Til va nutq
Til va nutq
Til va nutq tushunchalari yaqin-yaqingacha farqlanmasdan kelinardi, bu ikki so‘zni ma’nodosh (sinonim) so‘zlar sifatida ishlataverar edik. Keyingi paytlardagi tadqiqotlar til va nutq tushunchalarini farqlash zarurligini ko‘rsatadi.
- Til deganda ma’lum xalq tomonidan ishlatiladigan uzoq tarixga ega bo‘lgan hodisani tushunishimiz kerak.
- Nutqni esa ma’lum bir shaxs yaratadi.
Nutq tilning ma’lum paytda va ma’lum o‘rinda namoyon bo‘lishidir. Ayrim olimlar til va nutq tushunchalarini farqlashda shaxmat o‘yinini misol qilib keltirishadi. Shaxmat donalari, taxtasi, shaxmat o‘yini qoidalari yig‘indisi tilga qiyos qilinadi. Har bir shaxmatchining o‘yin uslubi, o‘ziga xos xususiyatlarini esa nutqqa o‘xshatishadi.
Demak ma’lum so‘zlar yig‘indisi vositasida bitta fikrni turli ko‘rinishda ifoda qilish mumkin. «Ega + to‘ldiruvchi + kesim» ko‘rinishidagi qolip tilga tegishli bo‘lsa, nutq da shu qolip asosida son-sanoqsiz gaplar tuzish mumkin: Men ukamni ko‘rdim, Karim kitobni oldi, Qushlar donni cho‘qishdi... Bu esa shu nutqning yaratuvchisiga bog‘liqdir. Bir kishining nutqi monolog , ikki kishining nutqi dialog , ikkitadan ortiq kishining nutqi esa polilog deb yuritiladi. Nutqning og‘zaki va yozma ko‘rinishlari mavjud.
Hozirgi o‘zbek adabiy tili tushunchasi
Hozirgi o‘zbek adabiy tili deganda nimani tushunamiz?
Avvalo, bu atama tarkibidagi hozirgi so‘ziga izoh beraylik. Atrofingizni qurshab turgan narsa va hodisalarga e’tibor bering‘ Ularning hammasi o‘sishda, rivojlanishda, harakatda ekanligini ko‘rasiz.
Masalan, erta bahorda yerga urug‘ qadadingiz. U o‘sib chiqadi va kech kuzga qadar turli o‘zgarishlarga uchraydi. Lekin unda bo‘layotgan ichki o‘zgarishlarni bir marta qaraganda ko‘z bilan payqay olmaysiz. Agar bahordagi holati bilan yozdagi yoki kuzdagi holatini qiyoslasangiz, unda qanday o‘zgarishlar ro‘y berganini darrov anglaysiz.
Til ham huddi ana shunday – doimo harakatda, rivojlanishda. Undagi rivojlanishni ham ikki davr holatiga qarab bilishimiz mumkin bo‘ladi. Masalan, Alisher Navoiy davridagi o‘zbek tili bilan hozirgi davrda siz va biz foydalanayotgan o‘zbek tili o‘rtasida anchagina o‘zgarishlar ro‘y berganini payqashimiz qiyin emas. Shuning uchun ham o‘zbek tilining ilk shakllanish davridan to XX asrning 20-30-yillariga qadar bo‘lgan o‘zbek tili eski o‘zbek adabiy tili , 20-30-yillardan, ya’ni Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriylar davridan to hozirgacha bo‘lgan davr esa hozirgi o‘zbek adabiy tili deb yuritiladi.
Endi yuqoridagi atama tarkibidagi adabiy so‘ziga e’tibor beraylik. O‘zbek adabiy tili bor va hozirgi o‘zbek tili bor. Hozirgi o‘zbek tili tushunchasi hozirgi o‘zbek adabiy tiliga nisbatan keng‘ U turli-tuman o‘zbek shevalarini ham o‘z ichiga oladi.
- Adabiy til deganda me’yorlarga solingan, muayyan qonunlarga bo‘ysunuvchi, o‘zbek xalqining barchasi uchun tushunarli va bir xil xizmat qiluvchi tilni tushunamiz.
Ko‘chada yursangiz xilma-xil kishilarning o‘zaro suhbatlashayotganining guvohi bo‘lasiz. Agar bu kishilarning suhbatini radio-televideniedagi kishilar suhbatiga solishtirsangiz, ular o‘rtasida ma’lum farqli jihatlar borligiga amin bo‘lasiz. Ko‘cha-ko‘yda qulog‘ingizga chalinayotgan til ham aslida bir tilning o‘zi, lekin u xilma-xil qo‘llanilishga ega. Avvalo, og‘zaki so‘zlashuv tili bilan adabiy til bir-biridan farqlanadi.
- Og‘zaki so‘zlashuv tili erkinligi, ma’lum me’yorlarga amal qilish shart emasligi, oddiyligi bilan ajralib turadi.
- Adabiy til esa shu til egasi bo‘lgan millat vakillarining barchasi uchun umumiy bo‘lgan, qat’iy me’yorlarga bo‘ysungan, kodlashtirilgan til sanaladi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilini o‘rganadigan fan ham «Hozirgi o‘zbek adabiy tili» deb yuritiladi. Ko‘rinadiki, bu atama ikki ma’noda qo‘llaniladi:
1. Amalda ishlatiladigan til.
2. Shu tilni o‘rganayotgan fan.
Muyassar PACHCHAYEVA,
Yashnobod tumanidagi 153-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi