Yangi darslik yangilikka boymi?
Yangi darslik yangilikka boymi?
Tahririyat: Yangi nashr etilgan darsliklar haqida har doim turlicha qarashlar, fikr-mulohazalar bildiriladi. Amaliyotga joriy etilayotgan yangilikning jarayonga qanday ta’sir o‘tkazayotgani muhokama etilishi kerak. Bu kelgusi darsliklar sifati va mazmunini boyitish, xatolarni to‘g‘rilashga xizmat qiladi. Tahririyatimizga bu borada keladigan har bir maqola va maktublar e’tiborsiz qolmaydi. Muallif fikri xoh ijobiy, xoh tanqidiy bo‘lsin, u gazetxonlar hukmiga havola etiladi. Mushtariy uni o‘qib xulosa qilishi, qo‘shilishi yoki qo‘shilmasligi, mutaxassislar esa bahsga hozirlik ko‘rishi mumkin. Zero, ta’limga kirib kelayotgan har bir yangilik uning ishtirokchilari tomonidan muhokama etilishi, tahlil qilinishi zarur.
2002-yildan buyon boshlang‘ich sinflar uchun “Matematika” darsliklariga mualliflik qildim. Bu yil yangi dastur asosida 1-2-sinf darsliklari yaratildi. Yangi dastur asosida yaratilajak darslik sodda va tushunarli, xalqaro ekspertlar boshchiligida zamonaviy talablar asosida qayta ishlab chiqilishi haqida ko‘p bong urildi. Darslik, haqiqatan, yangiliklarga boy, zamonaviy, avvalgilaridan ancha-muncha yaxshi bo‘lar ekan degan ishonchda edim. Ammo nashr qilingach uni qo‘limga olib, hayratga tushdim. Chunki unda bironta ham yangilik ko‘rmadim. To‘g‘ri, misollar, topshiriqlar soddalashtirilgan, ammo darslik bog‘cha yoshidagi bolalar uchun emas, maktab o‘quvchilariga mo‘ljallanganligi inobatga olinmagandek, nazarimda.
Milliy o‘quv dasturi ishlab chiqilgani yaxshi, ammo 1-, 2- sinflar uchun nashr etilgan “Matematika” darsliklarida negadir o‘sha milliylik ko‘rinmadi. Vaholanki, hamma soha bo‘yicha milliylikni aks ettirish mumkin edi.
Mutaxassis sifatida darslikdagi bir necha kamchiliklarni ko‘rsatib o‘tishga o‘zimni haqli deb hisoblayman. Avvalo, darsliklar dizaynidagi e’tiborsizliklarga e’tibor qarataylik. Yangi darslik bichimi avvalgilariga qaraganda katta hajmda (60×84) chop etilgan, ammo ichidagi rasmlar ko‘p joyda mayda berilgan va noto‘g‘ri tanlangan. 1-sinfga qadam qo‘ygan o‘quvchi ilk bor matematika darsida kitobni qo‘lga olib, 1-bobning 1-darsiga diqqat qaratgan hamonoq “Narsalarning to‘plamlari” mavzusi asosida berilgan noaniq rasmga duch keladi. E’tibor bering, birinchi dars mustaqillik bayrami kunlari boshlanadi. Shunday ekan maktabga ilk bor qadam qo‘ygan o‘quvchi maktab ilm olish maskani ekanligi, sinfxonalari hozirgi davr talablari darajasida ta’mirlanayotgani, hamma shart-sharoitlar mavjudligi, o‘qituvchi, o‘quvchi haqida ma’lumotga ega bo‘ladigan rasm berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Shuningdek, ko‘p joyda bog‘cha bolasining rasmi qo‘yilgan, aslida, maktab darsligiga o‘quvchi rasmi qo‘yilsa to‘g‘ri bo‘lardi.
Rasmlarning ba’zi o‘rinlarda mantiqan noto‘g‘ri tanlanganiga nima deysiz? Masalan, 1-bobning 2-darsi “Narsalarning o‘zaro joylashuvi (ustida, ostida, ichida, orasida)” mavzusi asosida berilgan 4-vazifada “Qaysi hayvon qolganlarning orasida?” deb yozilgan. Savol g‘aliz berilgan, qolaversa bu topshiriqda to‘g‘ri javob sifatida pingvin ko‘rsatilgan. Xo‘sh, pingvin hayvonmi yoki qush?.. Shuning o‘rniga o‘quvchini chalg‘itmaslik uchun uy hayvonlari tasvirlansa bo‘lar edi.
1-bobning 3-darsi “Narsalarning o‘zaro joylashuvi (yuqorida, pastda, oldida, orqasida)” mavzusi asosida berilgan 2-vazifada esa “it – uychaning oldida” deb yozilgan. Aslida, rasmda it uychaning yon qismida turibdi.
Nafaqat rasmlar, balki, topshiriq shartlari ham ba’zi o‘rinlarda mantiqan to‘g‘ri berilmagan. Masalan, 1-bob 10-dars “Narsalarni xossalari bo‘yicha to‘plamlarga ajratish” mavzusi asosidagi 1-vazifaga e’tibor bersak, 3 ta narsa yakka holda berilgan, demak ular to‘plamlarga kirmaydi. Rasm tagida esa quyidagi gaplar yozilgan: “Rasmdagi asboblarning materiali bir xil. Ular qanday vazifani bajaradi?” Berilgan savol matematika faniga umuman to‘g‘ri kelmaydi. Bu o‘rinda 1-sinfda o‘tiladigan darsliklardan to‘plam qilish mumkin edi yoki mevalar, sabzavotlar, gullar, o‘yinchoqlardan, qo‘yingki, borliqdagi hamma narsalardan to‘plam hosil qilish mumkin.
2-bob 2-dars “1 dan 10 gacha bo‘lgan sonlarning o‘qilishi va yozilishi” mavzusida ham 1 soni mavzusi asosida berilgan 3-vazifada “Qaysi biri bitta?” deb savol berilgan. Bu vazifada 2, 3, 4 soni bilan hali tanish bo‘lmaganlari uchun faqat 1 ga xos bo‘lgan narsalar berilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Shu o‘rinda darslik mualliflariga savol bergim keldi. Nega “+”, “-“, “=” belgilarini 2-bobning 15-, 16- , 17-darsga qoldirdingiz? Agar dasturda shunday
berilgan bo‘lsa, unda dasturga ham o‘zgartirish
kiritish kerak. O‘ylab ko‘ring, o‘quvchi 10 gacha bo‘lgan son bilan tanishib bo‘lgach unga “+”, “-“, “=” belgilarini tanishtirish biroz g‘alati emasmi?! Axir 2, 3, 4, 5, 6, 7, 8, 9, 10 sonlari qo‘shish amalisiz hosil bo‘lmaydi. 10 ta 1 ni qator qilib terib qo‘ygan bilan hech qanday natija bo‘lmaydi. Shunday ekan “+”, “-“, “=” belgilarini 10 sonini o‘tib bo‘lgandan keyin emas, 2 soni bilan birgalikda tanishtirish kerak.
Darslikda berilgan vazifalar savollarida g‘aliz gaplar ko‘p uchraydi.
2-bob 11-dars
1-vazifa:
“Doirachalar nechta?” deb savol qo‘yilgan. Savolni boshqacharoq qilib o‘zgartirilsa aniqroq bo‘lar edi. Masalan, “Oldingi darsda 9 soni bilan tanishgan edik, katakchalar ichida 9 ta doiracha bor edi, qarang, bolajonlar, katakchalar ichida doirachalar bormi?”
2-vazifada “Qutidagi shirinliklar nechtadan?” deb, 2 ta qutining rasmi berilgan. Aslida, “1-qutida nechta shirinlik bor edi, qutidan shirinliklar olib yeyilgandan so‘ng nechta shirinlik qoldi?” deyilsa aniqroq bo‘lardi.
2-bob 12-dars “10 soni” mavzusi.
1-vazifad а
“Doirachalar nechta, bo‘sh kataklar-chi?” deb yozilgan. Bu 5 ga 5 ni qo‘shish bo‘lib qolgan, shuning uchun bir qator qilib berilsa aniq bo‘lardi. “Bo‘sh katakchalar-chi?” deb savol qo‘yilgan, ammo bo‘sh katakchalarning o‘zi yo‘q, bu bolani chalg‘itadi.
3-vazifada ham “Qaysi biri ko‘proq? Qaysi biri kamroq?” deb savol berilgan. U yerda yashil, qizil, ko‘k rangdagi doirachalar turibdi, savol nomlari bilan berilsa aniq bo‘lar edi.
2-bob, 20-dars “Hafta kunlari” mavzusining 1-vazifasida “Oldin nima edi? Keyin-chi?” deb yozilgan. Berilgan savolga aniqlik kiritish kerak, savolning o‘zi tushunarsiz. Tandir rasmi va undan uzilayotgan non haqidagi tasvir nimani bildiradi? Bu yerda hafta kunlarini tasvirlovchi rasm bo‘lishi kerak emasmi?! Shuningdek, 3-bob 14-dars 4-vazifada “Topamiz: eng uzun emas, eng qisqa emas” deb topshiriq berilgan. Nega o‘quvchilarga noaniq, tugallanmagan shaklda savol berilgan? Bu jajji o‘g‘il-qizlarning natqi shakllanmay qolishiga sabab bo‘lishi mumkin.
3-bob 1-dars. “10 ichida qo‘shish va ayirish. Qo‘shish amalining tarkibiy qismlari” mavzusi asosida berilgan rasm va yozuvlar to‘g‘ri joylashtirilmagan. Umuman, darslikning hamma sahifasi strelkaga to‘lib ketgan. Bu 1-sinf o‘quvchilari uchun qiyinchilik tug‘diradi. Birinchi qo‘shiluvchi 2, ikkinchi qo‘shiluvchi 1, chiqqan natijasi 3 – yig‘indi ekanligini aniq tushuntirish kerak.
3-bob 3-dars. “10 ichida qo‘shish” mavzusidagi 2-vazifada “Hisoblaymiz” deb yozilgan va misollar quyidagi ko‘rinishda berilgan, ammo “+” belgisi 2 ta kvadrat o‘rtasiga tushmagan.
4 3
+ 2 +
6
3-vazifada “Bo‘sh kataklarni to‘ldiramiz”, deb yozilgan. Bu vazifa 10 ichida qo‘shish mavzusiga taalluqli emas, balki 10 sonini hosil qilishga kiradi. 10 ichida qo‘shish mavzusini yoritish uchun 2 qator oddiy misol berish mumkin edi.
3-bob 14-dars. “Narsalarning uzunligini o‘lchash” mavzusidagi 1-vazifada 1 ta flomaster uzunligi 7 ta qisqich uzunligiga teng deb yozilgan. O‘quvchilarga “qisqich” degan narsa tushunarsiz bo‘ladi, har doim ham narsalar qisqich bilan o‘lchanmaydi, mavzuga hayotiy yondashish maqsadida chizg‘ich bilan tanishtirib, undan foydalanishni ko‘rsatib berish kerak edi.
4-bob 1-dars. “Geometrik shakllar” mavzusi bilan tanishtirishda “Qanday shakllarni ko‘ryapsiz?” degan savol berilgan. Doskada hamma shakllarning rasmi bor. O‘quvchilar uchburchak, to‘rtburchak bor, deb aytishi uchun avval shu darslikning 52-, 53-, 54-, 55-, 56-, 57-, 58-sahifalaridagi mavzular bilan oldinroq tanishishlari kerak bo‘ladi. Undan keyin qanday shakllarni ko‘rayotganligini aytib berishlari mumkin.
5-bobning 1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-,10-, 11-, 12- darslari 11 dan 20 gacha bo‘lgan sonlar mavzulari 11 soni, 12 soni, 13 soni, 14 soni ………… 20 soni bilan tanishtirish bog‘chaning tayyorlov guruhlariga o‘tilayotgandek soddalashtirib berilgan. Bunda har bir mavzuga doir sodda masala, 2 qator misol berish mumkin edi, 1-sinf o‘quvchisiga 10 + 4 = 14 yoki 10 + 9 = 19 bilan chegaralanib qolmasdan, faollikni oshirish maqsadida 14 hosil bo‘lishi uchun yana nima qilish
kerak? Masalan:
14 bu 10 bilan 4 ning yig‘indisi;
14 bu 11 bilan 3 ning yig‘indisi;
14 bu 12 bilan 2 ning yig‘indisi;
14 bu 13 bilan 1 ning yig‘indisidan iborat ekanligini ko‘rgazmali qurollar yordamidagina tushuntirish mumkin edi.
3-bob 2-darsi “Ayirish amalining tarkibiy qismlari” mavzusida har bir sonning vazifasi (kamayuvchi, ayriluvchi, ayirma) uning yoniga yozilishi kerak edi. Darslikda esa bunday izoh berilmagan, strelkalar yordamida tushuntirilgan. Strelkalar 1-sinf o‘quvchisiga yordam berishdan ko‘ra, ko‘proq tushunmovchiliklarni keltirib chiqaradi.
5-bob 4-darsning 2-vazifasida, 5-bob 8-darsning 2-vazifasida “kam, ko‘p”ga doir misol berilgan, shu mavzuni o‘quvchiga tushuntirishda taqqoslashga doir misollar berish mumkin edi. Masalan:
15 > 14 15 soni 14 sonidan 1 ta ko‘p.
19 < 20 19 soni 20 sonidan 1 ta kam.
18 = 18 18 soni 18 soniga teng, deb tushuntiriladi.
6-bob 1-dars. “20 ichida sonlarni o‘nlikdan o‘tib qo‘shish” mavzusi. 2-vazifadagi rasm noaniq, raqamlar o‘rab tashlangan, “O‘zing top” degan ma’noda bo‘sh kataklar qo‘yib tashlangan, 3-vazifa ham tartibsiz. Mavzuning o‘zi murakkab, shunday ekan, misollar quyidagi ko‘rinishda berilsa, o‘quvchilar uchun
tushunarli bo‘lardi:
9+2=11 9+3= 12 8+3= 11
9+4= 13 8+4= 12 7+4=11
9+5= 14 8+5= 13 7+5= 12
6-bob 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-, 9-darslarda berilgan topshiriqlarda chalkashliklar, strelkalar ko‘payib ketgan, rasmlar mayda, xira berilgan.
6-bob 8-dars. “Sonlarni o‘nlikdan o‘tib qo‘shish” mavzusidagi 1-vazifada “Hisoblash qanday bajarilgan?” deb yozilgan, so‘ng misollar quyidagicha berilgan:
4
4
+6
14
4 + = 10
+ 4 =
Bu misol ustun shaklida berilsa, oldin 4 ga 4 ni qo‘shib, so‘ng 6 ni qo‘shish kerak emasmi? Ustun shaklida yozilgan misolni pastki qismidan 4 ga 6 ni qo‘shib, keyin yuqoridagi 4 soni qo‘shilmasa kerak, chunki 4 + =10 deb berilgan. Misolning yechilishiga aniqlik kiritish kerak. 10 va 14 soni ikki xonali bo‘lgani uchun 2 ta katak berish lozim.
Darslikda tushuntirish kerak bo‘lgan joyda hech narsa yozilmagan, keraksiz joyda tushuntirish berilgan. Masalan, 6-bob 18-dars 1-vazifasida nima qilish kerakligi yozilmagan. Bu vazifa sonlarni o‘nlikdan o‘tib ayirish mavzusining boshlanishiga berilgan, ammo topshiriq matni yozilmagan. 2-vazifada “Namuna asosida hisoblaymiz”, deb quyidagicha misol keltirilgan.
16 – 2 = 16 – 2 = 14
Yozilgan misolga e’tibor bering, aslida:
16 – 2 = 14
deb yozilishi kerak, chunki o‘nlar o‘nlar xonasi tagiga yozilishi zarur. Demak, 16 dan 2 ni ayirish degani bu dastlab bir xonali son 6 dan 2 ni ayirib, 10 ga chiqqan natijasini qo‘shish kerak degani.
7-bob 4-dars “Qavslar” mavzusi. Qavslar yangi mavzu bo‘lgani uchun 7-bob 5-darsning 1-vazifasini 4-darsga olib o‘tish kerak. Dastlab misollar yordamida tushuntirilib, so‘ng qoida bo‘sh kataklar bilan
tushuntirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Misollar bilan tushuntirib bo‘lgandan so‘ng “Amallar tartibi qanday yozilar ekan?” deb bo‘sh kataklarga sonlarni qo‘yib bajarish qoidasi bilan tanishtirilsa, o‘quvchilar uchun tushunarli bo‘ladi.
7- bob 8-dars 1-vazifada hech qanday topshiriq berilmagan, iloji bo‘lsa 7-bob 9-dars 1-vazifa olib o‘tilsa o‘quvchilar uchun tushunarli bo‘lar edi. Chunki bu murakkab mavzu bo‘lgani uchun ifodalarning yechilishidagi 1 ta misolni namuna qilib kvadratchalarsiz berish lozim.
8-bobning 1-, 2-, 3-, 4-, 5-, 6-, 7-, 8-darslari “21 dan 100 gacha bo‘lgan sonlar” mavzusi asosida berilgan vazifalar aralash-quralash bo‘lib ketgan. O‘quvchilarni chalg‘itadigan tomonlari ko‘p, kubikni kvadratdan ajratib bo‘lmaydigan mayda rasmlar berilgan.
Mavzuga aniqlik kiritish maqsadida 21 dan 29 gacha, 31 dan 39 gacha, 41 dan 49 gacha, 51 dan 59 gacha, 61 dan 69 gacha, 71 dan 79 gacha, 81 dan 89 gacha, 91 dan 100 gacha bo‘lgan sonlar haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish uchun har bir mavzuga alohida-alohida vazifa ajratilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Har bir vazifaga qo‘yilayotgan savol tushunarli bo‘lishi kerak. Masalan, 8-bob 2-darsdagi 2-vazifada “Nechta o‘nlik hosil bo‘ldi?” deb savol qo‘yilgan, vaholanki, u yerda birliklar xonasi ham bor. 21 dan 100 gacha bo‘lgan sonlar mavzusidagi hamma rasmlar mayda, xira, tushunarsiz. O‘quvchilarni qiziqtiradigan, diqqatini tortadigan rasm berilsa, matematik o‘yinlardan foydalanilsa nur ustiga nur bo‘lar edi.
Ikki xonali songa bir xonali sonni qo‘shish, ikki xonali songa ikki xonali sonni qo‘shish, ikki xonali sondan bir xonali sonni ayirish, ikki xonali sondan ikki xonali sonni ayirish, 100 dan bir xonali sonni ayirish mavzulari aralash bo‘lib ketgan. Masalan: 9-bob 10-dars “100 ichida qo‘shish va ayirish” mavzu nomi yoniga “100 dan bir xonali sonni ayirish” deb yozish kerak.
9-bob 10-dars 1-vazifada “Hisoblash qanday bajarilgan?” deb yozilgan. Maydalashtirib berilgan rasm tagida 100 – 7 =93 va yon tomonida
90 + (10 – 7) =
ko‘rinishidagi sxema berilgan. Bu ko‘rinishda berilgan misol o‘quvchilar uchun murakkab, shunday ekan 100-7 ning yechilishi quyidagicha tushuntiriladi: 100 sonidan 7 ni ayirish kerak. 100 bu 10 ta o‘nlik, shundan bitta o‘nlikni ajratib olamiz. Bitta o‘nlikdan yettita birlikni ayirsak, uchta birlik qoladi. To‘qqizta o‘nlik va uchta birlik 93 bo‘ladi, deb qoida ishlab chiqiladi va tushuntiriladi.
9-bob 13-dars. “Ikki amalli masalalar”.
Bu mavzuga o‘tishdan avval oddiy bir amalli masalalar berib borish kerak edi. 8-, 9-bobni bittalab varaqlab chiqing, bitta ham oddiy masala topolmaysiz. 9-bob 13-dars 1-vazifada berilgan masala murakkab, chunki masalada ikki xonali songa ikki xonali sonni qo‘shishga to‘g‘ri keladi. Yangi mavzu bo‘lgani uchun masalaning sharti bilan yechimini berish kerak edi. Ya’ni:
1-tup anor butasidan – 16 dona
? dona
2-tup anor butasidan –?, 14 dona ko‘p
Yangi mavzu murakkab bo‘lgani uchun sxema o‘rniga yechim berish kerak:
16+14=30 dona ikkinchi tupdan olingan anor
30+16=46 dona ikkala tupdan olingan anor
Rasmi bilan berilsa undan ham yaxshi bo‘lardi.
10-bob 6-, 7-, 8-dars “Sonlar, shakllar va rasmlar ketma-ketligiga doir masalalar” deb nomlangan. Unda “Qaysi son tushirib qoldirilgan? Ketma-ketlikni davom ettiramiz. Qanday shakllar tushib qolgan?” kabi topshiriqlar berilgan, ammo bitta ham masala berilmagan.
Nega darslikda takrorlash, qo‘shimcha topshiriqlarda ham masala berilmagan? Masala o‘quvchini mantiqan fikrlashga, bahslashishga, o‘ylashga undaydigan eng kerakli usul edi-ku.
1-sinfda o‘tiladigan mavzular o‘yin orqali berib borilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi. Chunki o‘quvchilar o‘yin jarayonida hayotdagi elementar narsalarni o‘zlashtirib olganlarini sezmay qoladilar.
Xullas, Milliy dastur asosida yaratilgan yangi 2-sinf “Matematika” darsligida kamchiliklar bisyor. Ayniqsa, har bir bob uchun bir betlik rasmlar behuda joy egallagan. Rasmni sahifaning yarmiga joylashtirib, o‘tilgan mavzuni takrorlash uchun topshiriqlarga joy ajratilsa maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Hurmatli pedagoglar! Yangi darslikni eski “Matematika” darsligi bilan solishtirib, taqqoslab ko‘ring. Har holda eski darslik zamon talabiga mos, deb topilmagan bo‘lsa-da, unda matematik va topishmoqli, ertak asosida tuzilgan, didaktik, muammoli, harakatli o‘yinlar berilgan edi. Yangi darslikda ham boshqotirma, krossvord, sangokulyardan o‘rinli foydalanilsa bo‘lardi.
Nabiya ABDURAHMONOVA