YIG‘ILISHDA TANQID QILMANG!
Farzand maktabga chiqqach ota-ona mas’uliyati yanada ortadi. Bolaning maktab, sinf, bir so‘z bilan aytganda uyidan tashqaridagi boshqa muhitga moslashishi uchun vaqt talab etiladi. Shu o‘rinda sinf rahbarining ham alohida o‘rni bor. Sinf rahbari bolaga mehribon, do‘stona munosabatda bo‘lsa, bolaning moslashuvi birmuncha yengil kechadi. Buning uchun o‘qituvchi birinchi navbatda ota-ona bilan hamkorlikni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishi kerak. Ya’ni, ota-onalar bilan turli yig‘ilish, tanlov, har xil treninglar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega.
Ota-onalar yig‘ilishini tashkil etishda o‘qituvchi puxta tayyorgarlik ko‘rishi, har birini bitta qolipda emas, turli usullarda tashkil etishi lozim. Hozir ota-onalar yig‘ilishi deyilsa, hammaning ko‘z oldiga bolalar o‘zlashtirishi haqida ma’lumot beriluvchi yig‘in, past o‘zlashtiruvchi o‘quvchilarni tanqid qilish, a’lochilarini maqtash kabi holat keladi. Shu bois, ko‘p ota-onalar bormaslik uchun bahona qidirishadi. Sinf rahbari yig‘ilishni shunday tashkillashtirishi kerakki, keying gal majlis deyilganda ota-onalar o‘zlari keladigan, bu safar qanday yangilik o‘rganarkanmiz deb qiziqadigan bo‘lsin.
Turli kreativ g‘oya, yangiliklarni qo‘llashdan cho‘chimaslik kerak. Maktab psixologi bu ishda yordamchi bo‘lishi mumkin. Yig‘ilishda turli psixologik mashg‘ulotlar o‘tkazish ham maqsadga muvofiq.
Jumladan, “Bolangizni bilasizmi?”, “Uzum”, “Gul”, “Yomon so‘zlardan voz kechamiz”, “Birgalikda bajaramiz” metodlarini qo‘llash orqali ota-onalar bilan hamkorlikni mustahkamlash mumkin.
“Bolangizni bilasizmi?” metodida maxsus so‘rovnoma o‘tkaziladi. Unda bola haqida ma’lumotlar so‘raladi. Masalan, uning yoqtirgan taomi, rangi, eng yaqin do‘sti, nimani orzu qilishi, qaysi fanni yoqtirishi haqida savollar berish mumkin. Yig‘ilish o‘tkazishdan bir kun oldin ushbu so‘rovnoma o‘quvchilardan olingan bo‘lishi kerak. Ertasi kuni ota-onalardan olinadi va natijalar taqqoslanadi. Bu orqali ota-onaning bolaga ko‘proq e’tiborli bo‘lishiga erishiladi.
“Gul” metodida gul rasmi tushirilgan tarqatma beriladi va undagi gulbarglarga farzandiga atalgan eng chiroyli so‘zlarni yozish so‘raladi. Keyin bu so‘zlarini uyda farzandiga o‘qib berishi va farzandining unga javobini yozib berib yuborishi eslatiladi. Bu orqali ota-ona va farzand o‘rtasidagi mehr yanada kuchayishini ta’kidlab o‘tish kerak.
Afsuski, shunday onalar borki, farzandiga nisbatan qo‘pol so‘zlar ishlatib bolaning ruhiyatini sindiradi. Ular uchun “Yomon so‘zlardan voz kechamiz” usulini qo‘llash tavsiya etiladi. Bunda hammaga oq qog‘oz tarqatiladi. Keyin unga bolaga aytishi mumkin bo‘lgan barcha yomon, qattiq so‘zlarini yozish taklif etiladi. Bunda bemalol yozishlari, hech kim uni ochib o‘qimasligini alohida ta’kidlash lozim. Yozib bo‘lishgach qog‘ozlar yig‘ib olinadi va ko‘z oldilarida yoqib yuboriladi. Bu bilan “Bo‘ldi, sizda farzandingizga nisbatan hech qanday yomon so‘z, qarg‘ish qolmadi. Uning o‘rniga endi faqat yaxshi so‘zlar, bolani oldinga undovchi so‘zlar qoldi” deb uqtiriladi.
“Birgalikda bajaramiz” metodida esa ota-onalar bolalari bilan biror topshiriqni birga bajarishlari talab etiladi. Bu usul bola onasi yoki otasi bilan o‘tkazgan vaqtini yillar davomida quvonch bilan eslab yurishiga sabab bo‘ladi.
Yig‘ilish davomida bola tarbiyasiga oid turli videoroliklar qo‘yish yoki hikoya, she’r aytib berish maqsadga muvofiq. Shunday metodlar asosida yig‘ilishlar o‘tkazilsa, keyingi safar yig‘ilish qilishingizni ota-onalaringizning o‘zlari iltimos qilishadi.
Bundan tashqari ota-onalar o‘rtasida turli tanlovlar ham uyushtirish mumkin. Zero, ota-onaning farzandi uchun sarflagan vaqti bola uchun eng qadrli, esda qoladigan vaqt. Va kelajakda u ham ota-onasiga mehr-oqibatli farzand bo‘ladi.
Charosxon TOYIROVA,
Beshariq tumanidagi
3-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi