Yangi o‘quv yili chorrahalarida
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bir anjumanda “Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala bu — yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda, dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim — yoshlar. Mayli, yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularning qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan” degan fikrni bildirgan edi.
Ushbu fikrlar zamirida katta maqsadlar ko‘zlanganini anglashimiz mumkin. Bugun ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar esa mamlakat kelajagi bo‘lgan yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun mustahkam zamin yaratayotganidan dalolatdir.
Boysun tumanida yangi o‘quv yilida o‘quvchilarimizning sifatli ta’lim olishi uchun umumta’lim maktablarida tayyorgarlik jarayonlari yuqori darajada olib borildi. 42 ta maktabda qurilish-ta’mirlash, rekonstruksiya ishlari uchun davlat budjetidan mablag‘ ajratildi. Har bir maktabga zarur shart-sharoitlar yaratilib, yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik ishlari puxta amalga oshirildi, bu o‘quvchilarning har yilgidan ham yaxshiroq sharoitda tahsil olishiga imkon beradi.
Olis, tog‘li hududlardagi maktablarda ham o‘quvchilar uchun barcha sharoit yaratilgan ta’lim maskanlari faoliyat yuritishiga erishildi. Masalan tuman markazidan 70 km uzoqlikdagi Qo‘rg‘oncha mahallasida joylashgan ta’lim muassasalarida ham sayyor qabullar tashkil etilib, tegishli tartibda muammolar o‘rganildi va ularni hal etishning zarur choralari ko‘rildi.
Malakali kadrlarning o‘quvchilarga ta’lim berishini yo‘lga qo‘yish maqsadida tumanimizga olis hududlardan o‘qituvchilar jalb etildi. Toshkent , Buxoro hamda Farg‘ona viloyatlaridan kelgan o‘qituvchilar yoshlarga ta’lim bermoqda. Bu ta’lim sifatini oshiribgina qolmay pedagoglar o‘rtasida tajriba almashish imkonini beradi.
Yangi o‘quv yili oldidan xalq ta’limi muassasalari rahbarlarining mas’uliyati va tashabbuskorligini, pedagog xodimlar kasbiy mahoratini yanada oshirish, o‘quv dasturi va darsliklardagi yangilik, o‘zgarishlar bilan tizim xodimlarini yaqindan tanishtirish, yangi o‘quv yilidagi muhim va ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida tuman o‘quv-seminari tashkil etildi.
Ta’lim sifati nisbatan yuqori ta’lim muassasalarining tajribasini boshqa umumta’lim maktablarida joriy etish maqsadida namunali maktablar negizida tayanch maktablar tashkil etildi. Yangi o‘quv yilidan boshlab, maktab rahbarlarining ta’limda tashabbuskorlik va innovatsiyalarni joriy etish borasidagi har o‘quv yilidagi faoliyatini monitoring qilib borish yo‘lga qo‘yilishi belgilandi. O‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarligini oshirish maqsadida ishdan ajralmagan holda masofaviy shaklda har yili bir marotaba malaka oshirish kurslariga jalb etilishi belgilandi.
O‘tgan o‘quv yilida Xalq ta’limi vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi ta’lim vazirligi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi maktablarida rus tili fanini va umumta’lim fanlarini rus tilida o‘qitish sifatini oshirish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha tumanimiz ta’lim muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan 36 nafar o‘qituvchining bilim darajasi, rus tili faniga oid o‘quv-metodik ta’minot hamda masofadan ta’lim olish uchun mavjud sharoitlar o‘rganildi, rus tili fani o‘qitish metodikasini rivojlantirish uchun ta’sir etadigan omillar o‘rganildi. Yangi o‘quv yilida esa, rus tili fan o‘qituvchilarining kasbiy malakasini oshirish ishlari amalga oshiriladi.
English Speaking Nationning (AQSH) yozgi treninglar dasturi doirasida tumanimizdan 26 nafar ingliz tili o‘qituvchilari intensiv mashg‘ulotlarga qatnashdi. Yangi o‘quv yilidan boshlab tumanimizdagi barcha fan o‘qituvchilarining ingliz tili ko‘nikmalari hamda ularning pedagogik va psixologik bilimlarini takomillashtirish nazarda tutilgan.
Buning uchun esa, ayni paytda tumanimiz ta’lim tizimini rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan barcha islohotlarning markazida o‘quvchini ta’lim jarayonining subyekti — faol ishtirokchisiga aylantirish yotadi. Bunga faqat o‘quv-tarbiya jarayoniga texnologik yondashuv asosida erishiladi. Demak, barcha islohotlarimiz asosida insonlarning turmush farovonligini oshirish, kelajak avlodlarimiz baxti-kamolini ko‘rishdek ezgu orzu-istaklarimiz turibdi.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovi jarayonlariga tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Saylov uchastkalarining aksariyati umumta’lim maktablarida tashkil etilishi belgilangan. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu jarayonni ko‘tarinki ruhda tashkil etish va saylov obyektlarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lardan unumli foydalangan holda yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonlari yuqori sur’atlarda olib borilmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, hukumatimiz ushbu sohaga juda katta e’tibor qaratyapti, biz ta’lim xodimlari bu e’tibor va ishonchni oqlash uchun astoydil harakat qilishimiz lozim.
Bahriddin SOHIBOV,
Boysun tuman xalq ta’limi
bo‘limi mudiri