Bo‘lajak o‘qituvchilar maktabi
Guliston davlat universiteti “Pedagogika va psixologiya” kafedrasi professor-o‘qituvchilari bilan hamkorlikda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh tashabbus bo‘yicha kollejimizda muayyan ishlarni ishlarni amalga oshirishga kirishdik.
Kollej faoliyati, asosan, maktabgacha ta’lim yo‘nalishida kadrlar tayyorlashga qaratilgani bois o‘quvchi-qizlarga ko‘proq musiqa, rassomlik, tasviriy san’at, adabiyot, sport, kompyuter texnologiyalaridan ta’lim beryapmiz. “Yosh ijodkorlar” to‘garagi orqali iqtidorli kitobxonlarni saralash, qizlar o‘rtasida she’riyatga, hikoya, esse va badialar yozishga qobiliyatlilarga yaqindan amaliy yordam bera boshladik.
O‘qituvchi-murabbiy o‘z sohasining bilimdoni, ilmiy va o‘quv-metodik jihatdan hamisha izlanishda bo‘lishi lozim. Shunga muvofiq, kollej o‘qituvchilari oila muammolari, qizlar tarbiyasi va maktabgacha ta’lim-tarbiyani takomillashtirishga qaratilgan uch yo‘nalishda ilmiy izlanishlar olib borishmoqda. Xususan, yaqinda pedagogika fanlari nomzodi, dotsent H.Abdukarimov rahbarligida o‘tkazilgan “Zamonaviy oila modeli” va “Zamonaviy mahalla modeli” loyihalari “Oila” yo‘nalishi bo‘yicha qilinayotgan ishlarga misoldir.
Qizlar tarbiyasi, ularning ruhiy-jismoniy salomatligi masalasi bugungi kunning dolzarb masalalaridandir. Qizlarimiz bo‘lajak mutaxassis va oila bekasi, ona ekanligini nazarda tutgan holda, “Alla” ko‘rik-tanlovini o‘tkazishga kirishdik. Uning loyihasi ko‘rib chiqildi va tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi.
Uchinchi yo‘nalish bo‘yicha esa pedagoglar o‘zlarining tadqiqot mavzulari doirasida ilmiy maqolalar tayyorlash, chop ettirish va kichik eksperimentlar o‘tkazib, ta’lim samaradorligini oshirishga qaratilgan tavsiyalarni ishlab chiqishga kirishganlar.
Ayni paytda qizlarning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashlariga yordam berish barobarida, oila, nikoh mavzularida ham tushunchalar berib borishimiz lozim. Shu sababli, pedagogika va psixologiya fanlarini o‘rgatish chog‘ida namunali oila vakillari, nuroniylar, hoji ota, hoji onalar va imom xatiblar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, o‘qituvchilarning ochiq darslariga ko‘pni ko‘rgan, tajribali mahalla faollarini taklif etishga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Xalqimizda “Bir bolaga yetti qo‘shni ham ota, ham ona”, degan naql bor. Shu ma’noda qizlarga yurish-turish, kiyinish, ayniqsa, salomlashish odobi qanday bo‘lishi, shahar ko‘chalari, bozor-o‘char va transportda o‘zlarini qanday tutishlari haqida shunchaki ta’kidlash, ogoh etish tartibida emas, balki tarbiyaviy soatlarda keksa onaxonlar, quda-andalik tajribasiga ega bo‘lgan insonlarni ham taklif etish ko‘proq samara beradi, nazarimda. Pedagog-olim Muhammadjon Quronov o‘zining “Bolam baxtli bo‘lsin, desangiz...” kitobida bola tarbiyasida, ayniqsa, qiz bola tarbiyasida ota-ona ibrat bo‘lishini, eng muhimi yaxshi xulq, “odobni yuz marta gapirgandan bir marta ko‘rsatganimiz ma’qul”, deb ta’kidlaydi. Bu fikr biz ustozlarga ham tegishli deb o‘ylayman. Darhaqiqat, tarbiya ilmida ko‘p gapirish emas, ta’sirli va hayotiy xalq maqollari, rivoyatlar, o‘gitlardan foydalanib, amalda ko‘rsatib bergan ma’qul.
Rahmatilla SULAYMONOV, Sirdaryo pedagogika kolleji direktori