Kasb-hunar ta’limida Turkiya tajribasi o‘rganilmoqda
Kasb-hunar ta’limi tizimini innovatsion rivojlantirish, pedagog kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash institutida o‘tkazilgan “Kasb-hunar ta’limida innovatsion yondashuv” mavzusidagi ikki kunlik seminarda Turkiya tajribasi o‘rganildi. Seminarda Turkiya Milliy ta’lim vazirining maslahatchisi Mustafa Xilmi Cholak o‘g‘li ishtirok etib, Toshkent shahridagi kasb-hunar kollejlari direktorlari, hududiy boshqarmalarning kasb-hunar kollejlariga metodik ko‘maklashish bo‘yicha maslahatchi-metodistlari, Innovatsion rivojlantirish vazirligi vakillari va institut xodimlariga Turkiyada kasb-hunar ta’limi shakli, mazmuni va sifati bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha ma’lumot berdi.
— Hozir Turkiyada uch yarim mingdan ortiq kasb-hunar kollejlari bo‘lib, ular o‘z faoliyatini mehnat bozori asosida belgilaydi, — dedi janob Mustafa Xilmi Cholak o‘g‘li. — Kollejlardagi ta’lim yo‘nalishlari hududlardagi ish beruvchilarning kadrlarga ehtiyoji bo‘yicha bergan ma’lumotlar asosida tashkil etiladi. Guruhlarda ta’lim oluvchilarning soni 10—20 nafar etib belgilangan. Agar o‘quvchilar 25 nafardan ortsa, imkoniyatdan kelib chiqib, ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. O‘quvchilarning yashash manzili ta’lim muassasasidan 30 km .gacha uzoqlikda bo‘lsa, yo‘l harajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Undan uzoq bo‘lsa, o‘quvchilar yotoqxonaga joylashtiriladi. Yosh mutaxassis o‘qishni tamomlagandan so‘ng xususiy korxonaga ishga joylashsa, unga davlat ikki yilgacha qo‘shimcha oylik to‘laydi.
Seminar ishtirokchilari kasbiy standartlarni ishlab chiqish metodikasi, ta’lim muassasasi va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlik, ta’lim tizimida davlat-xususiy sherikchilik shakllari, Turkiyada milliy malaka tizimi, ta’lim muassasalarining o‘quv-uslubiy, metodik ta’minot tizimi, kollej direktorlari va pedagog kadrlar malakasini oshirish kabi masalalar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.
Abror UMARQULOV