USTOZ ISTASA, CHALASAVODNI OLIMGA AYLANTIRADI
ulug‘ zot deya, ularni katta kichchik ehtirom aylaganligining boisi shu
Mutaxassislar tavsiyasiga ko‘ra bola maktabga borgunicha uni podshoh tuyib muomala qilinadi, ya’ni barcha “iltimoslari” so‘zsiz bajariladi. Injiqliklari, sho‘xlik va erkaliklardan urishib qaytarilmaydi. Bolaga asta-sekin tushuntirish, kattalarning o‘zi ibrat bo‘lishi orqali tarbiya beriladi.
Demak, bola tarbiyasi bir necha usulda olib boriladi. Bola aqlan rivojlanishi uchun unga turli ertak va ibratli hikoyatlarni kitoblardan o‘qib beriladi. Aql-zakovatini o‘stiradigan o‘yinlarga, mashg‘ulotlarga jalb qilinadi.
Bolalarga yoshligidan boshlab Qur’oni karim qissalaridan, payg‘ambarlarning hayoti haqida naql qiluvchi turli rivoyatlardan, xalq ertaklari va dostonlardan, topishmoqlar, maqol va matallardan o‘qib berish, so‘zlash yoki ularning o‘zlari¬ga o‘qitish ham ta’lim va tarbiyaning aso¬sini tashkil etadi. Bu bilan bolalarning zehni o‘sadi, fikri kengayadi, dunyoqarashi boyiydi, xotirasi kuchayadi. Eng asosiysi, bola eshitganlaridan ibratlanib, yaxshi odamlarga ergashishga intiladi, ularning xulq-u odobidan bahramand bo‘ladi.
Bu amallarni bolaga bajartirish uchun unga ustoz kerak. Ha, ustoz... Ana shu birgina so‘zning o‘zi qanchalar zarurligini va qanchalar ma’no anglatishini hamma biladi. Chunki ustozning teran aqli, bergan bilimi, mashaqqatli mehnati evaziga bola savodxon bo‘la boshlaydi. Bilmaganini bilib oladi, savollariga javob topadi. Shu jihatdan bola oldidagi dunyoni bilish borasidagi jumboqlarni yechuvchi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi inson ham aziz muallim-u ustozlar bo‘ladi.
Ustozlarning aql-zakovati, dono maslahati bilan yomon yaxshiga, johil qobilga, zulmkor odilga, chalasavod esa olimga aylanadi. Shu bois ustozlarni ulug‘ zot deya, katta-kichik ehtirom aylaydi. O‘quvchilar esa ularni ota-ona yang‘lig‘ yaqin ko‘radilar. Ba’zida yaqin ko‘rganlaridan hech kimga aytmagan sirlarini ustoziga aytadigan bolalar bor. Ustozga suyanib, yordamiga tayanadilar. Ayniqsa, bola o‘zi yoqtirgan, mehri tushgan ustozlari sari talpina boshlaydi.
Negadir keyingi paytlarda ba’zi internet sayt¬larida bu munoabatga darz ketgandek holatlar ko‘zga tashlanayotgani ko‘ngilni xijil qiladi, albatta. Ammo nima ham derdik, bunday ba’zida ko‘zga tashlanayotgan shu murg‘ak qalblar ko‘ngliga yo‘l topa olmay, ularning guldek nozik ko‘nglini og‘ritib qo‘yadigan ustozlar ham uch¬rab turishi achinarlidir. Nega ustoz o‘z o‘quvchilaridan xafa bo‘ladi-yu o‘quvchisi xafa bo‘ladimi-bo‘lmaydmi, qiziqmaydi? O‘quvchi darsga kirmadi, darsda javob bermadi, degan gaplarni ham eshitamiz. Xo‘sh, qiziqarli qilib o‘tilmagan dars o‘quvchini o‘ziga qanday rom etsin?
Yaqinda o‘quvchilar bilan suhbatlashib, ular¬ning ustozlar haqidagi fikr-mulohazalari bilan qiziqdim. Ularning ayrim fikrlarini keltirib o‘tsam:
– qiziqarli tarzda o‘tilgan darslarni qoldirmaslikka harakat qilamiz;
– darslarda turli o‘yinlardan, hayotiy misollardan foydalanilsa, o‘quvchilar rag‘batlantirilib borilsa;
– ustoz amaliy ishlarni bajarishga bizlarni ham jalb etsa;
– yangi mavzuni tushunishimiz, uning mazmun-mohiyatini anglab yetishimizga keng fe’l bilan yondashsa...
O‘quvchilarning bunday fikrlaridan ayrim¬larinigina keltirib o‘tdim. O‘zingiz e’tibor
bering, ular bizdan ko‘p narsa so‘rayotgan yo‘q. Ular bizdan bajarish mumkin bo‘lmagan narsa¬larni emas, bor-yo‘g‘i kasbimiz taqozo etadigan jihatlarnigina istashyapti, xolos. Shunday ekan, bolalar qabiga quloq tutaylik. Ishni, darslari¬mizni shunday tashkil etaylikki, har bir dars bola hayotining eng yorqin xotiralaridan biriga aylansin. Bolalarga mehr ko‘rgazibgina mehr qozo¬nish mumkinligini ham unutmaylik.
Zilola TURDIYEVA,
G‘uzor tumanidagi
20-maktabning matematika fani
o‘qituvchisi