Kollejdan bo‘shatilgan pedagogning hayoti hech kimni tashvishlantirmaydimi?
Yaqinda internet nashrida bir xabarga ko‘zim tushdi. Unda yozilishicha, Ontario ta’lim vaziri hukumatga murojaat bilan chiqqan. Uning hisobotida aytilishicha, mamlakatda 300 nafarga yaqin oliy ta’lim, 20 nafar boshlang‘ich ta’lim va 40 nafardan ortiq maktabgacha ta’lim fani o‘qituvchilari turli sabablar bilan ishsiz qolmoqda ekan. Ko‘p o‘tmay, hukumat bosh vaziridan javob keladi: “Hech qaysi o‘qituvchi ishsiz qolmaydi. Takrorlayman, ishsiz qolmaydi!”. Shuningdek, bosh vazir o‘qituvchilarning ish tashlamasligi uchun davlat tomonidan 1,6 milliard dollar qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini ma’lum qilgan. Bu chora e’lon qilinishiga qaramay, ta’lim vaziri va boshqa mutasaddilar bir hafta ichida bir necha ta’lim boshqarmalarida bo‘lib, o‘qituvchilarning muammo va kamchiliklarini o‘rganib, hisobot ham berishgan...
Yurtimizda o‘qituvchilarning mavqeyi ancha oshdi: oyliklari sezilarli darajada o‘sdi, uy, mashina olishda imtiyozlar berildi... Ammo bu ta’lim tizimi ideal ko‘rinishga yetdi, degani emas. Prezidentimizning 2018-yil 25-yanvardagi “Umumiy, o‘rta, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan umumta’lim maktablarida 10-11-sinflar tashkil etildi. Shunga ko‘ra, kasb-hunar kollejlariga o‘quvchilar qabul qilish jarayoni to‘xtatildi. Oqibatda maxsus fan o‘qituvchilari, xususan, muhandis-pedagoglar ishsiz qolishdi. Umumta’lim fani o‘qituvchilari, tarixchi va filologlar amallab, maktablardan qo‘nim topmoqda. Biroq kollejdagi ishi orqasidan ro‘zg‘or tebratayotgan ayrim maxsus fan o‘qituvchilari maktablardan dars ololmay, hali ham sarson yuribdi. Endi ular uchun 2001-yil 4-oktabrdagi “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun kadrlar tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning hech qanday ahamiyati qolmagan.
Uch o‘quv yilida 102 ming shtat qisqartirilgan
— 2016-2017-o‘quv yilida kasb-hunar kollejlarida faoliyat yuritayotgan 29 ming nafardan ortiq, 2017-2018-o‘quv yilida 34 ming, 2018-2019-o‘quv yili yakuniga ko‘ra esa, 36 ming(prognoz) nafardan ortiq pedagog va ishchi xodimlarning shtatlari qisqargan, — dedi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i O‘ktam Xudoyberdiyev.
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, kasb-hunar tizimida faoliyat yuritgan pedagoglar soni 2016-yili 119 105 nafar bo‘lgan bo‘lsa, shundan 66 008 nafari umumta’lim fani, 36 629 nafari maxsus fan o‘qituvchisi, 16 468 nafari esa ishlab chiqarish ustasi bo‘lgan. 2018-yilga kelib bu ko‘rsatkich deyarli yarmiga kamaygan.
Ko‘rib turganingizdek, joriy o‘quv yilining birinchi oyi holatiga ko‘ra, uch yil oldin 36 629 nafar bo‘lgan maxsus fan o‘qituvchilarining prognoz ko‘rsatkichi atigi 14 000 nafarni ko‘rsatmoqda. Taxminan, yigirma mingdan ortiq pedagogning taqdiri qanday kechdi ekan?..
Sarson taqdirlar
Maqolani yozish jarayonida arzimagan oylikka kun ko‘rayotgan yoki munosib ish topolmay sarson yurgan kasb-hunar ta’limi tizimi pedagoglari bilan bog‘lanishga, ularning muammolari bilan qiziqishga harakat qildik. Ammo, afsuski, ko‘pchilik yurtdoshlarimiz biz bilan dardi, muammosini bo‘lishgisi kelmadi.
Suhbatdoshimiz Ahror Turobov (ismi shartli ravishda o‘zgartirildi — tahririyat) avvaliga bu mavzuda gaplashishni istamadi. Shaxsini oshkor etmasligimizni aytganimizdan so‘ng necha oylab ishsiz yurganini bayon etdi.
— Kogon tumanidagi kollejlardan birida dars berardim, shu orqali ro‘zg‘orimni tebratardim, — deydi A.Turobov. — Kollej batamom yopilgach, muhandis pedagog bo‘lganim uchun maktablardan dars ololmadim. U yerga bosh suqdim, bu yerga bosh suqdim, xullas, o‘z tumanimdan, qishlog‘imdan tuzuk ish topolmagach, Buxoro shahriga keldim. Hozir shahardagi avtomobil tuzatish ustaxonalaridan birida ishlayapman...
37 yoshli oila ta’minotchisi uchun necha yillik faoliyatidan bir zumda ayrilib qolish naqadar og‘irligini olaxurjun gardanida bo‘lganlar yaxshi tushunishsa kerak. Bizga dardini dasturxon qilishni istamagan yurtdoshimiz “Bu qiyinchiliklar o‘tkinchi, hali hammasi yaxshi bo‘lib ketadi”, deya bot-bot takrorlab, suhbatga nuqta qo‘ydi.
Kegeyli tumanidagi 39-maktab ma’muriyatidan, mana, uch yildirki, har o‘quv yili boshlanmasidan “kollejchi”larning qadami uzilmay qoladi. Hali shu hududning pedagoglarini ish bilan ta’minlay olmayotgan maktab direktori har yili kollejdan ishdan bo‘shatilgan uch-to‘rt pedagogni chorak stavkaga bo‘lsa-da, ishga olishga harakat qiladi. Bu yil ham Erkindaryo qishloq xo‘jaligi kasb-hunar kollejining sobiq 4 nafar o‘qituvchisi shu maktabda 4 soatdan ish bilan ta’minlangan. Bu pedagoglar orasida, albatta, erkak o‘qituvchilar ham bor. Endi o‘ylab ko‘raylik, haftasiga 4 soatgina dars bergan ustozning maoshi qancha bo‘ladi?!
— Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining falsafa fakultetini bitirganman, — deydi Dilshod Jalolov. — Shahrisabz tumanidagi Chorshanbi qishloq xo‘jaligi kollejida 13 yildan beri milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari fanidan dars berib kelardim. Ikki yil oldin kollejimizga o‘quvchi qabul qilish to‘xtatildi. Avvallari 57 dan ortiq guruh o‘qigan bo‘lsa, bu yilga kelib atigi 5 ta guruhda 250 nafar o‘quvchi o‘qiyapti, xolos. Bu esa o‘qituvchilar shtatida keskin qisqarishga sabab bo‘ldi.
D.Jalolovning aytishicha, iyun oyidan beri bir nechta maktabga ish so‘rab murojaat qilgan. Diplomi maktabga “o‘tmas”ligi vaj qilinib, hech bir maktabga ishga olinmagan. So‘ng pedagog mehnat birjasiga borgan. Birjadagilar bir martalik kompensatsiya to‘lab, keyin tuman xalq ta’limi bo‘limiga jo‘natishgan. Afsuski, XTB xodimlari ham “Faylasuflar maktabda milliy istiqlol g‘oyasidan dars berishi mumkin emas, shunday qaror bor”, deya yordam berolmagan. Pedagogning “Aslida aksariyat maktablarda bu fanni filologlar o‘tyapti-ku. Falsafachilar ko‘proq bu fanga yaqin emasmi?” degan savollari javobsiz qolgan. Ayni paytda D.Jalolov yopilish arafasida turgan kollejida 8 soatgina dars berib, soatbay 500 ming so‘m atrofida ish haqi olyapti. Aytishicha, ikki nafar farzandi bor, ayoli hech qayerda ishlamaydi. Mutasaddilar keyingi o‘quv yilidan ochilishi kutilayotgan texnikumlarga qancha o‘quvchi qabul qilinsa, shunga qarab dars soati ajratilishini, hali hammasi izga tushib ketishini aytgan.
Xonobodlik yana bir pedagog Baxtiyor Umarqulov esa nafaqaga chiqishiga 5 yil qolganida ish izlashga majbur. O‘zi avtomobil sohasi mutaxassisi. Necha yillab Xonobod transport kasb-hunar kollejida yoshlarga maxsus fandan dars berib kelgan. Shtatlar qisqartirilishi to‘g‘risida bir oy oldin rasman ogohlantirish olgan. Boshqa joylardan to‘liq stavkali ish izlagan: maktablar ish berolmagan, boshqa tashkilotlar esa nafaqa yoshiga yetib qolgani uchun murojaatini rad etgan. Hozir yarim stavkada 700-800 ming so‘m atrofida maosh olib faoliyat yuritmoqda. Boshqa hamkasblari qatori keyingi o‘quv yilida ochiladigan texnikumlardan umid qilmoqda.
Hamkorlik qilish belgilangan
— Prezidentimizning 2018-yil 3-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorining 13-bandida O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Kasb-hunar ta’lim markazi bilan birgalikda tugatiladigan va qayta tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlarining xodimlarini ishga joylashtirishda amaliy yordam berish vazifasi yuklatilgan, — deydi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bo‘lim boshlig‘i O‘ktam Xudoyberdiyev.
Shu fikrga asoslanib, Bandlik va mehnat vazirligi mutasaddilarga murojaat qildik. Vazirlik mutasaddilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-sentabrdagi “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonini bu muammoga yechim sifatida keltirib o‘tishdi. To‘g‘ri, bu farmonga binoan respublika bo‘yicha kasb-hunar maktabi, kollej va texnikumlar tashkil etiladi. Faoliyat turi aniq belgilangan ta’lim muassasalarining ta’lim dasturlari va yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda, 2020-yil sentabr oyidan yuqori malakaga ega, tajribali pedagog-o‘qituvchilar tanlov asosida professional ta’lim muassasalariga qabul qilinadi. Demak, ta’limning o‘rta maxsus bo‘g‘inida yana ilg‘or pedagoglar, maxsus fan o‘qituvchilariga ehtiyoj ortadi. Ammo ungacha ham salkam bir yil vaqt bor, qahraton qish eshik qoqib turibdi. Ungacha sarson yurgan pedagoglarning taqdiri bilan hech kim qiziqmasa, ularga moddiy va ma’naviy yordam bermasa, tizimning yetuk kadrlarini yangi faoliyatga jalb qilishda muammolar yuzaga kelmasmikan?!
Sohiba MULLAYEVA,
“Ma’rifat” muxbiri