Ular kimyo mutaxassislarimi?
Kimyo darsliklarida, test variantlarida qo‘pol kimyoviy xatoliklar, yanglish atamalar ko‘payganki, o‘quvchilar, abituriyentlarning taqdiri meni o‘ylantiradi.
8-sinf, “Kimyo” darsligida (T., 2019-y, 83-bet) kimyoning qadrli va kerakli “Elektron balans tenglama” atamasi qo‘pol tarzda “sxema”, “xususiy sxema” deyilgan. Mavzu qoniqarsiz tushuntirilgan. Buni bir professor domlam shunday tushuntirgan edi:
AL 0 -3l→Al +3 3 2 oksidlanuvchi – qaytaruvchi
2H +1 +2l→H 2 0 2 3 oksidlanuvchi – qaytaruvchi
+ va - zaryadli elektronlarni balanslash maqsadida 3 va 2 sonining o‘rnini almashtirdik. Va bu sonlarni
tenglamadagi egalarining oldiga koeffitsiyent etib qo‘ydik, keyin kimyoviy tenglamani tenglashtirdik. Mana, elektron balans tenglamalarining xizmati.
11-sinf umumiy kimyo darsligi 132–144-betlarida “Oksidlanish-qaytarilish reaksiyalari” mavzusi qoniqarsiz tushuntirilgan (T., 2004-y). Xususiy sxema degan! Jadvalda: Ti, Zn, Ca, Hg, Ni kimyoviy elementlarning elektron konfiguratsiyasi noto‘g‘ri berilgan.
10-sinf organik kimyo kitobi 87-betida nuklefil reaksiyalar berilmagan. Elektrofil reaksiyalar chala tushuntirilgan (T., 2017-y).
1892-yili Jeneva shahrida bo‘lgan kimyogarlarning konferensiyasida “Kimyoviy tenglamalarning oldiga qo‘yilgan kasrli koeffitsiyentlar qattiq tanqid qilinib: “kimyoviy tenlamalarning oldiga qo‘yiladigan koeffitsiyentlar butun sonlarda bo‘lsin” deb qaror qabul qilingan edi. 1962-yili SamDUning kimyo fakultetida bo‘lib o‘tgan Yosh ximiklar konferensiyasida ham valentlikni oksidlanish darajadan farqlay olmagan kimyo darsliklari mualliflarini, kasrli koeffitsiyentlar ishlatgan mualliflarni misollar va isboti bilan tanqid qilgan edim.
Ammo bizdagi kimyo darsliklarida kasrli koeffitsiyentlar ko‘paydi. Bu savodsizlik. Bu kimningdir soyasida qolgan mualliflarning xatolari deb bilaman. Ular agronom yoki biologlar degan gumondaman.
11-sinf darsligining 9-betidagi 1-masalaning berilishi ham, javobi ham qo‘pol kimyoviy xatodir.
Test savollarida laboratoriya masalalari berilgan. Axir qishloq maktablarida laboratoriya jihozlari mavjud emas. Shaharlardagi maktablar ham to‘liq ta’minlangan deya olmaymiz. Borlari ham foydalanishga yaroqsiz. Darslikdagi ayrim tenglamalar o‘quvchilarga murakkablik tug‘diradi. Hatto ayrim kimyo o‘qituvchilari ham bu masalalarni yechishga qiynaladi.
Ta’lim rivoji haqida minbarlarda yonib gapirayotgan rahbarlarga avval maktabga e’tibor qarating, darsliklarni mukammallashtiring degan bo‘lardim. O‘quvchilarimiz qiynalib yoki zo‘rma-zo‘raki emas, salohiyatiga tayanib bilim olsin. Ana shunda biz aytayotgan kelajagi porloq yurt rivojiga hissa qo‘shadigan yosh avlod tarbiyalanadi.
Abray UMIROV