Xayr maktabim, xayr sho‘xligim!
Xayr maktabim, xayr sho‘xligim!
Maktab bolalikning eng beg‘ubor va unutilmas voqealari mujassamlashgan oshyondir. Bugun katta hayotga qadam qo‘yayotgan parvoz qo‘msagan qaldirg‘ochlar o‘z sohasi mutaxassisi bo‘lish uchun akademik litsey, kasb-hunar kolleji va texnikumlar hamda oily ta’lim muassalari tomon uchishga tayyor.
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab barcha maktablarda so‘nggi qo‘ng‘iroq sadosi yangradi. Bitiruvchi yoshlar qalbida shijoat bilan qo‘ng‘iroqni bong urdirarkan, 11 yil davomida o‘zi uchun aka-uka, opa-singildek bo‘lib qolgan qadrdonlari bilan kechgan lahzalar shu onda xayolini chulg‘ab oladi.
Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 146-maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tantanasi ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi. Unda tuman xalq ta’lim bo‘limi vakillari, maktab direktori Zuriat Axmedova, mahalla faollari, ota-onalar, o‘qituvchi va o‘quvchilar ishtirok etdi. Yosh avlodni buyuk maqsadlar bilan kuzatish, ularning namunali xulqi va odob-axloqini rag‘batlantirish maqsadida tashkillashtirilgan ushbu tadbirda o‘quvchilar she’r va badiiy chiqishlari bilan ishtirokchilarni mamnun etdi. Kuy va qo‘shiqlar barchaning ko‘ngliga xush yoqdi.
Yakunda a’lochi va namunali bitiruvchilar faxriy yorliq va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Azim AXTAMOV