Yaxshi mutaxassisga xaridor tayyor
Sir emas, bugun kasb-hunar kollejlarini tugatib, mehnat jamoalariga kirib kelayotgan yoshlarning hammasidan ham ko‘ngil to‘layotgani yo‘q. Ulardan ayrimlarining bilimi sayoz, ilmi borlari ham amaliyotda qo‘llashga no‘noq.
Bu muammoning sababi sifatida ta’lim oluvchi-kollej-ishlab chiqarish bog‘liqligining to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani ko‘rsatiladi. Kasb-hunar ta’limi muassasalarida malakali mutaxassislar tayyorlashda ishlab chiqarish ta’limining o‘rni alohida. Uning asosiy vazifasi — o‘quvchilarni muayyan kasb bo‘yicha faoliyat ko‘rsatishga tayyorlash, bilimlarni amaliyotga tatbiq etishga o‘rgatish, zarur kasbiy ko‘nikma va malakani shakllantirishdan iborat.
Kasb-hunar ta’limida ishlab chiqarish ta’limini tashkil etish va o‘qitish bilan bog‘liq muammolar sohada ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali yechiladi. Ijtimoiy hamkorlikni samarali yo‘lga qo‘yish Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Mehnat va bandlik munosabatlari vazirliklari va ularning joylardagi boshqaruv organlari, bandlik masalalari bo‘yicha xizmatlar, ish beruvchilar, hokimlik, kasaba uyushmalari, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlaridan hamjihatlikda ishlashni talab etadi.
Ijtimoiy hamkorlar ikki toifaga — mehnat bozori va ta’lim xizmatlari bozori vakillariga bo‘linadi. Ijtimoiy hamkorlikda tomonlar o‘z manfaati, ya’ni kasb-hunar kolleji yaxshi mutaxassis tayyorlab, bitiruvchilarining ishga joylashishi, ish beruvchi esa bo‘lg‘usi xodimining o‘zini ko‘rsatib, jamoaga kirishib ketishi nuqtayi nazaridan yondashadi. ushbu jarayonda kollejning ijtimoiy hamkorligi samarasi eng avvalo, bilimli mutaxassis tayyorlash darajasi bilan belgilanadi.
Hozirgi sharoitda kasb-hunar kollejining hamkorligi samarasi bitiruvchisining mehnat bozorida o‘z o‘rnini egallaganiga qarab baholanadi. Ijtimoiy hamkorlik faol yo‘lga qo‘yilib, ta’lim oluvchi-kollej-ishlab chiqarish bog‘liqligi mustahkamlanganda esa bitiruvchining mehnat bozorida o‘z o‘rnini topishi oldindan kafolatlanadi.
Iroda ELMIRZAYEVA, Toshkent gidrometeorologiya kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi