VATAN HIMOYASI
VATAN HIMOYASI SHARAFLIDIR
Inson, millat va xalq tarixiy xotira tuyg‘usi bilan barhayotdir. Xotira – kechagi o‘tmishni, ajdodlar o‘gitini, milliy merosimizni anglatib turuvchi – muqaddas kitob zarvaraqlaridek hayotimizni yoritib tursa, qadr insonni yuksaklikka ko‘taradi, uning faoliyatiga, orzu-intilishlariga, maqsad-maslaklariga olijanoblik bag‘ishlaydi.
Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi ham haqiqiy jasorat va fidoyilik ko‘rsatib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga ulkan hissa qo‘shdi. 2 millionga yaqin yurtdoshimiz janglarda ishtirok etib, ularning 500 mingdan ortig‘i qahramonlarcha halok bo‘ldi. Shu bilan birga, urush davrida respublikamiz front uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat, kiyim-kechak, qurol-aslaha va boshqa vositalarni yetkazib beradigan muhim ta’minot markazlaridan biriga aylandi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz janglar davom etayotgan hududlardan O‘zbekistonga ko‘chirilgan 1,5 milliondan ortiq keksalar, ayollar va yosh go‘daklarni bag‘riga olib, og‘ir damlarda ularga beqiyos g‘amxo‘rlik ko‘rsatdi.
Xalqimizning tarix sahifalariga o‘chmas harflar bilan bitilgan bunday mardlik va matonati, oliyjanobligi, mehr-muruvvati va yuksak ma’naviyati barchamizning qalblarimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlab, farzandlarimizni vatanparvarlik va ajdodlar jasoratiga sadoqat ruhida tarbiyalashda ilhomlantirib kelmoqda.
Shuning uchun bosqinchi kuchlarga qarshi mashaqqatli kurashlarda bukilmas iroda va mardlik namoyon etib, bugungi tinch va osoyishta kunlarimiz uchun jonini fido qilgan jasur yurtdoshlarimizning muqaddas xotirasini e’zozlash va faxriylarimizning hurmatini joyiga qo‘yish yurtimizda ezgu an’anaga aylangan.
Shu munosabat bilan Ikkinchi jahon urushida fashizmga qarshi kurashib halok bo‘lgan O‘zbekistonning barcha o‘g‘lonlari xotirasini abadiylashtirish, bugun ham saflarimizda turib Vatan obro‘-e’tiborini yuksaltirishga, yoshlarni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashga hissa qo‘shayotgan barcha kishilarning hurmatini joyiga qo‘yish maqsadida, Prezidentimizning 2022-yilning 29 apreldagi “9-may — Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori hamda mazkur qaror bilan ijroga qaratilgan dasturga muvofiq “Inson qadri ulug‘ — Xotira muqaddas”, “Mardlik va jasorat — hamisha barhayot” shiorlari ostida kompleks tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, 2022-yilning 7-may kuni Toshkent shahar Sergeli tumanida joylashgan 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida, Sergeli tumani Ichki ishlar boshqarmasi va Sergeli tumani hokimiyati mas’ul xodimlari, FVV Akademiyasi jamoasi, Toshkent shahar xalq ta’lim bosh boshqarmasi hamda Sergeli tumani xalq ta’lim boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda “Vatan himoyasi sharaflidir, ehtiromdadir!” shiori ostida “9-may — Xotira va qadrlash kuni”ga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari, Afg‘on urushi faxriylari, mehnat faxriylari, FVV Akademiyasining orkestri va harbiy xizmatchilari, Sergeli tuman hokimiyati, Toshkent shahar va Sergeli tumani xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari, Sergeli tuman IIB xodimlari, Milliy Gvardiya harbiy xizmatchilari, “Vatanparvar” tashkiloti, “Madadkor” mahallasi faollari, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston bayrog‘ini tantanali olib kirish bilan boshlandi va shundan so‘ng, belgilangan maydondan 300-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan vatanparvarlik to‘garagi a’zolari, ishtirokchi o‘quvchilar, Afg‘on jangchilari, FVV Akademiyasining orkestri, Ichki ishlar xodimlari bilan bilan bir safda qo‘shinlarning harbiy liboslarida saf bilan tantanali yurib o‘tishdi.
Yuqori saviyada tashkil etilgan tadbirda Vatanparvarlik to‘garagi a’zolari va FVV Akademiyasining orkestri tomonidan ijro etilgan, Ulug‘ Vatan urushini xotirlovchi va jonajon Vatanimizni madh etuvchi, kuy-qo‘shiqlar, turli xil raqslar namoyishi hamda milliy liboslardagi badiiy chiqishlar va she’rlar, harbiylarning turli chiqishlari, ayniqsa, otliq posbonlar ko‘rigi, harbiy texnika ko‘rgazmali namoyishlari o‘quvchi yoshlarda ulkan taassurotlar qoldirdi hamda ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyati ulashdi. Tadbir yakunida, Ulug‘ Vatan urushi qatnashchilari, Afg‘on urushi faxriylariga tashkilotchilar tomonidan “Tashakkurnoma” va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi FVV
Akademiyasi Matbuot xizmati