Yana attestatsiya haqida yoxud attestatsiya faqat test sinoviga asoslanishi kerakmi?
Shu kunlarda xalq ta’limi xodimlari tomonidan eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzu attestatsiya bo‘ldi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Aprel oyi davomida mamlakatimizning barcha hududlarida malaka toifasini olishga talabgor o‘qituvchilar uchun test sinovlari o‘tkaziladi. Dastlab oliy va birinchi toifaga, ikkinchi bosqichda esa ikkinchi malaka toifasiga talabgorlar uchun test sinovlari bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, bu yilgi attestatsiya jarayonlari Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-mayda qabul qilingan 392-qaroriga ilova sifatida, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Maktabgacha ta’lim, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Madaniyat, Jismoniy tarbiya va sport hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklarining qo‘shma qaroriga binoan 2019-yil 19-avgustda qabul qilingan “Baholash mezonlari” asosida o‘tkazilmoqda.
Mazkur “Baholash mezonlari” o‘qituvchilarning professional mahorati va malakasini aniqlashga qaratilgan, adolatli va mukammal me’yorlardan iboratligi bilan shu vaqtga qadar amalda bo‘lib kelgan qoidalardan bir qator ijobiy jihatlari bilan farq qiladi.
Ammo hanuz attestatsiya masalasi ta’lim tizimi xodimlari tomonidan qizg‘in bahs-munozaralarga, noroziliklarga sabab bo‘lmoqda.
Xo‘sh, buning sababi nimada? Amaldagi attestatsiya “Baholash mezonlari”ga ko‘ra, xodimning mahorati va malakasi uch yo‘nalish bo‘yicha baholanishi va aniqlanishi kerak:
1. Dars o‘tish mahorati.
2. Mehnat samaradorligi.
3. O‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari.
Holatni umumiy o‘rta ta’lim maktablari yuqori sinf o‘qituvchilarining malaka toifalarini belgilash uchun asos bo‘ladigan “Baholash mezonlari”ning 2-bo‘lim, 2-bobi misolida ko‘rib chiqsak.
“Baholash mezonlari”da belgilangan qoidalarda o‘qituvchilar mehnatini baholashda, yuqorida aytib o‘tilgan har uchala yo‘nalishdagi natijalari hisobga olinishi belgilangan. Ammo shu davrga qadar o‘tkazib kelinayotgan attestatsiya jarayonlarida asosiy e’tibor, uchinchi yo‘nalishdagi “O‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari”ga qaratilib, test sinovlarida erishilgan natijalar malaka toifasini berish uchun asos bo‘lib kelmoqda.
Buning asosiy, obyektiv bir sababi borki, bu sabab test sinovlarining birlamchi ahamiyat kasb etishiga xizmat qilmoqda. Ya’ni test sinovlari, attestatsiya jarayonlarida ishtirok etuvchi eng yuqori organ bo‘lgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan amalga oshiriladi. Hududiy ta’lim organlari test jarayonlariga aralasha olmaydi. Hududiy xalq ta’limi organlari faoliyatiga baho berishda esa o‘qituvchilarning malaka toifalarining qay darajada yuqori ekanligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shuning uchun ham test sinovlarida yetarli ball to‘plagan xodimga yuqori malaka toifasini berish hududiy xalq ta’limi boshqarmasi va bo‘limlari uchun o‘z
imkoniyati doirasidagi ish bo‘lib qolmoqda... Test sinovidan yetarli ball to‘pladingmi? Bo‘ldi... Toifa naqd...
Yuqori mehnat samaradorligiga erishib, uzoq yillar davomida ta’lim sohasiga xizmat qilib kelayotgan, birinchi va ikkinchi yo‘nalishlardan yetarlicha ball to‘plagan, ko‘plab tajribali ustozlarning bitta yoki ikkita testni xato ishlab malaka toifasi tushib ketayotganligi esa ko‘pchilikning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Agar jarayon batafsil tahlil qilinadigan bo‘lsa, norozilik va e’tirozlar besabab emasligi oydinlashadi.
Hozir yuqori toifaga o‘tish uchun “O‘quv fani bo‘yicha malaka sinovlari”, ya’ni test sinovlarida yetarli ball to‘play olsa kifoya qilmoqda. Agarda test sinovidan yetarli ball to‘play olmasa, xodim tomonidan “Dars o‘tish mahorati” va “Mehnat samaradorligi” yo‘nalishlaridan hattoki maksimal ball to‘plash ham, umuman ahamiyatga ega bo‘lmay qoldi. Ya’ni test sinovidan yetarli ball to‘play olsa kifoya...
Muammoga o‘qituvchilar ko‘zi bilan nigoh tashlansa, attestatsiya borasida bahs-munozaralarga kirishayotganlarni shartli ravishda ikki guruhga bo‘lish mumkin: test sinov tarafdorlari va test sinoviga qarshilar.
Ularni taxminan yoshlar va yoshi ulug‘lar guruhlariga ham bo‘lish mumkin. Chunki test sinovi tarafdorlari asosan yosh o‘qituvchilardan iborat bo‘lsa, test sinovlariga qarshilarning ko‘pchiligi yoshi ulug‘ ustozlardir.
Garchand nafaqa yoshiga yaqinlashib qolgan bo‘lsam-da, ijtimoiy tarmoqlardagi tortishuvlarda test sinovi tarafdorlari tarafida bo‘lardim. Chunki men o‘qituvchining mutaxassisligi bo‘yicha va umumiy akademik bilimi yuqori bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Maktab va universitetda tahsil olgan ustozlarimning bu ko‘rsatkichi yuqori bo‘lgan.
O‘qituvchi dars o‘tish uchun sinfxonaga kirar ekan, o‘quvchilarning o‘z faniga oid, shuningdek, boshqa barcha savollariga ham javob bera olishi, dars o‘tish jarayonida esa, boshqa fanlarga oid ma’lumotlardan ham foydalana olishi kerak.
Ammo bir necha oylar davomida ijtimoiy tarmoqlarda davom etgan tortishuvlardan so‘ng fikrim o‘zgardi. Dastlab yoshi ulug‘ ustozlarga “Bo‘shashmaslik kerak”, “Ko‘proq o‘qish va izlanish lozim” deb maslahat bergan bo‘lsam, keyin esa o‘zim sezmagan holda sekin-asta ular tarafiga o‘ta bordim. “Ma’rifat” mushtariylari” telegram guruhidagi tortishuvlardan birida ramziy bir dona testni xato ishlab malaka toifamni tushirmoqchi ekanligimni aytdim. Ko‘pchillik meni fikrimdan qaytarmoqchi bo‘ldi, ba’zilar buning uchun testlarni to‘liq ishlay olishim kerakligini aytishdi. Ammo men aytganimdek qildim. Oliy malaka toifamni saqlab qolish uchun attestatsiya test sinovidan 72,5 ball to‘pladim. Ya’ni oliy toifaga o‘tish uchun talab etiladigan 30 ta test o‘rniga 29 ta test ishladim.
Sababi, o‘qituvchilar mehnatiga baho berishda Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori va uning ijrosida obyektiv yondashuv yo‘q. Aslida mazkur qaror, yuqorida aytib o‘tilganidek, o‘qituvchilar faoliyatiga baho berishga professional yondashilgan, mukammal qaror. Ammo.....
Ammo qarordagi bir jumla, qarorning obyektivligini keskin pasaytirib yuborgan. Ya’ni o‘qituvchilar tomonidan to‘plangan balning qaysi malaka toifasiga to‘g‘ri kelishi ko‘rsatilgan jumla shunday belgilangan: “... Baholash mezonlarining har biridan...”. Agarda ana shu jumla “Baholash mezonlarining har bir yo‘nalishidan to‘plangan balning o‘rtacha qiymati...” deb belgilansa, barcha tushunmovchiliklarga o‘z-o‘zidan barham berilardi. Adolatli baholash tizimi yaratilar edi.
Fikrimni tushuntirish uchun misol keltiraman. Masalan, “Baholash mezonlari”ning birinchi va ikkinchi yo‘nalishlaridan 90 baldan to‘plagan o‘qituvchi uchinchi yo‘nalishdan 50 ball to‘pladi deylik, hozirgi amaldagi tartibga ko‘ra, bu o‘qituvchi “yiqiladi”, ya’ni malaka toifasini ololmaydi yoki malaka toifasi tushiriladi. Agarda o‘rtacha qiymat olinganda u oliy toifaga o‘tgan bo‘lardi. Ya’ni umumiy 230 ball, o‘rtacha 77 ball to‘plab oliy toifaga o‘tardi. Deylik, yana boshqa bir o‘qituvchi birinchi va ikkinchi yo‘nalishlardan 55 baldan, uchinchi yo‘nalishdan esa 75 ball to‘pladi.
Amaldagi tartibga ko‘ra u oliy toifaga o‘tadi. Bu yerda adolatsizlik bo‘layotganini tushunish uchun judayam aqlli bo‘lish kerak emas. Agarda o‘rtacha qiymat olinganda u umumiy 185 ball to‘plab, o‘rtacha 61,6 ball bilan birinchi toifaga o‘tgan bo‘lardi. Va eng muhimi, adolat tantana qilgan bo‘lardi..
E’tirozlar bo‘lishi mumkin — misolimizdagi ikkinchi o‘qituvchi bunchalik kam ball to‘plashi mumkin emasligi haqida... Mumkin.... Hatto bundanda kam ball to‘plashi mumkin. Chunki amaldagi “Baholash mezonlari”da o‘qituvchi faoliyatiga baho berishda anchagina qattiq talablar qo‘yilganligi uchun ko‘pchillik o‘qituvchilar hatto 50 ball to‘plashi ham muammo...
Masalan, fan olimpiadasida tuman bosqichida g‘oliblarga 5 ball, viloyat bosqichida 10, Respublika va Xalqaro bosqich g‘oliblariga esa 15 ball berish belgilangan.
O‘zimizning tuman misolida, Tarix fanidan mazkur yo‘nalishda o‘qituvchilarning qancha ball to‘plashi mumkinligi imkoniyatini tahlil qilib chiqsak. Ma’lumki, fan olimpiadasining tuman bosqichida 9–11-sinflardan har bir sinfda 1 yilda 3 nafardan, jami 9 nafar, uch yilda esa 27 nafar o‘quvchi sovrinli o‘rin egallashi mumkin. Ammo ayrim o‘quvchilar yetarlicha ball to‘play olmagani sababli yakuniy raqam biroz kamroq bo‘lishi ham mumkin. Bundan tashqari, ayrim maktablar va ustozlarning o‘quvchilari ko‘proq o‘rin egallashadi. Masalan, so‘nggi uch yilda mening 6 nafar o‘quvchim, 1-, 3-, 26-, 29-maktablarning esa 2–6 nafardan o‘quvchilari sovrinli o‘rin egallashgan.
Viloyat bosqichida esa sovrindorlarga 10 baldan beriladi. Ammo sovrindorlar soni keskin kamayadi. Masalan, so‘nggi uch yilda tumanimizdan faqatgina mening bir nafar o‘quvchim 2-o‘rin sohibi bo‘ldi xolos. Respublika bosqichi haqida esa gapirishga ham hojat qolmagani o‘z-o‘zidan tushunarli bo‘lsa kerak.
Tuman, viloyat va Respublika miqyosida ish tajribalari ommalashtirilganligi uchun esa mos ravishda 5, 20 va 25 ball, metodbirlashmalar faoliyatiga esa 5, 10, 15 ball beriladi. Ammo metod- birlashmalar faoliyati va ommalashtirish sohasidagi haqiqiy ahvol qanday ekanligi esa barchaga ayon.
O‘zlashtirish samaradorligi 56–70 foiz bo‘lsa 20 ball, 71–85 foiz bo‘lsa 25 ball, 86–100 foiz bo‘lganda esa 30 ball beriladi. Anchagina salmoqli ball to‘plashi mumkin bo‘lgan bu yo‘nalishda ham maksimal ball to‘plash imkoniyati pastligini barcha o‘qituvchilar judayam yaxshi tushunadi. Chunki samaradorlik degani 4 va 5 bahoga o‘qiydigan va o‘zlashtiradigan o‘quvchilar ulushiga qarab aniqlanadi. Demak chegirma ballar olib tashlansa, 50 balni ham eng faol o‘qituvchilargina to‘play olishi oydinlashadi.
Ushbu fikrlarim orqali test sinovlarining ahamiyatini pasaytirib, yoki test sinovlarida yetarli ball to‘plagan o‘qituvchilarga, birinchi va ikkinchi yo‘nalishlarda to‘plashi mumkin bo‘lgan ballarini qayta ko‘rib chiqish kerak, ularga malaka toifalarini bermaslik kerak, demoqchi emasman.
Faqatgina amaldagi qoidalarga ozgina tuzatish kiritish orqali barcha-barchaga birday manzur bo‘ladigan tizim yaratilsa, yaxshi bo‘lardi, mamlakatimizdagi ta’lim ravnaqiga xizmat qilardi, degan fikrdaman.
Zero, bunda butun dunyoda amal qilinadigan oddiy bir mantiqqa ham amal qilingan bo‘lardi: biror narsaga umumiy baho berish uchun odatda umumiy ko‘rsatkichlar olinadi...
Normamat ESHONQULOV,
Oltinsoy tumanidagi 63-maktab o‘qituvchisi