Ular “ro‘yxatlarda yo‘q” edi
Ular “ro‘yxatlarda yo‘q” edi
Shovullagan oqbadan teraklar qani?
Ular yigirma bir dona edi. Har kuni ularning qatorini kesib, katta yo‘lga chiqardim, har kuni ular meni kuzatib qo‘yardi, go‘yo. Ishdan keyin ham ularning vazmin qatori aro yurar, ajib xushkayfiyat va yengillik bilan uyga shodon qaytardim. Bu bo‘yi ko‘kka o‘rlagan baqateraklar mening bolalikdagi xotiralarim kabi qadrdon va dildosh, ularning ovozsiz suhbatlaridan olisdagi qishloq, qaytmas bolalik sog‘inchi, yillarning bo‘yi-basti va ulg‘ayish manzili ko‘rinib, unsiz shivirlab turgandek bo‘lardi.
Seryomg‘ir kunlarning sirasida (nahot!) ularning biri qulab yotganini ko‘rdim. Shoxlar, butoqlar katta avtoyo‘lni to‘sib qo‘ygan, bu izdihomga birinchi duch kelganlar ularni qayirib, iz ochgan, balki duch kelgan haydovchi uni la’natlab (chunki ravon yo‘lini band qilib, uzala tushib yotardi-da), ichida so‘kinib o‘tib ketayotgani bor gap edi. Bir qur nazar tashladim: terakning tomiri pastga emas, atrofga tarvaqaylab ketar ekan; ildizlar orasida yerdan qo‘pgan tuproqlar marhumni so‘nggi yo‘lga kuzatayotib, vido aytayotgan odamlar singari qadrdon tomirlariga qapishib, yupun holda turardi. Meni lol qilgan manzara — terakning quchoqqa sig‘mas tanasi odam bo‘yi yuqorigacha chirib borgan, oqibatda, bir silkinishga bardosh berolmay, gurs qulagan ekan. Uning tashqi go‘zalligiga maftun bo‘lib yurib, ichida nima kechayotganidan bexabarligim uchun o‘zimni koyigandek bo‘ldim-da, yana bu sirni bilishdan ojizligimni mushohada qilib, sukut saqladim. Avtobus tiqilinchida ertalabdan dilni g‘ashlagan bu manzara tezda unutildi va boshqa tashvishlar iskanjaga oldi. Shahar hayoti shunday, har qadamda keskin savollar va, albatta, ulgurilmagan javoblar qurshovida asirdek kun bo‘yi lohas yurasan.
Keyingi kun qadrdonimning xotirasini esga olgandek, qulagan terakning o‘rnini ko‘zdan kechirdim. Bu joy shaharning silliq aft-angori qatorida hatto bilib bo‘lmas darajada orastalangan, faqat shu joyda azim bir terak borligini bilgan va uni ko‘ngliga tukkan odamgina uni qo‘msab eslamasa, izquvar ham topa ollmaydigan darajada nishon qoldirilmagandi. Faqat mening ko‘nglimda bir o‘kinch qoldi va, afsuski, u ortib bordi.
Oradan ko‘p o‘tmay, yana biri shu alfozda quladi, uning taqdiri ham shu taxlit yakun topdi. Endi men chuqurroq iztirobga tushdim va samarasiz vaqtimdan ulush ajratib, bir kuni qog‘oz-qalam bilan teraklar qatoriga bordim. Yo‘q, ularga marsiya o‘qimoqchi yoki biror oyat yozib, tanasiga ilib qo‘ymoqchi bo‘lmadim, balki yashayotgan o‘rinlarini qog‘ozga muhrlab, ularning manzilini “tayin” qilib, varaqqa belgilab qo‘ymoqchi edim. Nazarimda, oyin kunlarda kimlardir mehr ko‘rsatib, ularning niholini qadash bilan ulug‘ kelajakni orzu qilgan, teraklarning shovullagan daraxtlarga muhofiz bo‘lishini orzulagan edi. Botinimda bir tuyg‘u go‘yoki bularga qiron kelishini bilgandek, uni to‘xtatib qolish mumkin emasligini ta’kidlagandek, bor-yo‘g‘i ularning o‘rnini “mix”lab qo‘yishga undardi.
Shunday ham bo‘ldi. Ko‘chada yangi qurilishlar boshlanib, baland bo‘yli imoratlar qad ko‘tara boshladi. Garchi teraklarni ataylab beliga arra qo‘yishmagan yoki traktorga torttirib, sug‘urib tashlamagan bo‘lsalar-da, beton to‘sinlar, tuproq uyumlari, kavlangan reshlar tazyiqida ularning rangi o‘chib, butog‘i sinib, shoxi osilib, kunpayakun bo‘la boshlashdi. Bu tazyiqdan omon qolganlarini esa shaharga tez-tez bostirib kelayotgan shamol-dovullar qulatdi. Ko‘rinib qoldiki, ularning ildizlari allaqachon chirib bo‘lgan ekan. Ag‘nagan teraklarning yer ostidagi tomirlari ko‘kka do‘layib, ildizlari tarvaqaylab, qulab yotar, tezkor sivilizatsiya maromlariga to‘sqinlik qilganliklari uchun zumda sariq libos kiygan mulozimlar yetib kelar, birpasda hamma joyni ship-shiydon qilib, terakni yer yutgandek undan hech asar qoldirishmasdi. Bir qarasang, aksida odamning surati ko‘rinadigan sopol bruschatkalar qoplab olgan yo‘lakda barglari so‘ljayib qolgan, tanasida dog‘lar bor osmono‘par teraklar ancha g‘arib tuyular, ular ibtidoiy zamonlarni esga solgandek bo‘lar, ulardan tezroq qutulish shu kunlarning talabiga o‘xshardi. Teraklar yo‘q bo‘lib borar, shu bilan kanguldagi qadrdon hislar ham begonalashib, o‘rnini yangi tashvishlar: smartfon, konditsioner, elektrplita va boshqalar egallab olaverardi. Atrof-javonib esa silliqlashib va, nazarimda, qashshoqlashib boraverardi, lekin hech kim bezovta emas, hamma siljishlar tabiiy qabul qilinardi.
Shu yo‘sin yigirma bir terak yerga teng bo‘ldi va ko‘cha miltiqning o‘qidek shuvillagan yo‘laklar bilan “chiroy ochdi”. Mehmonlar va kelib-ketuvchilar bu manzaradan bexabar, bilganlar nazarida esa gavjum ko‘cha huvillab qolgandi. Gapning nafsilambrini aytganda, bunday hol ko‘plab shaharlarda kuzatildi. “Bir daraxtni kessam, o‘rniga o‘nta niholni qadadim” singari o‘tmish tajribalarini ham hech kim nazar-pisand qilmadi. Natija esa uzoq kuttirib o‘tirmadi: o‘tgan yilning 5–8-noyabr kunlari anomal hodisa – qum bo‘roni kuzatildi va uning yo‘lini to‘sib qoladigan azim teraklar yo‘q edi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bu hali boshlanishi.
Bu nima – tamaddun manzarasimi yoki odamzodning tabiatga o‘tkazayotgan zug‘umining oqibati? Yigirma yillar oldin xorijlik mehmonlar bilan o‘tkazilgan muloqotdan yozgan reportajimga “Daraxtlar Parijda ko‘pmi, Toshkentda?” deb sardavha qo‘ygan ekanman. O‘shanda, ehtimol, yashillikka burkangan poytaxtimiz mavqeyini ko‘hna qit’aning go‘zal shaharlaridan biriga teng qo‘ygandirman va shunday ko‘rgandirman. Haqiqatan, bir qarich yer ham tansiq bo‘lgan megapolis o‘z darajasini inson qo‘li bilan yaratilgan sun’iy go‘zalliklar: gotik, barokko, klassik uslubdagi binolari tufayli qozongan bo‘lsa, Toshkent tabiiy go‘zalligi bilan har qancha tahsinga sazovor edi. Bugun ahvol qanday?
Tushunib bo‘lmaydi, shahar landshafti butunlay o‘zgarib ketdi. Bu yumush qaysi me’yorlarda tashkil qilinayapti? Osmono‘par binolar shahar husnini ochayapti, shunda osmono‘par chinorlarning bo‘yi elas-elas ko‘zga chalingandek bo‘ladi. Qani ular? Ming yillarning yuzini ko‘rgan bu bobodaraxtlarga barhayotlik yorliqlari ham yopishtirilgan edi, har biri alohida davlat muhofazasiga olingani rasman qayd qilingan hujjatlar osilgandi. Ammo... ularni kesib tashlashdi. Endi o‘shanday sersavlat daraxtlar paydo bo‘lishi uchun ming yil kutishga to‘g‘ri keladi.
Yo‘l chetlaridagi, bog‘lardagi azim daraxtlarni ko‘rib, kishining rahmi keladi: tomirlari ochilib yotibdi, badanlari po‘st tashlagan, beton yo‘laklarga sanchilgan, ular qanday oziqlanadi, hech kimni qiziqtirmaydi. Bir paytlar daraxtlarga ishlov beradigan, ularni “davo”laydigan nazorat idoralari bo‘lgan, hisobiga katta-katta mablag‘lar ajratilgan. Hozir o‘simlik va daraxtlar karantini, muhofazasi bilan shug‘ullanadigan biron tashkilot bormi? Axir odamlar uchun nechalab shifoxonalar bo‘lgan sharoitda daraxt va o‘simliklar salomatligi, umri bilan qiziqadigan biror muassasa bo‘lishi lozim-ku.
Borliqdagi jami boyliklar inson uchun yaratilgan va ularning manguligi uchun ham inson mas’ul. Odamzod qoyimligining bosh sababi ham borliqni zaxa yetkazmay asrab-avaylash. Xuddi “qars ikki qo‘ldan” deyilganidek, odam “borliqqa zeb bergani sari o‘zi ham zebolanib boraveradi”. Boshimizda soyabonimiz, tirikchiligimizning ustunlari, hayot yo‘sinimizda beminnat dastyor, bedor posbondek ishonchimiz – daraxtlarni ko‘paytirish, ularning kasalliklarga chalinmay, uzoq va baquvvat umr ko‘rishlari uchun g‘amxo‘rlik qilish ham odamning o‘ziga qaytadigan yaxshi amallardan. Endi so‘zdan ishga o‘tib, zarur choralar ko‘rish, o‘lkamizni yashil libosga burkash kechiktirib bo‘lmas vazifamizga aylandi.
Hakim SATTORIY,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat
markazi mas’ul xodimi