Yuqori sinflarda ham “o‘qitish” kerak
Yuqori sinflarda ham “o‘qitish” kerak
Standart qanchalar aniq, pishiq-puxta bo‘lsa, ta’lim sifatini belgilash shuncha oson bo‘ladi. Aniqlikda, qat’iylikda raqamlarga teng keladigani yo‘q. Rezinkadek cho‘ziladigan, egiluvchan, moslashuvchan standartlar bilan o‘zimizni o‘zimiz aldaymiz, xolos. Tekshiruvchining kayfiyatiga, munosabatiga qarab o‘z andozasiga solsa bo‘ladigan standartlardan mutlaqo voz kechish lozim. Masalan, ona tilidan o‘quvchining savodxonligini diktant orqali tekshiramiz. Baholash me’yori aniq. Nechta xato qilsa, qanday baho olishini o‘quvchining o‘zi ham, ota-onasi ham biladi. Tortishishga hojat yo‘q. 7 tadan ortiq imlo xatoga yo‘l qo‘ysa o‘quvchi “qoniqarsiz” baho olishini biladi. Endigi masala bu me’yorlarga qat’iy amal qilishda. Xatolarga ko‘z yumish, sun’iy ravishda bahoni oshirib qo‘yish, sho‘rodan qolgan “ikki”siz va ikki yilliksiz o‘qitish” kabi sarqitlardan hanuzgacha qutula olmayotganimiz achinarlidir. Milliy dastur qanchalar mukammal bo‘lmasin, unda belgilangan me’yorlarga amal qilmas ekanmiz, harakatlarimiz samarasiz bo‘lib qolaveradi. Kuzgi sinov, sinfda qoldirish kabi amaliyotlarimiz hech qanday istisnosiz ta’lim tizimiga qaytarilmas ekan, islohotdan natija kutish befoyda. Shunday taklifni hukumat oldiga qo‘yish va qat’iy qaror qabul qilish vaqti keldi.
O‘quvchilarning o‘qish tezligi(tempi)ni aniqlash uchun amaldagi Davlat ta’lim standartlarida boshlang‘ich 4-sinf bitiruvchilari uchungina me’yor belgilangan:
A1 (Adabiyot fanini o‘rganishning boshlang‘ich darajasi) bir daqiqada 50–55 so‘zni o‘qiy oladi;
A1+ (Adabiyot fanini o‘rganishning kuchaytirilgan boshlang‘ich darajasi) bir daqiqada 55–60 so‘zni o‘qiy oladi.
Yuqori sinflarda esa bunga mutlaqo e’tibor berilmagan.
Milliy o‘quv dasturining “Ona tili” va “Adabiyot” fani bo‘yicha loyihadagi kompetensiyalarni ko‘zdan kechirib ham ularga duch kelmadik. Avvalo, amaldagi Davlat ta’lim standartlari(2017 yil)da 4-sinf bitiruvchilari uchun belgilangan me’yorlar, ya’ni 1 daqiqada 50–60 so‘zni o‘qish masalasini durustroq o‘ylab ko‘raylik. Bolalarga og‘irlik qilyaptimi? Bolaning ko‘ngliga qarab bu me’yorlardan voz kechamizmi? Matnni tushunsa bo‘ldi, savollarga javob berolsa kifoya, desak ahvolimiz o‘nglanadimi?
Bundan 20–30 yil oldingi talablarga e’tibor beraylik: 5-sinf o‘quvchilari 1 daqiqada 100–110 so‘zni o‘qishi lozimligi belgilangan (“Umumta’lim maktablari dasturi. O‘zbek adabiyoti. V – XI sinflar uchun. Toshkent – “O‘qituvchi” nashriyoti – 1993-yil. 15-bet). 50-60 so‘zga nisbatan deyarli ikki barobar ko‘p. Bu talab bolalarga og‘irlik qilyapti, deb o‘sha paytda hech kim shikoyat qilmagan. Kechagi kunimizga, ayrimlardek, faqat “qora ko‘zoynak” orqali qaramasdan, yutuqlarimizni, muvaffaqiyatlarimizni ham ko‘ra olishimiz zarur. Islohotimiz erishganlarimizni yo‘qotishga emas, ushlab qolishga, mustahkamlashga, rivojlantirishga xizmat qilsin.
Oldinda bizni nima kutyapti? RAQAMLASHTIRISH!!! Shunday ekan, raqamlardan qochish emas, uni o‘rganish, o‘zlashtirish, boshqarish zarur. Endi o‘quvchilar o‘qish tezligini raqamlashtirish masalasiga kelsak. Ovoz chiqarib o‘qish bilan, ichida o‘qish, ya’ni ko‘z bilan o‘qish o‘rtasida farq bor. Ovoz chiqarib o‘qishni tezlashtirmasdan turib ko‘z bilan o‘qishni tezlashtirish mumkin emas. Axborot manbalarining ko‘pligi, ma’lumotlar oqimining tezlashuvi, jadallashuvi har bir kishidan, jumladan, o‘quvchilarimizdan ham tezkorlikni talab qiladi. Voqelikdan xabardor bo‘lish, xabarga munosabat bildirish o‘quvchida shaxsiyat shakllanishining omilidir. Shaxsiyati shakllanmagan bolani mustaqil hayotga tayyor deya olmaymiz. Voqelik ortidan yurish – qoloqlik, voqelik bilan baravar harakatlanish – oqsashlikdir. Voqelikdan o‘zib ketish, ya’ni bo‘lajak xavf-xatarlarga tayyor turish, hayotdagi turli mashaqqatlarni mardonavor yenga oluvchi irodali shaxslarni shakllantirish bugungi ta’limning bosh vazifasidir. Bunda esa axborotning asosiy manbasi bo‘lgan MATN bilan ishlash muhim ahamiyat kasb etadi. Berilgan matnni tez, ravon o‘qiydigan bola bilan hijjalab o‘qiydigan o‘quvchi baravar bo‘lolmaydi. Tez o‘qish tez tushunishni, tez tushunish tez qaror qabul qilishni ta’minlaydi. Boshqa fanlarni o‘zlashtirishda oqsaydigan aksar o‘quvchilarning o‘qish tempi (tezligi) past bo‘lishiga tajribada ko‘p duch kelganmiz. O‘quvchilar ko‘p kitob o‘qimasligining boisi ham ravon o‘qish ko‘nikmasiga ega emasliklaridir. Sinfdan tashqari o‘qish uchun tavsiya qilingan asarlarni o‘qimaydigan o‘quvchilarning ko‘pchiligi ham hijjalab o‘qiydiganlardan iborat ekanligi sir emas. Hijjalab o‘qishining sababi esa ko‘p kitob o‘qimasliklaridir. Hammasi bir-biriga bog‘liq. Avvalo, belgilangan me’yordagi matnni 1 daqiqada o‘qiy olmaydigan o‘quvchining holati (tibbiy, ruhiy-psixologik) qoniqarlimi? Jismonan sog‘lom, aqlida noqislik bo‘lmagan o‘quvchi uchun me’yordagi tezlikda o‘qiy olmaslikning birinchi sababi – erinchoqlik. O‘z ustida ishlamaslik, yoki muntazam ishlamaslik. Qadimda notiqlik maktabida o‘qish uchun o‘zidagi jismoniy noqislikdan (duduqlik, harflarni maxrajidan chiqarolmaslik v.b.) qutulgan, tinimsiz o‘z ustida ishlashi natijasida mohir notiq bo‘lib yetishgan kishilar haqidagi hikoyalarni keltirish bilan o‘quvchilarda iroda shakllantiriladi. O‘z oldiga maqsad qo‘yish, unga yetish uchun tartibli, muntazam harakat qilish yo‘l-yo‘riqlari ko‘rsatiladi.
Bugungi jadallashuv, tezlik asrida, vaqt-soniyalar oltindan qimmat bir davrda bizning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilarimiz mudrayotgan bir pallada, matematik bo‘lsa-da, adabiyotchilarga ham dars bera oladigan jonkuyar pedagog-bloger Isroil Tillaboyevning “Tez o‘qish” bo‘yicha olib borayotgan izlanishlari tahsinga sazovor. Aytish mumkinki, buni butun Respublikaga tatbiq qilish lozim. Uning shogirdlari bir daqiqada 1000 tadan ortiq so‘zni hech qiynalmay o‘qiyotirlarki, buni maktablarimizda qo‘llasak, ishontirib aytamanki, ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishimiz mumkin. Kitob o‘qishga qiziqadigan, kitobni sevadigan, kitobsiz hayotini tasavvur qilolmaydigan avlod shakllantirish bugun Davlatning ham, Millatning ham kundalik g‘ami, tashvishi bo‘lmog‘i kerak. Ko‘p kitob o‘qiydigan bolaning dunyoqarashi ham, fikrlashi ham, o‘zini tutishi ham, xulqi-odobi ham kitob o‘qimaydigan bolanikidan tubdan farq qilishi hammaga ayon. Shu o‘rinda maktablarimiz tez o‘qishning boshlang‘ich darajasida qolib ketishi sababiga to‘xtalmoqchiman.
Bola maktabga kelib, savod chiqarishning dastlabki pallasidagi holatini ko‘z oldimizga keltiraylik. U harflarni taniydi, bir-biriga urishtiradi, bo‘g‘inlab o‘qiydi, so‘ngra so‘zga o‘tadi. Tamom. Harflab o‘qish, bo‘g‘inlab o‘qish va so‘zga o‘tish bilan bu mashg‘ulotimiz maktabda o‘z nihoyasiga yetadi. Ichida o‘qish, ya’ni ko‘z bilan o‘qish mashqlarini olib bormasligimiz, buni nazorat qilmasligimiz oqibatida bolalarimiz shu holatda qolib ketmoqdalar. Harfga bir muddat tikilib qarash bilan so‘zga bir muddat tikilish o‘rtasida farq qolmagach, harflar o‘rniga so‘zlarni, bo‘g‘in o‘rniga jumlani, so‘z o‘rniga qatorni maqsad qilib o‘qisak, ko‘z bilan o‘qishimiz ham tezlashadi. Dastlab ko‘rsatkich barmog‘imizni qatordagi har bir so‘z ustidan tezgina yurgizib olamiz-da, keyingi bosqichda barmog‘imizni qatorning o‘rtasiga bir muddat qo‘yishimizning o‘zi kifoya qiladi. Bir muddat harfga qarash, bir muddat bo‘g‘inga qarash, bir muddat so‘zga qarash bilan bir muddat qatorga qarash o‘rtasida farq qolmaydi. Shu tartibda qatorlab o‘qishga o‘tamiz, ya’ni barmog‘imizni qatorning o‘rtasiga bir muddat qo‘yib turamiz-da, pastga
tushiraveramiz. Keyingi bosqichda esa xatboshi (abzas), so‘ngra butun sahifa-betni qamrab olishga qasd qilinadi. Ekstern (favqulodda) holatlarda varaqlab chiqish bilan kitob haqida muayyan fikrga ega bo‘lish mumkinligini ko‘pchilik inkor etmasa kerak. Dohiylarga xos bo‘lgan varaqlab o‘qishni eplay olmasak-da, talantning 99 foizi mehnat, deganlaridek, cho‘qqining yuksagi sari intilaveramiz. Zora, har bir o‘quvchimiz Isroil Tillaboyevning shogirdlaridek bir daqiqada 1000 tadan ortiq so‘zni o‘qiy olishga erishsalar, buni uddalasalar... Bunga erishish uchun shunday taklif kiritmoqchiman. 5–11-sinflar kesimida ham o‘quvchilarning ovoz chiqarib o‘qish tezligi me’yori belgilansin. Summativ baholashda bu e’tiborga olinsin. Mazkur standartni bajara olmagan o‘quvchi imtihonga qo‘yilmasin. Shundagina o‘quvchida ham, ota-ona va jamoatchilikda ham, eng muhimi, maktab pedagogik jamoasida ham Davlat ta’lim standartlariga nisbatan munosabatning ma’qul ko‘rinishi shakllanadi. Har bir o‘qituvchi (faqat ona tili va adabiyot o‘qituvchisigina emas) bunday o‘quvchilar bilan jiddiy, tizimli ishlashi natijasida ta’limdagi bu illatdan forig‘ bo‘lamiz. 10 yil davomida tez, ravon o‘qishni uddalay olmagan o‘quvchi bilan olib borilgan samarali tushuntirish ishlari natijasida 1 yilda o‘rtoqlariga yetib olgan, hatto ayrim sinfdoshlaridan o‘zib ham ketgan o‘quvchilar bo‘lganligini eslatib o‘taman. Faqat e’tiborsizlik, loqaydlikka chek qo‘yilsa bo‘ldi.
Bugun maktablarimizda hijjalab o‘qiydiganlarning ko‘payib ketishi, hatto, ularning maktabni bemalol bitirib chiqib ketayotganlarining asosiy sababi Davlat ta’lim standartlariga munosabatning yomonligidandir. Ayni paytda o‘quvchilar baholanishining “Kundalik.com” tizimiga o‘tilishi bilan bu muammoni bartaraf etishga harakat qilinayotir.
Shuningdek, amaldagi DTSda ham, muhokamadagi Milliy o‘quv dasturining “Ona tili” va “Adabiyot” fani loyihalarida ham o‘quvchilar so‘z boyligi me’yori belgilanmagan. Yod olish uchun asarlar miqdori amaldagi DTSda mavjud, lekin loyihada bular o‘z ifodasini topmagan. Darsdan tashqari mutolaa uchun ham ro‘yxat shakllantirilmagan. Bu kabi holatlar loyihada aniq raqamlarda o‘z ifodasini topmasa, ko‘zlayotgan natijalarimizga erishish gumon bo‘lib qolaveradi.
Qobuljon HAMROLIYEV,
pedagogika fanlari nomzodi