Xalqaro geografiya olimpiadasi!
Xalqaro geografiya olimpiadasi!
U haqida nimalarni bilamiz?
Yoshlarni amalga oshirilayotgan islohotlarning faol ishtirokchisiga aylantirish, ilm-fanni o‘zlashtirishga bo‘lgan rag‘batini oshirish, izlanuvchanlik va yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb qilish, jahon miqyosida Vatanimiz dovrug‘ini keng taratgan ajdodlarga munosib avlodni tarbiyalash maqsadida “Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tuzilmasida Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etildi va Departamentning kelajakdagi vazifalari belgilab berildi.
Yuqoridagi Prezident qarorining ijrosi sifatida 2021-yil 9-sentabrda Vazirlar Mahkamasining 562-qarori qabul qilindi. Ushbu qarorda boshqa fanlar qatori, geografiya fani bo‘yicha bir qator yangiliklar bor ekanligi, ko‘p sonli geograflarni xursand qildi. Geografiya fani bo‘yicha 10-11-sinflar o‘rtasida fan olimpiadasining tashkil etilishi, eng asosiysi, Xalqaro olimpiadalar ro‘yxatiga geografiya fanining kiritilishi, geografiya faniga qiziquvchi yoshlar va ularning ustozlari uchun ulkan imkoniyatlar eshigini ochdi.
Biz uchun yangilik bo‘lgan Xalqaro geografiya olimpiadasi haqida nimalarni bilamiz?
IGeo — har yili o‘tkaziladigan xalqaro fan olimpiadasi, 16 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan milliy geografiya olimpiadalarining eng yaxshi ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkaziladi. Olimpiada uch qismdan iborat: yozma test, multimediali test va ekskursiya. Uning formati geografiya bo‘yicha o‘tkaziladigan ko‘plab Respublika olimpiadalariga o‘xshaydi.
IGeo birinchi navbatda ishtirokchilarning fazoviy munosabatlar va jarayonlar haqidagi tushunchalarini, shuningdek, bu bilimlarni amalda iqtisodiy maqsadlarda qo‘llash qobiliyatini sinovdan o‘tkazadi.
1994-yili Pragada bo‘lib o‘tgan Xalqaro geografik ittifoq kongressida Polsha va Gollandiya vakillari 15 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan maktab o‘quvchilari uchun xalqaro olimpiada tashkil etish g‘oyasini ilgari surdilar. Birinchi olimpiada 1996-yili Gaagada bo‘lib o‘tdi, unda beshta mamlakat vakillari ishtirok etdi. Olimpiadalar har ikki yilda bir marta o‘tkazildi va ishtirokchilar soni tobora ortib bordi. 2010-yili Taypeyda ishtirokchilar soni birinchi marta 100 kishidan oshdi, bundan tashqari 2012-yildan boshlab olimpiada har yili o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Xalqaro geografiya olimpiadasi tashkilotchilari o‘z oldilariga quyidagi maqsadlarni qo‘yishgan:
– geografiyaning rivojlanishiga hissa qo‘shish;
– turli mamlakatlardan kelgan yoshlar o‘rtasida o‘zaro do‘stlik munosabatlarini o‘rnatish;
– butun dunyoda geografiya fanini o‘qitish sifatini yaxshilashni rag‘batlantirish.
Xalqaro geografiya olimpiadasi yilnomasi:
2021–Istanbul, Turkiya.
2019–Gonkong, Xitoy.
2018–Kvebek, Kanada.
2017–Belgrad, Serbiya.
2016–Pekin, Xitoy.
2015–Tver, Rossiya.
2014–Krakov, Polsha.
2013–Kioto, Yaponiya.
2012–Kyoln, Germaniya.
2010–Taybey, Tayvan.
2008–Karfagen, Tunis.
2006–Brisben, Avstraliya.
2004–Gdansk, Polsha.
2002–Durban, JAR.
2000–Seul, Janubiy Koreya.
1998–Lissabon, Portugaliya.
1996–Gaaga, Niderlandiya.
Navbatdagi Xalqaro geografiya olimpiadasi 2022-yil 18–22-iyul kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Dilfuza IZBAYEVA,
Farg‘ona shahridagi Prezident
maktabining geografiya fani o‘qituvchisi