Xalq ko‘nglining kashfiyoti bir shoir!
Xalq ko‘nglining kashfiyoti bir shoir!
1995-yilning kuzi. Oktabr oyining oxirlari. Kuzni kuzatib sekin qadamlar bilan qishga kirib borayotgandik. Institutdagi oxirgi yilim. Shu yilni tugatib, o‘qishni tamomlab ish hayotimni boshlayotgandim. Ustozlar ham tahsil davrimizning so‘ng pallasiga kelganimizni fahmlagan, shuning uchun ular ham vaqt topdi deguncha bizdan nima kutayotganlarini qayta-qayta ta’kidlardilar.
Adabiyotga bog‘liq darslarimizda nafaqat Turkiya shoir va yozuvchilarini, balki Turkiston hududining adiblarini ham o‘rganar, ularning asarlarini o‘qib borar edik. Ustozlardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu hududni, bu yerdagi Ozarboyjon, Qrim, Qozon, Turkman, O‘zbek, Qirg‘iz, Qozoq adabiyotlarining rivojlanish bosqichlarini tinglar, har darsimizda shu o‘lkalarni kezib, ma’rifat yo‘lida kurashganlar bilan birga yo‘lga chiqqandek bo‘lar edik. Bu yerdagi odamlar bilan birga yig‘lar, birga kulardik. Bilhissa, bu adabiyot vakillari asarlarini o‘qigan sari Turkistonda adabiyot an’anasining nechog‘lik kuchli ekanligini, o‘lka adiblarining tildan ustalik bilan foydalanishlarini ko‘rgan sari sevinamiz. Darslarimizdan birining oxirgi daqiqalarida o‘qituvchimiz sinf taxtasiga yozib ishtiyoq bilan she’r o‘qib berdi. So‘ng keyingi darsimizda ushbu she’rni yozgan shoir haqida gaplashishimizni va u haqda qo‘shimcha ma’lumotlarni izlab topishimizni, agar she’rlarini topish imkoni bo‘lsa, ularni ham darsga olib kelishimizni aytdi. Sinf taxtasiga yozilgan misralarning hammasi ham meni mast qilsa-da, shu misralar adabiyotga, asosan, she’rga qiziqishi bo‘lgan mendek talabani yana-da o‘ziga tortgan edi:
Yellar, bir daqiqa to‘xtang esishdan,
Sernavo bulbullar, sayramang biroz.
Karbalo dashtida yayov kezishdan
Charchab tin olmoqda Fuzuliy ustoz.
Dengiz to‘lqinlaring urma qirg‘oqqa,
Shoir o‘ylariga bermagil xalal.
Ustoz yuragida she’r tug‘ilmoqda,
Dunyoga kelmoqda bir munis g‘azal.
Keyingi darsgacha kutubxonalarda bu matn muallifi bo‘lgan Erkin Vohidov haqida ma’lumot izladim. Uning hayoti, asarlari va ijodi haqida ma’lumotlar to‘pladim. Biroq men topa olgan ma’lumotlar yetarli emas edi: Bayram O‘roq ismli tadqiqotchi tayyorlagan kitobda Vohidovning hayoti va asarlari haqida ma’lumotlar va she’rlaridan namunalar… Yavuz Akpinar tayyorlagan Vohidovning qisqa biografiyasi. Yana xuddi shu muallifning har misrasini turk tiliga o‘girib qaytadan jon bergan “O‘zbegim” qasidasi va uning bir nechta she’ri…
Keyingi hafta Qiyoslamali adabiyot darsimizga o‘qituvchimiz ikki mehmon bilan keldi. Ularni bizga tanishtirdi. Mehmonlarning ikkalasi ham O‘zbekistondan kelgan ilmiy xodimlar edi. Ulardan biri darsimizda qirq daqiqacha hazrati Mir Alisher Navoiy haqida so‘zladi. Alisher Navoiyning tilimiz mavqeyi va nufuzini saqlab qolish uchun sa’y-harakatlari, nafaqat o‘zbek, jahon madaniyati xazinasining boyishiga qo‘shgan hissasi haqida hikoyalar aytib berdi. Va yana Navoiyning faqatgina o‘zbeklarga emas, butun Turkiston hududiga ham yo‘nalish bergan ziyoli ekanligi haqida to‘xtalib, o‘zbek adabiyotining 1930-yillargacha bo‘lgan umumiy xususiyatlarini sanab o‘tdi.
Butun sinf, ya’ni yetmish besh talaba mehmonimiz aytgan har bir so‘zni diqqat bilan tinglar, u aytgan har gapni yodimizga mustahkamlab olar edi. Mehmonimiz so‘zni Cho‘lponning “Go‘zal” she’rini o‘qib yakunladi. Ikkinchi mehmon so‘zga chiqdi va ma’ruzasini boshladi. U asosan O‘zbekistonning ozodlikka erishish yo‘lidagi kurashi, bu jarayondagi ijtimoiy-siyosiy voqealar, o‘zbeklarning o‘zligini saqlab qolish uchun madaniyatini yashatish yo‘lidagi kurashlari va O‘zbekistonda adabiyotga berilgan e’tibor haqida gapirib berdi.
Xususan, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrash, mustaqillikning qadriga yetish, kuchli davlat ogoh farzandlar bilangina mavjud bo‘lishi haqida O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti hurmatli Islom Karimovning xizmatlari haqida to‘lqinlanib so‘zladi. U keyinroq zamonaviy o‘zbek shoirlari haqida ma’lumot berib, o‘zbeklar yoddan aytishni faxr deb biladigan “O‘zbegim” qasidasini aytib berdi. She’rning ohanrabosi bilan birga iftixor tuyg‘usi jo‘sh urib turishi sinfni to‘ldirib o‘tirgan yetmish besh talabaning butun vujudi bilan she’rni tinglashi, she’r tugagandan so‘ng mehmonimizni tik turib olqishlashi orqali namoyon bo‘lgan edi. Dars tugagan vaqtda men shoirlik qoni jo‘shib turgan, ham mumtoz, ham zamonaviy xarakterlarga ega yangi shoir bilan tanishgan edim.
Boshqacha qilib aytganda, qanchalik g‘oyibona bo‘lsa-da, Erkin Vohidov bilan bo‘lgan ilk tanishuvim edi.
* * *
2002-yil… Ko‘klam fasli edi. Aprel oyi… Aspiranturada darslarni tugatib, imtihonlarni topshirganimga ikki oy bo‘lgan edi. Aspirantlik dissertatsiyasi uchun mavzu tanlab yurgan vaqtlarim. O‘zbek adabiyotining zabardast ijodkori haqida ilmiy ish qilishni maqsad qilib qo‘ygandim. Cho‘lponshunos Husayn O‘zbay bilan maslahatlashib, ikki ijodkor o‘rtasida qarorsiz qoldim. Erkin Vohidov, Abdulla Oripov… Biri o‘zbeklarning dostonini yozgan shoir... Ikkinchisi O‘zbekiston milliy madhiyasi muallifi…
Fikr-mul ohazasini olish uchun Ahmet B.Erjilasunga murojaat qildim. Gaplarim ni eshitib kulimsiraydi ustoz… Tabassum bilan: “Qiyi n tanlov… Qay birida to‘xtalishni bilmay turibsan, shundaymi?” – dedi. – “Xo‘sh. Ikkisining ham ijodi bilan tanishib chiqdingmi? Har ikkisi haqida ham ma’lumotga egasan. Qaysi biri zamonaviy shoir seningcha?” Shunday javob qildim: “Ikkalasi ham. – Qay birining she’ri ko‘proq? Mavzu rang-ba-
rangligiga ko‘ra qaysinisi farq qiladi? Yana o‘sha javob... Ustoz bir qancha payt tildan foydalanish san’atini shoirlar yaratishini, o‘zbek adabiyoti haqidagi o‘ylari, o‘zbek shoirlarining Turkiyada tanitilishi va ular haqida qilinadigan ilmiy ishlarning dolzarbligi haqida so‘zlab ketdi. Keyin esa ilmiy ish mavzusi uchun qaror berolmayotgan shoirlari ijodidan esingda qolgani bormi, deb so‘radi.
Men esa:
Sobit-u sayyorada
Inson o‘zing, inson o‘zing.
Mulki olam ichra bir
Xoqon o‘zing, sulton o‘zing.
Sobit o‘z ma’vosida,
Sayyor fazo dunyosida,
Koinot sahrosida
Karvon o‘zing, sarbon o‘zing.
Bu yorug‘ dunyo nadur?
Koshonadur, vayronadur,
Senga mehmonxonadur,
Mehmon o‘zing, mezbon o‘zing.
Bunda oq birla qaro,
Zulmat, ziyo, shoh-u gado,
Jang qilurlar doimo,
Ul yon o‘zing, bul yon o‘zing.
Goh adolat bog‘ida,
Piri adovat gohida,
O‘z diling dargohida
Shayton o‘zing, g‘ilmon o‘zing.
misralarini yoddan o‘qiyman. Bu misralar Erkin Vohidovning “Inson” nomli she’ridan esimda qolgan parchasi ekanligini aytganimda, ustoz “Savash, o‘zing uncha tushunib yetmabsan-u, lekin zehningda o‘rganmoqchi bo‘lgan shoirni tanlab bo‘libsan: Erkin Vohidov. Uning hamma asarlarini izlab top, o‘zi bilan bog‘lan. Hamma yozgan asarini o‘qib chiq. Shoir haqida yozilgan maqolalarni qidir. Yozganlarini tahlil qil… Erkin Vohidov kim ekan? Qanday muhitda o‘sgan? Asarlarida nima haqida yozadi? Uning har bitta qirrasigacha qanday ijodkor ekanligini o‘rgan va bizga ko‘rsat, tanit” – dedi.
Shundan keyin ishga kirishib ketdim.
2003-yildan 2007-yilgacha davom etgan deyarli to‘rt yillik ish jarayoni. Bu davr men uchun bir o‘zbek ziyolisi, shoirini, munaqqidini o‘rganish jarayoni.
Erkin Vohidov haqida aspirantlik ishi qilayotgan vaqtimda oldimga qo‘ygan maqsadlarim bor edi.
Bular – she’r va shoir vazifasini jamiyatni uyg‘otish va uning rivojlanishiga hissa qo‘shish, deb biluvchi va bu yo‘lda she’rlar yozgan Erkin Vohidovni Turkiyaga tanitish; zamonaviy o‘zbek adabiyotining yorqin namoyandalaridan biri bo‘lgan Vohidovning nazmiy asarlaridan xulosa chiqargan holda she’r dunyosi va uslubiy xususiyatlarini ochib berish edi. Bularni o‘rgangan holda asarlarining o‘ziga xosliklari, ya’ni shoir so‘zlarni tejamkorlik bilan sarflashi, uning fikr va tasavvurining she’riyatida aks etish shakli va uning she’rlaridagi til bilan bog‘liq boshqa san’at unsurlarini qayd etish edi.
“Erkin Vohidov she’riyati bo‘yicha til va uslubiyat tadqiqi” nomli aspirantlik ishimning asosiy materiali ijodkorning “Ishq savdosi”, “She’r dunyosi”, “Umrim daryosi” nomli asarlarida mujassamlashgan 422 ta she’rdan iborat edi. Ilmiy ishning kirish qismida Erkin Vohidovning qaysi adabiy muhitdan ilhomlanganligini yoritib berdim. “I bo‘lim”ida Vohidovning hayoti haqida ma’lumot berib o‘tib, uning asarlarini “She’r kitoblari”, “Nasriy asarlar”, “Dostonlar”, “Teatr asarlari” va “Tarjimalari” sarlavhalari bilan joylashtirdim. Uning 24 ta she’r kitobida mumtoz nazm birliklari va mumtoz nazm birliklaridan tashqari farqli va tartibsiz miqdordagi misralar bilan nazm qilingan she’rlari o‘rin olgan edi. Adabiy tanqid va suhbatlardan tashkil topgan nasriy asarlari uning fikriy yetuk bo‘lishidagi bosqichlarni aks ettirmoqda edi.
Ilmiy ishimning tadqiq qismini tashkil qiluvchi “II bo‘lim”ida Erkin Vohidovning ilmiy ishimning asosini shakllantirgan 422 she’rini she’riy tarkibi, nazm shakli, vazn, til va uslub jihatlaridan o‘rganib chiqdim. Ilmiy ishning “III bo‘lim”ida Vohidovning mazkur asarlaridagi she’rlarining transkripsiyali shakllari, “IV bo‘lim”ida esa bu matnlarning turk tilidagi tarjimasiga o‘rin ajratdim.
Ilmiy ishimni himoya qilayotgan paytim hay’at a’zolarining “Bir shoir sifatida Erkin Vohidov qanday xususiyatlarga ega? Nimalarni ko‘rib chiqding?” degan savollariga shunday degandim:
“Zamonaviy o‘zbek she’riyatining muhim vakillaridan biri bo‘lgan Erkin Vohidov, mumtoz she’riyat an’anasiga sodiq qolib yozgan she’rlaridan tashkil topgan “Yoshlik devoni”; insonning ruhiyati va o‘ylarini mushohada qilishga majbur qiladigan “Tirik sayyoralar”, “Sharqiy qirg‘oq”, “Yaxshidir achchiq haqiqat” nomli kitoblari; Ikkinchi jahon urushi olib kelgan kulfat va azoblarni aks ettiruvchi “Nido” dostoni, bengaliyalik inqilobchi shoir Nazrul Islomning hayoti va va fojiaviy xotimasiga bog‘liq holda jasorat, fidokorlik, milliy burch va insonlik kabi xususiyatlarni tasvirlovchi “Ruhlar isyoni” nomli dostoni, to‘g‘rilik va egrilik, adolat va adolatsizlik, samimiyat va soxtalik o‘ylaridan kelib chiqqan holda hayotning shafqatsiz yuzini ko‘rsatib beruvchi “Istanbul fojiasi” nomli nazmiy pyesasi, hajviy unsurlar bilan bezatilgan “Donish qishloq latifalari” nomli she’rlar to‘plami, “Oltin devor” komediyasi va tarjimalari bilan o‘zbeklarning adabiy va madaniy hayotiga ko‘zgu tutgan hamda o‘zbeklarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan ijodkordir”.
1950-yillarda she’rlari bosila boshlagan va 1960-yillarda shoir sifatida tanilgan Erkin Vohidov asarlarida o‘zi va jamiyatni qiynaydigan muammolarni o‘ziga xos uslubda tarannum qilgan. Erkin Vohidov millatning dardlarini, xalqiga bosqinchilik siyosatini yuritgan kuchlarning beshafqatligi, adolatsizligidan norozi ekanligini hech ikkilanmasdan ifoda etgan.
She’rini o‘zining quroli deb biluvchi Vohidov, millati oldidagi vazifa va majburiyatlarini xo‘b o‘ylagandir. Shoirlikni “jondan voz kechish” deb baholagan Erkin Vohidovning fikricha, shoir insoniyatning yer yuzida boshidan kechirgan hamma voqealarga javobgar kishidir. Uningcha, “Shoirning dardi – xalqning dardidir”. Shoir “har so‘zi xalqning ovozi va dardini ifoda etsagina” baxtiyor bo‘lishini aytib o‘tadi.
Erkin Vohidovning “ Ishq savdosi”, “She’r dunyosi va umrim daryosi” nomli kitoblaridagi she’rlarida bayt, to‘rtlik, beshlik, oltilik, sakkizlik va o‘nlik nazm birliklari bilan birga mumtoz nazm birliklarining ichiga kirmaydigan she’rlari ham bor. Nazmning bayt birligida 122 ta she’r yozgan Erkin Vohidov, bu asarlarning katta qismida misralarni sindirish yo‘li bilan yangilik qilishga harakat qilgan. Shoir oddiy bayt shaklida 18 siniq misralardan tashkil topgan bayt shaklida 104 she’r yozgan. Bu she’rlarning miqdorini qiyoslaydigan bo‘lsak, shoir nazm birligi nuqtayi nazaridan yangi formalarni tanlaydi. To‘rtlik nazm birligida 191 ta she’r yozgan Erkin Vohidov, bulardan bir qismida an’anaviy she’riyatda ishlatilgan shakllarni afzal ko‘rgani holda, bir qismida to‘rtliklardagi qofiya sistemasini asos etib yangi shakllar yaratib ko‘rgan. Buni esa to‘rtliklarni tashkil qiluvchi misralarni sindirib amalga oshirgan. Bu shaklda sindirib yozgan misralarida odmilikdan ko‘ra ko‘proq sistema izidan borgan shoir, siniq misralarni asosan bosh vazn sifatida tanlagan hijo vazniga ko‘ra tartiblaydi. Bu jarayonda misralarni hijo qolipining tanaffuslariga ko‘ra sindiradi, bu vaznda an’anani chetlab o‘tib yangi shakllar qidirsa ham, bir tomondan orqa planda qolgandek bo‘lsa-da, an’anaviy yo‘lni ham davom ettiradi.
Vohidov to‘rtlik nazm birligi bilan yozgan 191 she’rining 113 tasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘rtlik vaznini asos olgani holda, 78 tasini siniq misralar bilan tuzgan. Shoirning beshlik vaznida yozgan she’rlarining soni 13 tadir. Ularning o‘ntasi beshlik nazm shakli asosida bo‘lib, uchtasi beshlik nazm shaklida yozilishiga qaramasdan siniq misralardan tashkil topgan. Oltilik nazm shakli bilan uchta she’r yozgan Vohidov, bulardan bittasini aruz vaznida, qolgan ikkitasini esa hijo vaznida yozgan. Bu she’rlardan to‘rttasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri sakkizlik nazm shaklida yozilgan, biroq qolganlardan bittasi “11 sakkizlik+1 ta to‘qqizlik”, ikkinchisi esa “8 sakkizlik+2 ta to‘rtlik” shaklida tuzilgan. Vohidov o‘nlik nazm shaklda to‘rtta she’r yozgan. She’rlarining bir qismini esa turli va tartibsiz miqdordagi misralardan tuzgan. Mazkur she’rlardan 19 tasi har xil o‘lchamdagi misralar bilan bir butun holda tuzilgan bo‘lib, 29 tasi tartibsiz miqdordagi misralardan iborat.
She’rlarida ham hijo, ham aruz vaznini ishlatgan Erkin Vohidov ba’zan biron vaznga bog‘liq bo‘lmagan holda sarbast she’rlar yozgan. She’rlarining bir qismida bir tomondan aruz vazni va mumtoz she’riyatning nazmiy shakllari ko‘zga tashlanadi, boshqa tomondan esa she’rlariga kiritgan yangiliklar diqqatga sazovordir. Shu bilan birga hijo vazni bilan yozilgan she’rlarining bir qismida mumtoz she’riyatdan ilhom olgan, bir qismida esa foydalangan hijo qolipining tanaffuslariga mos holda misralarni sindirish yo‘li bilan yangi shakllar tuzishga harakat qilgan.
Erkin Vohidov she’rlarining 127 tasi aruz vaznida. Bular mumtoz adabiyotda eng ko‘p ishlatilgan bahrlardan “bahri hazaj”, “bahri ramal” bilan, kam ishlatilgan bahrlardan biri “bahri muzori” va “bahri munsarih”dir.
She’rlarida ko‘proq hijo vaznidan foydalangan Erkin Vohidovning bu vaznda yozgan she’rlari 289 ta. Oltilik hijo vaznidan o‘n beshlik hijo vaznigacha har xil vaznlardan foydalangan shoir, ba’zi she’rlarida esa ikkita alohida vazndan birgalikda foydalangan. Shoir shu yo‘l bilan toq misralarda boshqacha, juft misralarda boshqacha hijo qolipidan foydalanib ohangdorligini ta’minlagan. Bu she’rlarida toq misralarning soni bilan juft misralarning soni bir xil. Erkin Vohidov hijoning 11 lik qolipidan boshqa qoliplarga nisbatan ko‘proq foydalangan.
Erkin Vohidov she’rlarining katta qismida “lirik tuyg‘u va ifoda uslubi” namoyon bo‘ladi. Shoir bu ilmiy ishning asosini tashkil qiluvchi 422 she’ridan 62 tasida muhabbat haqidagi tuyg‘u va o‘ylarini berib boradi. Muhabbat va u bilan bog‘liq tomonlarini hamma so‘zlardan ustun qo‘yuvchi Erkin Vohidov oshiq va mahbubasini she’rlarida ifoda etayotganda mumtoz she’riyatda mavjud bo‘lgan hoshiya ichida jamlaydi.
Vohidov do‘stlik, tavoze, samimiyat, to‘g‘riso‘zlik, mardlik kabi mavzularda ijod qilgan. Do‘st Vohidovning she’rlarida muhim o‘rin tutadi. U do‘stlik haqidagi she’rlarida sadoqat, salomlashishning ahamiyati, qarindoshlik, suhbat istagi, muammolarni bo‘lishish, birlik, hamkorlik, hol-ahvol so‘rash, yaxshilik va xiyonat mavzulariga keng joy ajratgan.
Ko‘p bo‘lmasa ham ayriliq va chorasizlikdan kelib chiqqan pessimistik ruhda yozgan she’rlari ham bordir. Bu she’rlarida Vohidovning ba’zi ijtimoiy she’rlarida kuzatiluvchi umumiy ko‘rinishdan farq qiluvchi ruhiyati ko‘zga tashlanadi. Uning bu holi o‘tkinchi tushkunlik paytlari vujudga kelgan pessimistik holdir.
Erkin Vohidov she’rlarida vatan mavzusiga keng joy ajratadi. Uning she’rlarida Vatan oddiy bir tuproq parchasi emas. Hamma narsadan oldin Vatan – uning ustida yashovchi xalq yaratgan til, tarix, urf-odat axloq qoidalaridan tashkil topgan madaniyati, ruhi bilan Vatandir. Shoir qishloq xo‘jaligi asosiy o‘rin tutuvchi O‘zbekistonda paxta yetishtirish haqida she’rlar yozgan. Bu sohada ishlaydigan odamlarning hayotini asarlarida tarannum qiladi. Bu she’rlarida bir ishni amalga oshirishga qodir bo‘lish, peshona teri bilan kun kechirishning ahamiyati, g‘ayrat, muvaffaqiyat, imkoniyatlarni ishga solish, mehnatning taqdirlanishi va paxta yetishtirish haqidagi mavzularni yoritib bergan.
Vohidovning fikricha, inson dunyoni go‘zallashtirish va obodonlashtirish uchun yaratilgan. Shuning uchun insoniyat tinmasdan buni amalga oshirish uchun xizmat qilmoqda. Bu shijoati natijasida dunyo kundan kunga chiroy ochib, shu ishi natijasida insoniyat baxtiyor bo‘ladi.
Erkin Vohidov she’rlarining muhim qismida sho‘ro mafkurasi, jamiyatdagi buzilishlar mavzusi aks etadi. Bu she’rlarning soni 65 ta. Ularda sobiq sho‘ro tuzumining dinga qarshi harakatlari, qurolsizlantirish g‘oyasi ostida manfaatparastlik qilgan inson tipi tanqid ostiga olinadi.
Erkin Vohidov so‘z, gap va misrada yangi tuyg‘u va hayajonga parallel holda yangiliklar yaratgan. Sodda til va samimiy hislarga mumtoz va xalq she’riyati an’anasi yo‘nalishida ijod qilish barobarida yangi shakllarni yaratishni sinab ko‘rgan. Shoir o‘zbek she’riyatining an’naviy uslub, motiv va ramzlarining mumtoz she’riyatdagi qolipidan foydalanish bilan bir qatorda bularni davrga moslashtirib ishlatgan. Vohidov mumtoz she’riyatdagi shakl va mazmunlarni olib tashlash tarafdori emas. Bil’aks, shoir o‘tmish bilan bugungi kun munosabatlarini yangidan shakllantirishni maqsad qilgan holda, ham mumtoz davr asarlaridagi xususlarni, ham mumtoz she’riyatning, ham xalq tilining rangi bilan yangidan chizgan. U har so‘zning eng nozik, eng go‘zal tomonlaridan foydalanishga harakat qilgan, hayotning hamma qarshiliklariga, jamiyatdagi to‘polonlarga, bo‘ron, kulfat va qiyinchiliklarga o‘ziga xos reaksiya ko‘rsatadi.
Erkin Vohidovning she’riyatga kiritgan yangiliklardan eng ahamiyatga sazovor bo‘lgani leksikologiya sohasidagisidir. Shoir o‘zbek tiliga o‘zlashtirilgan sodda, keng foydalaniluvchi so‘zlarni tanlash barobarida mumtoz she’riyat an’anasida foydalanilgan asosiy so‘zlardan ham mahorat bilan foydalanadi. Shu bilan birga Vohidov xalq shevalaridan va folklorik til materiallaridan ham foydalangan holda tabiiy, jonli va sodda uslub namoyon qiladi.
Erkin Vohidov ijtimoiy va siyosiy voqealarga bo‘lgan munosabatini bildirish chog‘ida zid ma’noli so‘zlar va ifoda shakllaridan keng ko‘lamda foydalangan. Uning she’rlarida hayajon va majoziy ifoda shakllari mo‘l bo‘lganligi uchun leksikologik jihatdan ot so‘z turkumi markazda turadi. Ba’zan o‘git beruvchi, ba’zan so‘roqqa tutguvchi, ba’zan voqealarga chorasiz qolguvchi, ba’zan duch kelgan muammo va qiyinchiliklariga yechimni insonning ruh dunyosining yangidan shakllantirilishida qidirgan asabiy va baland bosimdagi tazodlarga to‘la misralari Vohidovning poetikasini belgilab beradi.
Erkin Vohidov she’rlarida samimiy tuyg‘u, fikr, hayajon va xayollarini yanada chiroyli holatda ifoda qiladi. Asarlaridagi majoz, tashbeh va istioralar, shoir hayajoni darajasini ko‘rsatuvchi xitob va nidolar shoirning uslubini belgilovchi omillardir. Vohidov bular bilan bir qatorda she’rlarida ritmik va garmonik parchalarga keng ko‘lamda joy ajratgan. Tovush, qo‘shimcha, so‘z, so‘z turkumi, gap, misra, bo‘lim holidagi ifoda takrorlari, deyarli hamma she’rlarida uchraydi. U sodda, ochiq va ravon uslubini tuyg‘u va fikrlariga ko‘ra farq qiluvchi gap va misralarda namoyon etadi.
Vohidov she’rlarida xalq ko‘rgan qiyinchiliklarga qaramasdan “optimist” ruhiyatni saqlab qoladi. Barcha bo‘lib o‘tgan voqealarga qaramasdan umidini muhofaza qilgan shoir murojaat qilgan hayot, shafqat, hurmat, umid, nur, ozodlik, birlik, hurriyat, hokimiyat, orzu, sevgi, do‘stlik, bolalik, yoshlik, tabiat va bahor tuyg‘ulari kabi tushunchalarni bog‘lovchi so‘zlar tizimi yaqqol ask etadi.
She’rlarida vaqt, tabiat, mavsum ramziy ma’no kasb etadi. Vohidov she’rlariga teran nazar bilan razm solsak, uning “his qiluvchi, sevguvchi; xayolot olami keng, muhabbat va estetikaga ahamiyat beruvchi va shu bilan bir paytda azob va qayg‘ularni boshdan kechirgan” bir shoir ekanligini anglash mumkin. Shoir hurriyat va istiqlol tushunchalariga alohida urg‘u berish bilan birga ijtimoiy masalalarni ham alohida e’tibor bilan yoritib bergan. Hayotni bir butun sifatida tasavvur qilgan shoir dunyoni, o‘lkasini va unga oid muammolarni nafaqat analiz qiladi, balki bularning yechimiga doir choralar ham keltirib o‘tadi.
Vohidovning she’rlarida leksikologik jihatdan diqqatni tortuvchi xususiyatlardan biri iboralardir. Uning xalq tilidan va iboralardan keng qamrovli shaklda foydalanganligi, shoirning mahalliylashish va milliylashishga harakat qilganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, u folklor namunalari, xususan, o‘zbek maqollariga ham she’rlarida keng joy ajratgan.
Ijodkor tabiatni yaqindan va real tomonlari bilan mushohada qilib, she’rlarini eshitishga asoslangan taqlidiy so‘zlar bilan bezaydi. Vohidovning tabiat va tasvir she’rlarida keng o‘rin olgan taqlidiy so‘zlar ko‘proq fe’l funksiyasida namoyon bo‘ladi. U she’rda ma’lum tovush, so‘z, misra yoki bandlarda boshqa tovushlariga nisbatan ko‘proq joy berish yo‘li bilan amalga oshirilgan assonans va alliteratsiyalar ovoz va ma’no orasida musiqiy bahosi baland bir ohang ta’minlaydi.
Erkin Vohidov mehr-muhabbat kuychisi ekanligini aytish barobarida uning fikr, hurriyat va orzu kuychisi ekanligini ham ta’kidlab o‘tish darkor.
Erkin Vohidovni ilmiy hay’at va tinglovchilar huzurida shunday tanishtirgan edim.
* * *
2010-yil… fevral oyi… 2009-yilning oxirida Shaqrshunoslik institutida dars berish uchun Toshkentga keldim. Bir tomondan darslarim davom etyapti, boshqa tomondan Toshkentni o‘rganayotgan paytim. Ayni vaqtda, izlanish olib borayotgan shoirim bilan tanishish istagida yurgan paytim. Tohir aka menga bu mavzuda yordam berishi mumkinligini aytib qoldi. Erkin Vohidov bilan meni(qaytadan lekin yuzma-yuz!) tanishtirishini, bilan suhbat qilish imkoni yaratib berishini aytib qoldi. Nihoyat, u bir kuni meni chaqirib uchrashuv vaqtining belgilaganligi xabarini yetkazdi. Erkin aka bilan Beruniy metro bekati chiqishidagi “Beruniy” restoranida ko‘rishishimizni aytdi. Men ham aytilgan kun va soatda belgilangan joyda bo‘lishimni bildirdim.
Va kutilgan kun keldi.
Restoranga bordim. Tohir aka bilan suhbat qilib o‘tirarkanmiz, Baxtiyor Nazarov va Erkin Vohidov kirib keldilar.
Erkin Vohidov, nihoyatda samimiy ohang bilan “Xush kelibsiz, turkiyalik mehmon. Boshimiz ko‘kka yetdi. Xoh Tohir, xoh Baxtiyor akaning ta’biri bilan aytadigan bo‘lsak, meni mendan ham yaxshi biladigan mutaxassis… Siz bilan tanishganimdan mamnunman”, deb men bilan salomlashdi.
Hammamiz o‘rnimizga o‘tirdik.
Taom asnosida suhbatimiz davom etdi. Keyinroq Erkin akaga, olib borgan ilmiy ishimning bir nusxasini va diskini, shoir haqida bosib chiqarilgan maqolalarimni taqdim qildim. U bir tomondan ilmiy ishimni ko‘rib chiqar ekan, boshqa tomondan savollar berib, o‘zi haqida, she’rlari haqidagi fikrlarim bilan qiziqardi. 2007-yili aspirantlik ilmiy ishim himoyasida hay’at huzurida aytib berganlarimni Erkin akaga so‘zlab berdim. Erkin akaning o‘zi ham she’r haqida, ijodkorning nima qilishi kerakligi haqida o‘z fikrlarini aytar edi. Mavzu kengaygan sari kengayar, chuqurlashgan sari chuqurlashar edi.
Erkin aka, shundan keyin, “Savash Bey! Siz haqingizda, she’rlaringiz va asarlaringiz haqida juda ko‘p ma’lumot to‘plagan, izlangan, deb aytishganda shubham bor edi. Endi shubham qolmadi”, dedi.
Uzoq yillar izlanib bitirgan ilmiy ishim himoyasidan chiqqan vaqtimda tuygan baxtiyorlik bilan Erkin aka bilan yuzma-yuz tanishgan, unga o‘zi haqidagi ilmiy ishim va yozgan maqolalarimni taqdim qilgan ondagi hayajonim va baxtiyorligim, ular bilan suhbat qilish imkonini bergan soatlar hayotimning eng baxtli lahzalari, deb ayta olaman.
“Bir shoir va u bilan uch tanishuv”. Bu jarayon ham tugadi chog‘i.
Ilk tanishuvim uzoqdan, she’rlaridan kelib chiqqan holda o‘zimning tanishuvim edi.
Ikkinchisi… Balki, tanishuvdan ham ko‘prog‘i edi. Bu mening Erkin akani o‘rganish bosqichi sifatida baholashim mumkin bo‘lgan tanishuv edi. Bu jarayonni boshqacha qilib shunday ifoda qilaman: Saharlar qadar Erkin akaning kitoblari bilan band bo‘ldim, ishladim.
Va nihoyat, yuzma-yuz tanishuv bosqichi – uchinchi bosqich…”.
Veli Savash Yelo‘k,
filologiya fanlari doktori
Turkiya