Farg‘onadagi kollejlarda “Kelajak auditoriyalari” tashkil qilindi
Farg‘ona viloyati tuman va shaharlaridagi bittadan kasb-hunar kollejida o‘quv jarayoniga innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish borasida “Kelajak auditoriyalari” tashkil qilindi. Bu haqda uza.uz xabar berdi.
Ayni paytda Farg‘ona aloqa kasb-hunar kolleji, Farg‘ona transport kasb-hunar kolleji, Marg‘ilon pedagogika kolleji va Oltiariq maishiy xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kollejida ana shunday innovatsion ta’lim markazlari xonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
— Ilgari kollej faqat diplom beradi, deb tanqid qilinardi, — deydi Farg‘ona viloyati kasb-hunar ta’lim hududiy boshqarmasi boshlig‘i Qodirjon Eshonov. — Tan olish kerak, avvallari o‘quv jarayoni faqat sinfxonada nazariy tushuntirish bilan olib borilardi. Endi esa o‘quvchi o‘z sohasi bo‘yicha bevosita jarayonning o‘zida ishtirok etib, ko‘nikma hosil qilish prinsipi yetakchilik qilmoqda. Ta’lim texnologiyalarining yangicha formatdagi avlodini jarayonga tatbiq qilish masalasi ham ko‘rilmoqda.