buning uchun hamma birdek harakat qilishi kerak. Loqaydlik – yomon illat. Yon-atrofimizda, ko‘cha-kuyda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalar, qolaversa, farzandlarimiz, hamkasblarimizning nutqi, davlat tilida bexato yozishiga e’tibor berishimiz zarur.
Yurtboshimiz hamma sohalar kabi tadbirkorlik, ayniqsa, kichik tadbirkorlikka ham keng yo‘l ochib bermoqda. Shu o‘rinda, bugungi kunda ko‘pchilikning nazari tushgan bir muammoga to‘xtalib o‘tsak. Shahrimiz kundan-kun chiroy ochmoqda, yangi binolar qad ko‘tarmoqda, lekin shu binolarning peshtoqiga yozilgan so‘zlar, tadbirkorlik joy nomlari kishiga erish tuyuladi. Asosiy ko‘pchiligi o‘zbek tilidan boshqa tilda, turli olamga mashhur brendlarning nomi peshlavhalarga yozilganligini ko‘rib sergak tortamiz. “Aziya” o‘rniga “Osiyo” deb nomlash, “Korzinka”, “Makro”, “Magnit” kabi ko‘p tarmoqli do‘konlarga o‘zbekcha nom qo‘yish mumkin edi-ku, deb afsuslanamiz. Osmono‘par turar-joy binolarining ko‘pligi yaxshi-kuya, lekin ularning ham nomlari qiziq, buning ustiga ularham begona tilda, yana ingliz harflari bilan yozilishiga nima deysiz, ularni o‘zbekcha nomlash ham mumkin-ku, kishi ko‘ngliga yaqin, quloqqa eshitilganda ham yoqimli bo‘larmidi, deb o‘ylanasiz-da. Yana yillar davomida aksariyat xalqimiz o‘rganib qolgan joy nomlarini o‘sha do‘konlar, mashhur restoranlar nomi bilan atash ham urfga kirgan, “Korzinka”ga nechanchi avtobus boradi, “Aziya”ga qanday boriladi, “Flagman”ning yonida turaman, kabi iboralar muomalaga o‘rnashib borayotgani tarixiy joy nomlari, asl geografik joylar nomlariga soya soladi, deb o‘ylaymiz.
Bundan 50-60 yil ilgari xalqimiz to‘g‘ri va sof adabiy tilda so‘zlash uchun harakat qilar edi, kishilar so‘zlarni talaffuz qilganda ehtiyotkorlik qilardi, negaki, to‘g‘ri so‘zlash, chiroyli nutq, xatni chiroyli va husnixat bilan yozish insonning mavqei, nufuzini bildirar edi, negadir bugungi kunda bu omil keyingi o‘rinlarga tushib ketgan. To‘g‘ri so‘zlash uchun kishilar televideniye suxandonlarini jon quloqlari bilan tinglar edilar, ularga taqlid qilar edilar. Televideniye suxandonlarining o‘z maktabi bor edi, chiroyli ko‘rinish, kelishgan qomat, bashang kiyinish bilan birga, ular aniq va chiroyli gapirishni bilishlari shart edi. Buning uchun ma’lum tayyorgarlikdan o‘tar edilar. Hech kim shevada gapirmas, hujjatli filmmi, badiiy filmmi, biron mavzudagi ko‘rsatuvmi, bironta ham shevaga xos talaffuz, so‘zlar aralashmas edi, shu jumladan, radioda ham xuddi shunday holat hukmron edi... Hozirgi kunda-chi, badiiy filmlarda, ertalabki dasturlarda, maxsus ko‘rsatuvlarda ham shevaga xos so‘zlar, talaffuz eshitilib qoladi. Bu kishining g‘ashini keltiradi albatta. Bunga e’tibor berish vaqti yetdi. Televideniye katta kuch. Undan davlat tili va ma’naviyat masalalarida, sof ona tilimizning go‘zal va beqiyosligini ko‘rsatish, o‘rnak bo‘lishda o‘rinli foydalanish kerak deb o‘ylaymiz. Har kim qo‘lidan kelganicha, har kuni o‘z ona tilining bardavom bo‘lishi, takomili uchun hissasini qo‘shsin... qolganini vaqt ko‘rsatadi!
Norbo‘ta Babaxalov
“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ
Boshqaruvi raisi maslahatchisi