Ular maktabga ma’naviyatini oshirishga emas, savod chiqarish uchun kelishi kerak!
Ular maktabga ma’naviyatini oshirishga emas,
savod chiqarish uchun kelishi kerak!
Xabaringiz bor, 2022-yil 11-mayda Prezidentimizning “Xalq ta’limini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul
qilindi. Uni o‘qib, agar qarorda aytilgan gaplar chindan amalga oshsa, maktablarda sharoit va ta’lim sifati anchayin yaxshilanar ekan, degan fikr o‘tdi xayolimdan.
Faqat qarordagi “…umumiy o‘rta ta’lim muassasalari reyting ko‘rsatkichlari asosida “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi;
reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘riladi…
…2022-yil 1-sentabrdan boshlab reyting ko‘rsatkichlari asosida “qizil” toifaga kiritilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida:
ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari, mashhur san’atkor, sportchi va aktyorlar, taniqli blogerlarni jalb qilgan holda maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvlar, motivatsion suhbatlar va mahorat darslarini tashkil etsin;
maktab o‘quvchilari uchun “Vatanparvarlik” darslarini va poligonlarda 2 kunlik harbiy dala mashg‘ulotlarini o‘tkazish hamda ularni chavandozlar maktablariga jalb qilish choralarini ko‘rsin, harbiy qism ofitserlari, serjantlari va Qurolli Kuchlar faxriylari ishtirokida “Vatan tinchligiga barchamiz mas’ul!”, “Vatan ozodligi – baxt garovi!”, “Vatanga xizmat – oliy fazilat” mavzularida davra suhbatlarini tashkil qilsin…”, deyilgan jumlalarni o‘qib biroz o‘ylanib qoldim.
To‘g‘ri, ziyolilar, taniqli san’atkorlar, harbiy va sportchilar ishtirokida o‘quvchilarni ma’nan yuksaltirish, ularda vatanga muhabbatni shakllantirish
maqsadida maktablarimizda turli tadbirlar va davra suhbatlari o‘tkazilishi yangilik emas. Shaxsan o‘zim ham shu kabi tadbirlar sabab “ma’naviy kamolot”ga erishgan avlod vakiliman. Qishlog‘imiz
tog‘li hududda joylashgani bois maktabimizga doim ham mashhuri jahonlar
qadam ranjida qilavermasdi. Ammo shaharda (kollej) o‘qigan vaqtlarim bu kabi tadbirlardan armonim qolmagan. Hatto o‘zim ham maktablarga “ma’naviyat ulashuvchi” bo‘lib borganman, desam
ishonmassiz.
Rostdan, she’r-per yozganim (tuzukroq odam topilmagani) uchun SHOIR sifatida viloyatimizda o‘tkazilgan turli xil targ‘ibot tadbirlariga kaminani-da yuborishardi. Maktablariga borib karomat ko‘rsatganimda yolg‘ondan qarsak urib o‘tirgan o‘qituvchilar orangizda ham bo‘lsa ajab emas. U damlar hozir ko‘z oldimdan kino lentasidek o‘tyapti.
Tong sahar hokimiyatning kattakonlari “falon mehmonxonaning yoniga yetib kel!”, deya qo‘ng‘iroq qilishar, jo‘ralarimning kiyimlarini ijaraga olib, ular tayinlagandek “kulturniy” bo‘lib, aytilgan manzilga borardim. Mehmonxona yonida men kabi poson kiyingan bo‘lsa-da, o‘zini negadir biroz o‘ng‘aysiz sezayotgan bir to‘da mahalliy “ma’naviyat ulashuvchilar” to‘plangan, hokimiyat vakillari Toshkentdan kelgan maslakdoshlarimizning hali-hamon uxlayotganidan yozg‘irib, asabiy holatda, papiroslarini ustma-ust
tutatgancha alamini kimdan olishni bilmay turardi.
Va nihoyat, hashamatli mehmonxona eshigidan poytaxtliklar birin-ketin ko‘zlarini ishqalab chiqib kelishar, shu onda boyadan beri og‘ziga tolqon solib o‘tirgan mahalliy to‘da ham tilga kirardi: “Anavi artis qaysi kinoda o‘ynagan?”, “Bunisi falon qo‘shiqni aytgan-da. Jiyanimning to‘yiga chaqirmoqchiman”.
Hamma to‘planib bo‘lgach, hokimiyatli biz uchun maxsus kelgan mashinalarga bittadan qo‘shiqchi, aktyor shoir, jurnalist va universitet domlasini joylashtirib, keyin qaysi guruh qayerga, soat nechada borishi haqida ma’lumot berardi. Shunday qilib bir joydan qo‘zg‘algan mashinalar viloyatning turli tumanlariga qarab ravona bo‘lardi. Tuman markaziga yetib borgach, u yerda bizni mas’ul odam kutib olar, keyin borishimiz kerak bo‘lgan maktablarga yo‘l ko‘rsatar edi. Maktab darvozasi yonida esa bizni ikki yonga tizilib qo‘llarida gul tutgan o‘quvchilar bilan direktor qarshi olardi. Bunga necha kunlab tayyorgarlik ko‘rilgani bizga qorong‘i.
Bu kabi targ‘ibot tadbirlari odatda biror shior ostida bo‘lib o‘tar, hokimiyatli ming qayta takrorlasa ham bu shior to‘lig‘icha yodimizda qolmas edi. Ehtimol, uni eslab qolishga ehtiyoj ham bo‘lmagandir. Chunki tadbir o‘quvchilar tayyorlagan senariy bo‘yicha ketar, bizning vazifamiz hayajonini bosolmay tutila-tutila aytilgan “yosh va iste’dodli shoirimiz…”, “taniqli professor…”, “estradamizning yorqin yulduzi…”, “falon mukofotli aktyor…”, degan so‘zlarni eshitgach, hunarimizni ko‘rsatish edi, xolos. Tadbirdan so‘ng, poytaxtlik “ma’naviyat ulashuvchi” bilan fotosessiya yakunlangach, tuman hokimiyati vakili OBRO‘YIMIZga yarasha biror yemakxonaga boshlab borardi. Shohona bezatilgan dasturxonda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Endi gardanimizga tushgani — bu ziyofat direktorning zug‘umi bilan o‘qituvchilardan yig‘ib olingan pulga tashkillashtirildimi yoki hokimiyat nochor oilalar uchun ajratgan mablag‘ning hisobidanmi, degan fikrlarni xayoldan quvib, qornimiz yorilay degunicha yeb-ichish. Shundan so‘ng bizni intiq kutayotgan navbatdagi maktabga borish yoki bormaslik, “ma’naviyat ulashuvchilar”ning kayfi oshib qolish-qolmasligiga qarab hal bo‘lardi. Agar “ko‘payib ketsa”, o‘ylaganingizdek, keyingi tadbir uzrli sabablarga ko‘ra qoldirilardi. Kechga tomon Berlinni olgan jangchidek shaharga qaytilar, ertasiga shu hol boshqa tumanda takrorlanardi.
Qizig‘i, maslakdoshlarimning deyarli hammasi maktablarga borib o‘quvchilarga ma’naviyat ulashish uchun emas, boshqa turli-tuman sabablar tufayli bu ulug‘ VAZIFANI zimmasiga olgan edi. Masalan, paxta terish, daraxt oqlash kabi qora ishlarni bajonidil bajarib kelgan universitet domlasi, bu buyruqqa yo‘q deydimi? Poytaxtdan kelgan artistlar ham birisi kattakonlarga yaxshi ko‘rinish uchun, boshqasi majburligidan kelgan. Bo‘lmasa, bu tadbirlarga ketgan vaqtda qancha to‘yga borishi, “soqqa qilishi” mumkin edi...
Ularning ko‘pchiligi mashhur bo‘lsa-da, hech biri “Papitochi qiz” kabi yodimda qolmagan.
Mana shunday kunlarning birida hokimiyatli tayinlagan mashinaga chiqsam, ochiq-sochiq kiyingan, ko‘cha qizlaridan uncha farq qilmaydigan biri o‘tiribdi. Avvaliga guruhimizdagi otarchining raqqosasi bo‘lsa kerak deb o‘yladim. Keyin bilsam, uning o‘zi qo‘shiqchi, ya’ni biz bilan teng huquqli “ma’naviyat ulashuvchi” ekan.
Maktabda tadbir boshlangunicha bu qizning har holda maqom kuylamasligiga ishonchim komil edi. Unga navbat berilishi bilan davraga chiqib qo‘shiq boshladi:
“Ay bonito papito, mi alma, te ama.
Papito papito papito papito,
Damme damme damme tu alma…”
U qaysi tilda kuyladi, yoki nima deb so‘kdi, u yog‘i menga qorong‘i. Ammo shu qo‘shig‘i sabab men uni “popitochi qiz” deb atay boshladim. Qo‘shiq fonogramma bo‘lgani bois u turli ahmoqona harakatlar qilib raqsga ham tushdi (Uzr, adashib ketdim, o‘quvchilarga “ma’naviyat ulashdi”). Bu qo‘shiq ancha mashhur ekan shekilli, tomoshabinlar ham unga qo‘shila boshladi. Toshkentdan kelganini hurmat qilib, muallimlarning-da ayrimlari “To‘ylar muborak”ka o‘ynaganday qo‘llarini qimirlatib qo‘yishdi. Uning menga yoqqan tomoni, boshqa artistlarga o‘xshab, ijod yo‘lida qanday qiyinchiliklarni boshdan kechirgani, bu martabaga nimaning hisobiga erishgani haqida javrab o‘tirmadi (balki, aytishga uyalgandir). Qo‘shiqni tugatishi bilan ta’zim qildi-yu, sahnani tark etdi. “Popitochi qiz” ayni shu damda nafaqat mening, balki balog‘at yoshidagi yuqori sinf o‘quvchilarining-da yodida abadiy muhrlanib qolganini sezdimikan?...
Menimcha, 1-sentabrdan “qizil” toifaga kiruvchi maktablarda ziyoli va nuroniylar, ilg‘or tadbirkorlar, klaster va sanoat korxonalari rahbarlari, mashhur san’atkor, sportchi va aktyorlar, taniqli blogerlarning o‘quvchilar bilan uchrashuv, motivatsion suhbat va mahorat darslari ham yuqoridagi tadbirlardan uncha farq qilmasa kerak. Ularning jamiyatimizga foydasi nari borsa “gapiradigan rasmlar” bo‘lishi mumkin. Yana bilmadim…
Qarorda harbiylar tomonidan maktab o‘quvchilari uchun “Vatanparvarlik” darslari va poligonlarda 2 kunlik harbiy dala mashg‘ulotlari o‘tkazilishi ham ta’kidlangan. Albatta, bu juda yaxshi. Bolalarga o‘rnak bo‘lish, ularni vatanparvar, el-yurt uchun kerak bo‘lsa jonini fido qiladigan o‘g‘lonlar qilib tarbiyalash — muhim masala. Undan tashqari o‘quvchilar ichida harbiy sohaga qiziqadiganlar juda ko‘p topiladi. Ammo…
Nimaga bizda faqat harbiylar vatanparvar sifatida o‘rnak qilib ko‘rsatiladi?
Yurtimizda koronavirus pandemiyasi bo‘lganiga hali ko‘p vaqt o‘tmadi. O‘sha onda jonimizga oro kirgan, hayotini xatarga qo‘yib tun-u kun bemorlarni davolagan (vafot etganlari ham harbiylardan oz bo‘lmasa kerak) va hozir hech kim eslamayotgan shifokorlarimiz vatanparvar emasmi?! Arzimagan ish haqi olsa-da, lom-mim demay bolalarimizga ta’lim berayotgan o‘qituvchilar-chi?..
Farzandlarining ulg‘ayayotganini suratlardagina ko‘rib, qancha qiyinchilik bo‘lsa-da tishini-tishiga qo‘yib, oilasini tebratish uchun chet ellarda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizda yo‘qmi vatanparvarlik?!
Aslida bu elning harbiylardan tashqari o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydigan farzandlari ko‘p.
Poligonlarda mashg‘ulot o‘tkazish, bir tomondan o‘quvchilarni chiniqtirar, shu kasbga qiziqishini oshirar, lekin bu ham unchalik to‘g‘ri emas deb o‘ylayman. Sababi, u yerda o‘quvchilar turli-tuman qurollar bilan tanishadi. Buning nimasi yomon dersiz?
Birinchidan, to‘pponcha, granata, avtomat, tank… Bularning barchasi fantastik kinolardagidek, allaqanday yovuz maxluqlar, o‘zga sayyoraliklarga qarshi ishlatilmaydi. Yoki yer ag‘darish, pashsha haydash, rasm chizish uchun emas. Ularning yagona vazifasi odam o‘ldirish! Tushunyapsizmi? ODAM O‘LDIRISH!!! Qanday sababni ro‘kach qilmang, baribir buni hech qachon oqlab bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, bolalar turli xildagi jangari o‘yinlarni o‘ynaydi, bu ularning tarbiyasiga ta’sir qiladi, deb har yerda jar solamiz. Xo‘sh, unda kompyuterda o‘yin o‘ynash yomon-u, murg‘ak nigohlarga odam o‘ldirish texnikalarini ko‘z-ko‘z qilish yaxshi ekan-da?!
Uchinchidan, harbiylarning barchasi ham bolalarga vatanparvarlik nima ekanligini anglata oladigan saviyaga ega deb o‘ylamayman. Qarorda aytilgan boshqa soha vakillari ham bundan mustasno emas. Shu sababdan, ayrim aktyor, bloger, qo‘shiqchi, sportchi, harbiylar maktablarga o‘quvchilarning ma’naviyatini oshirishga emas, avvalo, o‘zlari alifbodan boshlab savod chiqarish va dunyoqarashini kengaytirish uchungina borishi kerak!
Hamma o‘z ishi bilan shug‘ullansin. Har kimning o‘z vazifasi bor. Tishimiz og‘risa, borib traktorchiga ko‘rsatmaymiz-ku. “Qizil” toifadagi maktablarni “ko‘kartirish”ga kelsak, tajribali pedagoglar, metodistlardan tashkil topgan “tez yordam”ga o‘xshash bir jamoa tuzish kerakdir. Ular borib maktablardagi kamchilikni aniqlasin va uni tuzatish uchun o‘qituvchilarga yordam bersin!
Humoyun QUVONDIQOV