Yangi marra
Yangi marra
Kuni kecha Bo‘stonliq tumanidagi harbiy qismda Respublikamiz miqyosida o‘tkazilayotgan yosh avlodlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash asosida “Yosh chegarachi” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari tomonidan tashkillashtirilgan bo‘lib, Toshkent viloyatining jami 8 ta tumani ishtirok etdi. Do‘stona bellashuvda har bir jamoa musobaqa nizomlarni buzmagan holatda bellashuvga a’lo darajada tayyorgarlik ko‘rishganini isbotlashdi. Albatta, Qibray tumani 48-umumta’lim maktabining “Temur avlodlari” jamoasi ham bundan mustasno emas. Tadbir mas’ul shaxslar tomonidan musobaqa nizomlari haqida ma’lumotlar berilib har bir ishtirokchi guruhlarga omad tilagan holatda ochib berildi. Musobaqada: “Saf intizomi”, “Saf qo‘shig‘i”, jamoa a’zolarining harbiy kiyimlari, ramziy bayrog‘i, jangovar qurol AKni qismlarga ajratish va yig‘ish hamda quroldan o‘q uzish, turnikda tortilish (o‘g‘il bolalar), 100 metr masofaga yugurish (qiz bolalar), 1000 metr masofaga yugurish (o‘g‘il bolalar), 25 metrga qo‘l granatalarini uloqtirish (o‘g‘il bolalar), zaharlangan hududdan o‘tish, o‘q dorilarni kim tez tashish, kompas yordamida berilgan o‘lchamlar asosida belgilarni qidirib topish hamda tez tibbiy yordam ko‘rsatish kabi shartlar belgilangan. Har bir jamoa ushbu vazifalarni bajarishda shijoat bilan ishtirok etdi va o‘z mahoratlarini ko‘rsata olishdi.
Bellashuv yakunida ishtirokchilar uchun har xil kuy-qo‘shiqlar, o‘yin-kulgular hamda yosh sportchilarning ajoyib sahna ko‘rinishlari tashkil etildi. So‘ngra musobaqaning natijalari e’lon qilinib, har bir jamoa munosib baholandi. Ushbu bellashuvda Qibray tumani 48-umumta’lim maktabining “Temur avlodlari” jamoasi faxrli 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi va diplom, medallar, sovg‘a-salomlar bilan taqdirlanishdi. Shuningdek, turli xil nominatsiyalar bo‘yicha tashakkurnomalar ham berildi. Kelgusi yilda bo‘lib o‘tadigan shu kabi musobaqalarda “Temur avlodlari” jamoasining ishtirok etish maqsadlari yo‘q yemas, albatta, yanada katta zafarlar quchib bundan-da faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritish umididamiz!
BUNYOD Salohiddinov,
Qibray tumanidagi 48-umumta’lim maktabining 11-sinf o‘quvchisi