“Eng yaxshi innovatsion fikrlash – 2019” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi
Poytaxtimizdagi Xalqaro biznes markazida Britaniya Kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi qoshidagi Kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan tashkil etilgan “Eng yaxshi innovatsion fikrlash — 2019” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi o‘tkazildi.
Mazkur tanlov kasb-hunar kolleji o‘quvchilarining innovatsion fikrlash, turli masalalarni hal etishda ijodiy yondashuv va tadbirkorlik kabi ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan. Tanlov jarayonida ishtirokchilar jamoada ishlash, yetakchilik hamda tadbirkorlik salohiyatini namoyish etib, o‘z biznes g‘oyalarini taqdim etdi.
Tanlovning yakuniy bosqichida hududlardan saralangan 14 jamoa o‘zaro bellashdi. Jamoalarni turli vazirlik vakillari, hamkor tashkilot xodimlari va tadbirkorlardan iborat hakamlar hay’ati baholab bordi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, Farg‘ona soliq kolleji jamoasi 1-, Jizzax iqtisodiyot va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji jamoasi 2- hamda Yangiobod sanoat va ishlab chiqarish kasb-hunar kolleji jamoasi (Xorazm) 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ishtirokchilar tanlov davomida o‘z innovatsion g‘oyalarini keng ommaga taqdim etish maqsadida videoroliklar tayyorlashdi. Videoroliklar internet tarmog‘iga joylashtirilib, ovozga qo‘yildi. Eng yaxshi deb topilgan roliklar saralanib, maxsus sovg‘alar bilan taqdirlandi.
G‘olib va sovrindorlar maxsus diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
H.MO‘MINOV