Xalq ta’limi vazirligi barcha hudud rahbarlarini zamonaviy Ta’lim liderlari qilishni maqsad qilgan
Xalq ta’limi vazirligi barcha hudud rahbarlarini zamonaviy Ta’lim liderlari qilishni maqsad qilgan
Hurmatli ta’lim tizimiga befarq bo‘lmagan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari, o‘qituvchilar va ota-onalar!
Xalq ta’limi vazirligi fuqarolar murojaatlarini o‘rganishni o‘zining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab olgan. Ijtimoiy tarmoqlardagi vazirlikning rasmiy sahifalari orqali tizimga oid murojaatlarni imkon boricha kuzatib borishga va zarur hollarda ularni tezkor yo‘naltirib, jamoamiz bilan ularni o‘rganib yechimini topishga harakat qilamiz. Maktablarimizda ta’lim sifatini oshirish yuzasidan berilayotgan takliflaringiz, tizimdagi muammo va kamchiliklar yuzasidan bildirilayotgan fikrlaringiz tizim rahbari sifatida men uchun juda ham muhim.
Aksariyat murojaatlarning tagida “Bizning ham maktabimizga tashrif buyuring” degan izohlarni o‘qib xursand bo‘laman. Masalan, Farg‘ona viloyati, So‘x tumanidagi 2-maktab o‘qituvchisi Sanjar Hisomov, Jizzax viloyati, Gʻallaorol tumanidan o‘qituvchimiz Rustam Mamirov maktablar sharoiti bilan tanishib, kadrlar salohiyatini baholashni, Ulug‘bek Mamirov Uchko‘prik tumanidagi maktabni nazoratga olishni, Toshkent viloyati, Oqqo‘rg‘on tumanidan Mohira Mustayeva maktab sharoitini yaxshilashni, Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanidagi maktab sharoitini yaxshilashni so‘rab Charos Toxirovna murojaat qilgan. Bunday murojaatlar soni ko‘p.
Ayrimlar nega faqat yaxshi maktabga borasiz, yomon maktabga ham keling, deb yozishadi. Shu o‘rinda hududlarga borganda asosan muammoli maktablarni o‘rganishga e’tibor qaratishimizni aytib o‘tmoqchiman. Hudud rahbarlari tanlagan maktablarga imkon qadar bormaslikka harakat qilsak-da, ayrim hollarda ular tanlagan maktablarga borishimizni ham inkor etmayman. Shunday vaziyatlar bo‘ladiki, umuman hech kimga aytmay, yo‘limda uchragan maktabga yolg‘iz kirib chiqaman, bunda hatto maktab rahbarlari ham borganimni bilmaydi va borganim hech qayerda yoritilmaydi.
Xalq ta’limi tizimida 10 mingdan ortiq maktab bor, qani edi har biriga birdaniga borishning, o‘qituvchilar bilan suhbatlashib, ularni qiynayotgan muammolarni birvarakayiga hal qilishning imkoni bo‘lsa. Shu maqsadda vazirlik huzuridagi Jamoatchilik kengashi ham sohaga oid barcha muammolarini o‘rganib, kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida tashkil qilinganligini va bu Kengashlar har bir viloyatda tuzilishini aytib o‘tmoqchimiz.
Darvoqe, Xalq ta’limi vazirligi barcha hudud rahbarlarini zamonaviy Ta’lim liderlari qilishni maqsad qilgan. Shu munosabat bilan ularga yurtimizning ko‘zga ko‘ringan lider rahbarlari tomonidan zamonaviy avlodni tarbiyalashda zamonaviy boshqaruv tizimini o‘rgatish maqsadida mutlaqo yangi shaklda trening tashkil qildik. Ishonamanki, 3 kun ichida hududiy rahbarlarimizning rahbarlik tizimidagi dunyoqarashlari o‘zgarib, ta’lim tizimidagi boshqaruvga yangicha “havo” kirib boradi va ular o‘z o‘rnida maktab rahbarlariga o‘rganganlarini yetkazib, tizimdagi boshqaruvda ijobiy o‘zgarish yuzaga keladi.
Hurmatli ustozlar, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari! Yana bir bor yuborilgan taklif-mulohazalaringizning birortasi e’tibordan chetda qolmasligini bildirgan holda har biringizga ta’lim tizimiga befarq emasligingiz uchun minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman!
Baxtiyor SAIDOV,
Xalq ta’limi vaziri