“VATAN TAQDIRI MENING QO‘LIMDA”
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining 2022-yil 7-sentabrdagi qaroriga asosan “Vatan taqdiri mening qo‘limda” nomli insholar tanlovi bo‘lib o‘tdi. Yurt tayanchi bo‘lgan yoshlarga vatan himoyasi, sharafi va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish, ularda vatan taqdiri, ertangi kuni va istiqboliga daxldorlik tuyg‘usini rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan bu tanlov millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, yoshlar o‘rtasida ma’suliyat hissi, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan edi.
Tanlovning adolatli, shaffof o‘tishini ta’minlash maqsadida Respublika maktablarining 10-11-sinf o‘quvchilari ixtiyoriy ravishda onlayn ro‘yxatdan o‘tib (@insholar bot) asosida to‘g‘ridan to‘g‘ri Respublika tashkiliy qo‘mitasiga yubordilar. Insholar xalqaro baholash mezonlari asosida rejasiz va ortiqcha badiiy bo‘yoqlardan xoli tarzda, aniq va teran fikirlari esse ko‘rinishida yozilishi talab etildi. Tanlovning birinchi bosqichi natijalari bo‘yicha har bir hududdan 3 nafardan, jami 42 nafar yuqori ballni qayd etgan ishtirokchilar aniqlandi. Joriy yilning 8-9-noyabr kunlari Andijon viloyatida mazkur insholar tanlovining Respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlovning quyi bosqichida 1 ming 400 dan ziyod tengdoshlari orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-yoshlar bellashdilar. Andijon viloyati mezbonlik qilgan bu tanlovga o‘quvchilar va ota-onalardan vakillar hamda ustozlar tashrif buyurdilar.
Andijon viloyati hokimligi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mehmonlarni yuqori darajada kutib olishga harakat qildilar. Ishtirokchilarga maxsus formalar tarqatildi, avtobuslarda Andijon shahrining diqqatga sazovor joylari va eng namunali maktablariga sayohatlar tashkil etildi. 13-umumiy o‘rta ta’lim maktabida tanlovning 2-bosqichi bo‘lib o‘tdi. 41-maktabda tashkil etilgan “Zakovat” intellektual bahslari o‘quvchi yoshlarning bilim salohiyati va o‘zaro hamjihatligi oshirilishiga sabab bo‘ldi.
Kunning ikkinchi yarmida o‘quvchilar “Uz Tong Xong” va “Uz Don Yang Ko” qo‘shma korxonalariga sayohat qilishdi. Bu yerdagi qaynoq mehnat jarayoni va o‘zbek avtomobillari uchun tayyorlanayotgan ehtiyot qismlarining tayyorlanish jarayoni taassurotlarning eng maroqlisi bo‘ldi. Bog‘ishamoldagi Bobur bog‘iga uyushtirilgan sayohat tanlov qatnashchilarining bir umr yodida qolsa kerak deb o‘ylayman. Mirzo Bobur hayoti va ijodini aks ettiruvchi yangi muzeylardagi ko‘rgazmalar va ma’lumotlar vatanparvarlik hissini oshirib yubordi. Ustozlar va o‘quvchilarning orziqib kutgan jarayonlari, ya’ni taqdirlash marosimi Andijon shahridagi Prezident maktabida bo‘lib o‘tdi. Tanlov yakunlariga ko‘ra Ruxshona Oktyabrova (Xorazm viloyati) 1-o‘rinni, Bonu Ziyatova (Samarqand viloyti) 2-o‘rinni va Dilrabo Abdumajitova (Namangan viloyati) 3-o‘rinni egallab, vazirlik tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar. Tanlovdagi faol ishtiroki uchun 11 nafar o‘quvchi Yoshlar ishlari agentligining Faxriy yorlig‘i va maxsus sovg‘alarini olishdi.
Xalq ta’limi vaziri maslahatchisi Nasiba Mamaraimova ushbu tadbirda o‘quvchilarning barchasi g‘olib bo‘lganligini ta’kidlab, Xalq ta’limi vazirligining sovg‘asini olgan o‘quvchilarni yanada ruhlantirib, kelajakda O‘zbekiston Prezidentining qo‘lidan sovg‘a olishga undadi.
Ushbu tanlovni tashkil etgan Xalq ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Andijon viloyati hokimligi, Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi va butun Andijon ahliga kuzgi ta’tilning a’lo darajada o‘tgan kunlari uchun ishtirokchilar nomidan cheksiz minnatdorchilik bildiramiz. Adolatli, shaffof va ayniqsa, maroqli taassurotlarga boy bu tanlov yosh avlod xotirasida bir umr saqlanib qoladi.
Feruza ASHIROVA,
Kosonsoy tumanidagi
17-maktab ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi