“Vazifamiz ta’mir emas, ta’lim”
“Vazifamiz ta’mir emas, ta’lim”
Ustozlar bir yil davomida rahbarlarning dashnomlari, o‘quvchilarining beparvoligi-yu, ota-onalarning injiqliklariga chidab so‘nggi manzilga yetib kelishdi. Bir yil o‘tadi-ketadi, yozda dam olib, kuch to‘plab yangi o‘quv yilini g‘ayrat bilan boshlashadi-da desangiz, adashasiz. Hali o‘qituvchilarning maktabda qiladigan ishlari ko‘p. Hozirda ularni eng ko‘p o‘ylantiradigan masala — sinfxonalar ta’miri. Ta’lim berish vakolatidan tashqari uning zimmasida boshqa “muhim” ishlar ham borda...
Normamat ESHONQULOV, Oltinsoy tumanidagi 63-maktab o‘qituvchisi:
— Anchadan buyon ijtimoiy tarmoqlarda oʻqituvchilarning suhbatlarida asosiy mavzu — ta’mir. Axir maktab ta’miri Prezidentimizning topshiriqlari bilan Xalq ta’lim vazirligi va maktablardan soqit qilinib, mahalliy hokimiyatlar zimmasiga yuklatilgan-ku. Aziz hamkasblar, oʻzimizga aloqasiz masala yuzasidan nega buncha tortishamiz? Birinchi bor Xalq ta’limi uchun xizmat qilish vakolati berilgan hokimiyatdagilarning ishiga tumshuq suqmaylik, ularning ham rejalari bordir. Tinchgina ta’tilga ketib, dam olib, ta’lim masalalari bilan shugʻullanaylik, vazifamiz ta’mir emas, ta’lim ekanini
unutmaylik.
Saidaxon MAMADJONOVA, Chust tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi:
— Ta’tilga chiqishimiz
kerak… Lekin ota-onadan pul yig‘ma, homiy topib sinfingni remont qil, degan buyruq berildi... Homiy topolmasam o‘zimmanda o‘sha homiy deb turibman.
Guruhimdagi ota-onalar: “sinf xonasi remont boʻldimi?” deb soʻrashdi, kulib “mahalliy hokimiyat”ni kutyapman deb yozvordim.
Madinaxon NIZOMOVA, Yangiqoʻrg‘on tumanidagi 1-maktab o‘qituvchisi:
— 23 yildan beri maktabda ishlayman, oʻquvchilardan pul yigʻilmagan yilni eslolmayman. Shu pul yigʻish ishlarini hammaga yomon koʻrinib, boʻynimizga olmasligimiz kerak, Sugʻurtaga, bolalar sportiga, boshqalarga pul yigʻib berish – sinf rahbarining zimmasida.
Kerak boʻlsa yigʻib olishsin, oʻqituvchini baloga qoldirmay. Har kim oʻz ishini qilishi
kerak, oʻqituvchimi faqat bilim bersin.
Alisher MADRIZAYEV, Oqqoʻrgʻon tumanidagi 30-IDUM oʻqituvchisi:
— O‘qituvchilar faoliyatidagi ikki muammo hali-beri yechim topmasa
kerak: bepul tibbiy ko‘rik va sinfxonasining ta’mirlanishi.
Rahbaroy MELIBOYEVA, Uchko‘prik tumanidagi 5-maktab o‘qituvchisi:
— Ayrim “aqlli” ota-onalar sinf guruhiga remont uchun oʻquvchidan pul yigʻmaslik haqidagi xabarni yubormoqda. Remont puli xuddi sinf rahbari uyi uchun yigʻilayotgandek.
Dilfuza SUVONOVA, Yangiyo‘l tumanidagi 42-maktab oʻqituvchisi:
— Aslida biz o‘qish tugashi bilan 9–11-sinf imtihonlari bilan band bo‘lishimiz kerak. Sinfxonalarimiz kalitlarini avgustgacha xo‘jalik ishlari bo‘yicha mudirga topshirishimiz lozim. Yo‘q, unday qilolmaymiz, partalarni tashqariga tashiymiz, ustani topib, sinfni topshiramiz, remont qildiramiz, keyin partalarimizni xonaga olib kirib, direktorga xona ta’mirini ko‘rsatib, so‘ngra derazalarni bo‘z bilan berkitamiz. Ana, tugadi. O‘quvchilarim “Ustoz, imtihon paytida yegulik opkelaylik, kechgacha charchaysiz” deyishdi. “Mening boshimni baloga qoldirmanglar, yarim qoshiq ovqat uchun boshimga yuvindi ag‘darilmasin” dedim. Hozirda eng qiyin ish o‘qituvchiniki. Hadiksirab ishlashga toʻgʻri kelmoqda.
Matluba NASIRIDDINOVA, Angren shahridagi 18-maktab oʻqituvchi:
— Yil davomida farzandining xulqi va o‘qishidan loaqal bir marta xabar olmagan, qimmat telefon olib berib, bolamni eplolmayapman, quloq solmay qo‘ydi, deb diydiyo qiladigan ota-onalarga bir og‘iz gapirib bo‘lmaydi. Hozir o‘quvchilar yil davomida bitta xonada o‘tiradi. Xona ta’miri uchun na maktab, na biror boshqa tashkilot bir so‘m bermaydi. Ota-onalarga “Xohlang, kelasi yil bolalaringiz o‘zlari rasvo qilgan xonada o‘qisin, xohlang, chiroyli ta’mirlangan xonada. Bu sizning
tanlovingizga bog‘liq, dedim.
Niginabonu SHUKUROVA
tayyorladi.