USTOZLAR SAFIDAMAN

Maktabga ilk qadam bosgan damlar hanuz ko‘z o‘ngimda. “Alifbo”dagi harflarni yoddan aytganimda va husnixatimni ko‘rganlarida otam va onam judayam xursand bo‘lishgan.
‘shanda otam:”Qizim faqat “5” bahoga o‘qisang seni katta o‘qishga qo‘yaman. Xuddi muallimingdek maktabda ishlaysan. O‘quvchilarga dars berasan!” degandilar. Farishtalar “Omin!” degan ekan, otamning orzusi ushaldi. 2005 yilda Kasbi tumanidagi 4 – umumta'lim maktabini a'lo baholar bilan tugatib, Qarshi Davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga hujjvatlarimni topshirdim. Omad kulib boqdi. Talabalar safidan o‘rin oldim. Universitetdagi ustozlar sabog‘i, kasbga oid qo‘llanmalarni o‘qib – o‘rganish, badiiy asarlar mutolaasi, hayotiy kuzatuvlar o‘qituvchilikka bo‘lgan ishtiyoqimni yanada oshira bordi.
2009 yilda oliy o‘quv yurtini tugatib, mehnat faoliyatimni qishlog‘imizdagi 14 – umumta'lim maktabida boshladim. Ilk kundanoq darslarni zamonaviy metodik uslublar bilan o‘tishga harakat qilib kelayapman. “O‘zbek tili va adabiyoti” fan kabinetini o‘quv jihozlari, yangi adabiyotlar, shoir va adiblarning hayoti va ijodiga oid ko‘rgazmalar bilan boyitishga harakat qildim. Dars jarayonida tilshunos olimlarning ona tilimizning bebaholigini isbot etuvchi audioovozlarini o‘quvchilarimga eshittiraman. Yozuvchi, shoir va dramaturglar hayoti va ijodiga bag‘shlangan hujjatli filmlardan, radioeshittirishlardan foydalanaman. Ijodkorlar bilan davra suhbatlari o‘tkazish yoshlarni ma'naviy-ma'rifiy jihatdan tarbiyalashda ijobiy samara berayapti. O‘zim rhbarlik qilayotgan 11 - “A” sinf o‘quvchilarining ota – onalari bilan doimiy muloqotdaman. O‘quvchilarning oilaviy muhiti bilan tanishman. Maktab – oila - mahalla hamkorligi yoshlar tarbiyasida muhim rol o‘ynaydi, albatta.
“Kutubxona – nurxona” dnegan gap bejiz aytilmagan. O‘quvchilarimning kutubxonaga a'zoligi, qanday kitoblar o‘qiyotganini kuzatib, yangi o‘qilgan asarlar mavzusida suhbatlashaman. Bu esa bolalarning ilm – fanga, kitobga, adabiyotga bo‘lgan qiziqishini yanada oshiradi.
“Yosh adabiyotshunoslar” to‘garagida iqtidorli yoshlar ishtirok etishayapti. Yoshi qalamkashlar o‘zlarining ijod namunalari bilan tuman va viloyat miqyosida o‘tkaziladigan ijodiy tanlovlarda qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallashganida qalbim quvonchga to‘ldi.
Shogirdlarim ko‘zidagi quvonch, ota – onalarning minnatdorlik izhorlari, maktab rahbariyatining, tuman Maktabgacha va maktab ta'limi bo‘limi rahbarlarining mehnatimni taqdirlashlari, “O‘z kasbining fidoyisi” deya e'zozlanganim o‘qituvchilikka bo‘lgan muhabbatimni oshiradi.
Shu kunlarda O‘zbek tili bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish uchun qizg‘in horzirlik ko‘rayapmiz. Ilm maskanimizda o‘tkazilayotgan har bir ma'rifiy tadbir yoshlar ma'naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Muvaffaqiyatga erishgan kunlarimda beixtiyor padari buzrukvorim – To‘ymurod Sultonov ko‘z o‘ngimda turadi. Oliy ma'lumotili qishloq xo‘jaligi mutaxassisi bo‘lgan otam tadbirkor, rahbar sifatida el ichra obro‘ – e'tibor qozongan edilar. Farzandlarini ziyoli, o‘qimishli bo‘lib, el – yurtga nafi tegadigan insonlardan bo‘lishlari uchun universitetlarda tahsil olishimizga imkoniyat yaratib bergan edilar...
Qani edi, shu kunlarda otajonim yonimda bo‘lsalar! Oxiratingiz obod, joyingiz jannatda, ruhingiz shod bo‘lsin, otajon!
Siz orzu qilgandek, bugun ustoz – murabbiylar safidaman.
Shahnoza SULTONOVA,
Kasbi tumanidagi 14 – umumta'limm maktabi o‘qituvchisi.