Ustoz desam
Ustoz desam ko‘zim o‘ngida…
Har qaysi inson ilk bor yozish, chizish, o‘qishni ana shu mo‘‘tabar kasb egalari bo‘lgan o‘qituvchidan o‘rganadi. Uning qo‘lida savod chiqaradi, ta’lim-tarbiya oladi. Bugun biz biron kasbni egallab, yurt koriga xizmat qilar ekanmiz, avvalo, ustoz va murabbiylarimizdan minnatdor bo‘lamiz. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni biror bir kasb-hunarning egasi, bilimli, barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat naqlida ham o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom, hurmat namoyon. Muyassar Matyakubova Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 301-maktab boshlang‘ich sinf o‘qituvchisivazifasida mehnat qilib kelmoqda. 1964 yil 29 martda Xorazm viloyati, Bog‘ot tumanida tavallud topgan Muyassar opa oliy ta’lim muassasasini tamomlagach 1986 yilda shu tumanning 30-maktabida boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi sifatida pedagogik faoliyat boshlaganlar.
Yurtimiz mustaqilligi yillari esa ya’ni 1991 yilda tashkil etilgan 301-umumta’lim maktabida hozirgi kunga qadar o‘qituvchilik faoliyatini davom ettirmoqdalar. Ushbu maktabdagi 30 yillik faoliyati davomida o‘zining mehnatsevarligi, ilmiy salohiyati bilan boshqalardan ajralib turadi. M.Matyakubova o‘quvchilarning bilim, ko‘nikma, malaka va kompetensiyalari DTS talablariga mos keladi. U har bir darsga chuqur tayyorgarlik ko‘radi, murakkablik darajasi yuqori bo‘lgan mavzular uchun didaktik va qo‘shimcha tarqatma materiallardan, AKT va multimedia ilovalaridan maqsadli foydalanadi.
Faol ustoz dars jarayonlarida yangi pedagogik texnologiyalar, innovatsiyalarga tayanib, interfaol usullar, yangicha metodlardan unumli foydalanadi. Dars jarayonida o‘zi yaratgan ko‘rgazmali qurollardan mahorat bilan foydalanishi natijasida o‘quvchilarida o‘zlashtirish samaradorligining o‘sishiga erishmoqda. Qolaversa, 301-maktab direktori Aqida Xidirova boshchiligidagi rahbariyat shuningdek, boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilaridan iborat ahil jamoaning qo‘llab-quvvatlashlari yanada samarali ish olib borishga zamin yaratishi turgan gap.
Intilganga tole yor, deganlaricha bor ekan. Ayniqsa, el-yurt, hamkasblari e’tibori, e’tirofi va rag‘batidan ziyoda mezon va haqiqiy baho bo‘lmasa kerak. Muyassar Matyakubova tolmas mehnatining asl mazmun-mohiyati, aniqrog‘i “Mehnatim – qadrim mening” degan hayotiy bir iboraning amaldagi isboti O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida yaqqol ko‘zga tashlandi. Sergeli tumanida tashkil etilgan tadbirda Mamlakatimizda yosh avlodning intellektual va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni ona Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga qo‘shgan salmoqli hissasi, ta’lim-tarbiya tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, yoshlarga ilm-fan asoslari va zamonaviy kasb-hunarlarni o‘rgatishdagi fidoyiligi hamda ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki uchun ta’lim-tarbiya tizimida alohida o‘rnak ko‘rsatgan xodimlardan bir guruhi mukofotlandi. Jumladan, Muyassar MatyakubovaO‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining tarmoq mukofoti “Xalq ta’limi a’lochisi“ ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Mazkur ko‘krak nishoni Sergeli tumani hokimi Elbek Shukurov tomonidan tantanali ravishda topshirildi. Muyassar Matyakubova 35 yillik mehnat faoliyati davomida ko‘plab o‘quvchilar va shogirdlar yetishtirdi. Hozirda turmush o‘rtog‘i Mavlon aka bilan uch nafar farzandning ibratli ota-onasi va 4 nabiraning suyukli bobo-buvisidir.
Shunday kasb egalari borki, millat, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi. Ularning ko‘magida bilimli, intellektual salohiyatli yoshlar tarbiya topadi. Anglaganingizdek, bu kasb o‘qituvchi, ustoz ataladi. Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorchilik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab, ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik hissi paydo bo‘ladi. Bu yorug‘ olamda onadek mehribon, otadek g‘amxo‘r, har birimiz uchun aziz va mu’tabar bo‘lgan ulug‘ zot – bu muallim va murabbiylardir.