Zukkolik namoyishi
Zukkolik namoyishi
O‘qituvchi har bir dars mashg‘ulotini boshlashdan avval , albatta, o‘z oldiga bir necha maqsadlarni qo‘yadi. Hozirgi texnologik jarayonlar jadallashib borayotgan bir davrda o‘quvchi yoshlarda tirishqoqlik, topqirlik, dunyoqarashi keng, erkin fikr yuritish, faollik kabi sifatlarni rivojlantirish dolzarb masalaga aylanib bormoqda.
20 yillik pedagogik tajribamga tayanib shunga amin bo‘ldimki, mashg‘ulotlarda interfaol usullardan, o‘yinli texnologiyalardan foydalanish yoshlarni g‘olib bo‘lishiga intilish, motivatsiya hosil qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Shu omillarni hisobga olib, faoliyatimda o‘quvchilar orasida "Zakovat" intellektual o‘yinlarini muntazam ravishda tashkil qilib boraman. O‘yin davomida o‘quvchilarda o‘zaro hamkorlik, mustaqil fikrlash, zukkolik, ijodkorlik to‘liq namoyon bo‘ladi.
Bu esa o‘z vaqtida nafaqat bir fanga, balki boshqa fanlarga qiziqish, fanlararo bog‘liqlikni keltirib chiqaradi, o‘quvchi yoshlarda izlanuvchanlik, yangi bilimlarni egallash ishtiyoqini oshiradi.
Buyuk faylasuf Konfutsiy "Menga ayt va men unutaman. Menga bajarishga ber va men tushunaman" degan edilar. Kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimizni intiluvchan, izlanuvchan, to‘g‘ri maqsad qo‘yib unga erisha oladigan, keng fikrga ega, ijodkor, faol, ma’suliyatli etib tarbiyalash har bir pedagogning asosiy maqsadi bo‘lishi kerak deb o‘ylayman. Men ham kelajagimiz, ishonchimiz bo‘lgan yosh avlodni yetuk tarbiyalashda o‘z hissamni qo‘shayotganimdan judayam faxrlanaman.
Anora GOIPOVA,
302-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi