Yangi O‘zbekiston mahoratli pedagoglar va ular tarbiyalagan yosh avlod qo‘lida
Yangi O‘zbekiston mahoratli pedagoglar va ular tarbiyalagan yosh avlod qo‘lida
«O‘qituvchi va murabbiylar – Yangi O‘zbekistonni
barpo etishda katta kuch, tayanch va suyanchimizdir!»
SH.MIRZIYOYEV
Yurtimizda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish haqida gapirishdan oldin “Insonning qadriga yetish, savob amallarni bajarish, elini, yurtini, vatanini sevish, xalqparvarlik kabi olijanob xislatlarga qayerda erishish yoki o‘rganish mumkin?”- degan zaruriy savol tug‘iladi.
Inson dunyoga kelar ekan uning ta’lim va tarbiyasi bilan bobo va buvi, ota-ona, bog‘cha tarbiyachisi va maktab o‘qituvchisi shug‘ullanadi. Shuning uchun oila, bog‘cha va maktab o‘rtasida o‘zaro uzilmas hamkorlik bo‘lishi kerak. Bu hamkorlik va uzviylik hech qachon buzilmasligi kerak.
Chaqaloq dunyoga kelishi bilan kindik qoni to‘kilgan ona zaminga, o‘z millatiga bo‘lgan muhabbat, xalqparvarlik tuyg‘ulari nishonasi ona sutidan o‘tadi. Bola ulg‘aygan sari bog‘chada o‘yinchoqlarini tengdoshi bilan birga o‘ynashni, bog‘cha opasi bergan shirinlikni yaqin do‘sti bilan bo‘lishib yeyishni o‘rganadi. Bu uning qalbida ezgulik uyg‘onayotganidan darak beradi. Oilada esa o‘zidan kattalarni hurmat qilishni, kichiklarga izzatda bo‘lishni, dasturxondagi ushoqni ham e’zozlashni o‘rganadi. Maktabga borganda bu ko‘nikmalar yanada to‘ldiriladi, ya’ni endi bola o‘qishni, yozishni o‘rganadi, o‘zidagi ruhiy tarbiya va axloq ilm-ma’rifat bilan yanada kamol topib boradi. Endi o‘quvchi har bir fazilatni, xislatni, his-tuyg‘uni o‘qish-idrok etish, mustaqil fikrlash va tushunish orqali taftish etadi. Demak-ki, u o‘z ona yurti, xalqi haqida qancha ko‘p bilimlarga ega bulsa, tarixini o‘rgansa, mehri ham shuncha oshadi va yurti, xalqi uchun qayg‘urish, ularni himoya qilish, dunyoga tanitish hislari uyg‘onib, rivojlanib boradi. Bu ishlarda, albatta o‘qituvchi haqiqiy tirgak, yo‘lboshlovchi bo‘lishi kerak.
Yurtimizda keyingi yillarda olib borilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratildi. Dunyo miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini yangilash va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida keng jamoatchilik muhokamasi natijasida 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” va uni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ishlab chikildi va shu asosida qator ishlar amalga oshirilmoqda. Unda yurtimizda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish borasida jamiyatda o‘qituvchining juda katta o‘rni borligi alohida ta’kidlandi. Xususan, o‘quvchilarga yangicha metodik uslublardan foydalanib ta’lim va tarbiya berishi uchun pedagogga yetarli shart-sharoitlar yaratib berishga e’tibor qaratilmoqda. Chunki bola dunyoqarashining shakllanishida o‘qituvchi bergan bilim va kunikmalar, uning kelajakda qanday inson bo‘lib yetishida asosiy poydevor hisoblanadi. Shuning uchun Xalq ta’limi vazirligi “Yangi O‘zbekiston ustozlari” loyihasini e’lon kildi. Unga kura respublikamizning viloyatlaridagi ba’zi tumanlarining olis va chekka xududlarda joylashgan ta’lim sifati yuqori bo‘lmagan maktablarga respublikamizning tajribali o‘qituvchilarini jalb etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 11 yanvardagi “Olis xududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish tadbirlari to‘g‘risida”gi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2021 yil 15 oktyabrdagi “Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablarga malakali o‘qituvchi-pedagoglarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari so‘zlarimizning isbotidir. Bugungi kunda respublikamizning tajribali o‘qituvchi-pedagoglari o‘z yashab turgan viloyatidan boshqa viloyatga borib ta’lim berishyapti. Ayniqsa, Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining mahoratli o‘qituvchilari va murabbiylari qo‘shni Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarining chekka va olis hududda joylashgan maktablariga borib, ta’lim-tarbiya berayotganlari maqtovga sazovordir. Bu joylardagi o‘qituvchi-pedagoglarning fanlari bo‘yicha yangi uslublarda berayotgan ta’lim va tarbiyasi hamda darsdan tashqari tashkil qilayotgan turli tadbirlarida, to‘garak ishlarida, respublika, xalqaro tanlovlardagi ishtirokida yaqqol ko‘rinib turibdi. Har bir dars, tadbir, to‘garak mashg‘ulotlari yuqori saviyada tashkil qilinib, ijtimoiy tarmoqlarda va viloyat respublika ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritilib borilmoqda. Joylarga borgan o‘qituvchi-pedagoglar o‘sha chekka va olis hududlarda yurtimizda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat – Yangi O‘zbekistoni barpo etishda sidqidildan bor kuch va tajribasini ishga solib mehnat qilishmoqda. Ustozlarning har biri qilgan mehnatiga yarasha yuqori darajada taqdirlanib kelinyapti. Bundan ruhlangan ziyolilar: yuzlab, minglab respublikamiz o‘qituvchilari boshqa viloyatlarga borib mehnat qilishga o‘z istaklarini bildirgan. Bu birlik prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan yurtimizda inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etishda olib borayotgan siyosatining naqadar to‘g‘ri ekanligining yana bir isbotidir.
Fikrimni Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev so‘zlari bilan yakunlamoqchiman: “Ishonchim komilki, farzandlari doimo izlanish va intilishda bo‘lgan, yuksak marralarni ko‘zlab, oldinga qarab intiladigan xalq va davlat o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarga albatta yetadi. Chunki bunday harakatlar ertaga qudratli to‘lqinga aylanib, hayotimizni bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshi va obod qilish, ongu tafakkurimizni yuksaltirishga olib keladi”.
Baxtiyor URINOV,
Dehqonobod tumanidagi 100-maktabning rus tili va adabiyoti o‘qituvchisi