2000 dollar evaziga kollejga kiritmoqchi bo‘lgan firibgar ushlandi
Qonimizga singib ketgan bir tushuncha haliyam odamlarning chuv tushishiga sabab bo‘lmoqda. Avvallari oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda poraxo‘rlik avj olgan, kimdir kimgadir vositachilik qilib, kimnidir o‘qishga kiritib qo‘yardi. Ammo oliy ta’lim tizimidagi islohotlar natijasida, bu kabi noqonuniy ishlar barham topdi, deb ayta olamiz.
Ammo xalqimiz orasida haliyam firibgarlarga chuv tushadigan, aldanadigan odamlar uchrab turishi g‘alati.
G. N. ham bolalikdagi orzusi — huquqiy yo‘nalishda ta’lim olish uchun Farg‘ona yuridik kollejiga o‘qishga kirmoqchi bo‘ldi. Ammo u firibgarning tuzog‘iga tushib qoldi.
Voqea shunday bo‘lgandi. Abdulaziz Nazarov Farg‘ona yuridik kollejining ikkinchi mutaxassislik bo‘yicha o‘quvchisi. U G.N.ga mazkur kollejning “ijrochi yurist” yo‘nalishiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da beradi. Va hozirgi kunda kollejga o‘qishga kirish narxi 2000 AQSh dollari bo‘layotganini aytadi. Ular Qo‘qon musiqali drama teatri oldida uchrashishadi. Abdulaziz avvaldan kelishib qo‘ygan bir o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilib, go‘yoki G.N.ning o‘qishga kirishini naqd qilib qo‘yadi.
Ammo G. 2000 AQSh dollari topa olmaydi. U Farg‘ona viloyati iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Buvayda tuman bo‘limiga murojaat qiladi. Maxsus ishlov berilgan pulni Qo‘qon musiqali drama teatri oldida olgan Abdulazizni departament xodimlari qo‘lga oladi.
Sudlanuvchi Abdulazizxon Nazarov O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi va 28-, 211-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topildi. Unga O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 1-qismi bilan ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
O‘zbekiston Respublikasi JKning 28-, 211-moddasi 1-qismi bilan uch yil muddatga sutkaning soat 21:00 dan soat 06:00 gacha bo‘lgan vaqtida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.
Ahadjon ISROILOV, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurash departamenti Buvayda tuman bo‘limi mutaxassisi