Vatan boshlangan ostona
Oʻz istiqboli va kelajagini oʻylagan davlat borki, islohotlar avvalini taʼlimdan, yosh avlod kamoliga eʼtibordan boshlaydi.
Shuning uchun ham Yangi Oʻzbekistondagi bugungi yangilanishlar jarayonida taʼlim ravnaqi va istiqboli tobora muhim va dolzarblik kasb etmoqda. Bu viloyatimiz hayotida, xususan, taʼlim sohasidagi amaliy saʼy-harakatlarda ham yaqqol namoyon. Sohadagi bunyodkorona islohotlar koʻlami va qamrovi haqida gap ketganda, birgina yakunlangan 2021-yilning oʻzida Davlat investitsiya dasturi asosida viloyatimizda 8 ta yangi maktab qurilgani, mavjudlarining 23 tasi rekonstruksiya va 7 tasi mukammal taʼmirlanganini taʼkidlash oʻrinli. Ushbu maqsadlar uchun jami 243,77 mlrd. soʻm mablagʻ sarflandi. Natijada, qoʻshimcha 10343 oʻquvchi oʻrni yaratilib, mavjud 11572 oʻrinli oʻquv binolari mukammal taʼmirlandi hamda 11 ta yangi sport zal qurildi. Davr shiddati va islohotlar qamroviga hamohang bu boradagi odimlar Yangi yilda yanada keng qamrov kasb etishi viloyatimiz hokimining Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasidagi 2021-yil yakunlari va 2022-yilgi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan murojaatnomasida oʻz ifodasini topdi.
Bu “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining yangi yildagi ilk sonida “Najot – taʼlimda, zakovatda!” sarlavhasi ostida yoritildi. Viloyat hokimining “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiriga bergan intervyusida, mamlakatimizda Davlatimiz rahbari rahnamoligida kelajagimiz egalariga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik, yaratib berilayotgan imkoniyat va qulayliklarga hamohang Namanganda ham 2022-yilda ijtimoiy sohalar, xususan, taʼlim alohida eʼtiborda boʻlishi oʻz ifodasini topgan. Aslida ham yurtning ertangi ravnaqini ilm-maʼrifatga boʻlgan eʼtibor belgilaydi. Bu esa “Yoshlar - kelajak bunyodkori” degan eʼtirof bilan uygʻun. Shu asosda “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da viloyatimizda 6 ta yangi maktab quriladi, 15 ta maktab rekonstruksiya qilinib, kapital taʼmirlanadi. Shuningdek, 115 ta maktab 1 840 dona zamonaviy kompyuter texnikalari bilan taʼminlanadi. Viloyatda 3 ta matematika va fizika, 4 ta kimyo va biologiya, 3 ta informatika fanlarini chuqurlashtirib oʻqitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi.
Yosh avlodni sogʻlom va barkamol, har jihatdan yetuk kamol toptirish maqsadida 22 ta maktabda zamonaviy sport zal barpo etiladi. Birgina viloyatimizning oʻzida 2022-yildan boshlab kelgusida 10 ta yangi oliy taʼlim muassasasi tashkil etilishi esa ularning yanada yorqin kelajagidan dalolat. Mana shu raqamlar, taʼkidlarning oʻziyoq yurt ravnaqi va istiqboli, yoshlar kamolida, yaʼni najot chindan ham taʼlimda, zakovatda ekanligining ifodasidir.
Bunday eʼtibor va imkoniyatlar biz xalq taʼlimi tizimi vakillarini farzandlarimizga zamonaviy bilimlarni chuqur va mukammal oʻrgatish barobarida istiqbol sari, yuksak marralar sari yetaklashda shijoatga undayveradi.
Rustamjon ISRAILOV,
Namangan viloyati Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi